Breaking News

"O'rta koridor": Kaspiy dengizi orqali yangi savdo yo'llari


Kaspiy dengizining Boku sohili, Ozarbayjon
Kaspiy dengizining Boku sohili, Ozarbayjon

Kaspiy dengizi Rossiya, Qozog'iston, Turkmaniston, Eron, Ozarbayjon bilan o'ralgan. Gruziya, Armaniston, Turkiya va O'zbekiston ham unga yaqinligi tufayli Kaspiy hududiga kiradi. "O'rta koridor" deya targ'ib qilinayotgan yangi savdo yo'llari, Jahon bankiga ko'ra iqtisodiy yo'laklar, hozirda qizg'in muhokamada. Kaspiy dengizi orqali tranzit va tijorat ko'lamini o'rganib chiqqan mutaxassislar deydiki, hozirgi say-harakatlar 2030-yilgacha salmoqli mevalar berishi kerak.

Trans-Kaspiy transport koridori degan tushuncha kamida 30 yildan beri mavjud. Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri federatsiya hududini chetlab o'tgan holda savdo qilishga urinar ekan, atrofdagi davlatlar hamda Yevropa va Osiyodagi hamkorlar Kaspiy dengizi uzra potensialga sarmoya qilishga qaror qilgan.

Biroq AQSh poytaxtidagi Markaziy Osiyo-Kavkaz institutida kechgan forumda qayd etilishicha, bu bayonotlar hozircha asosan qog'ozda. Ayni damda dengiz osha tranzit oz.

Qozog'istondan Trans-Kaspiy xalqaro yo'nalishi degan xalqaro uyushma rahbari Gaydar Abdikerimov tushuntirishicha, tashkilot tobora kengaymoqda, ya'ni unga boshqa davlatlarning temir yo'llari va portlari ham kirib, yangi tizimlar paydo bo'lmoqda.

"Singapur, Litva va Bolgariya ham hozir uyushmamizning bir qismi. 11 davlat va 25 transport va logistika kompaniyalari bilan birlashganmiz", - deydi Abdikerimov.

Bu yilning o'zida bu yo'nalishda 2 million 2 ming 256 tonna yuk tashilgan. 16 ming 700 konteyner.

Abdikerimovning aytishicha, yonilg'i mahsulotlari - tranzitdagi asosiy tovarlar. Xitoydan Yevropa tomon yuk kamaygan. Yevropa davlatlari va Turkiyadan Markaziy Osiyoga konteynerlar misli ko'rilmagan darajada ko'p, deydi rasmiy.

"Oldinlari 38 kun ketgan tranzit hozir 19 kun oladi, jumladan Xitoydan Yevropagacha".

Jarayon raqamlashtirilgan, ilg'or texnologiyaga asoslangan doimiy aloqa va dispetcher xizmatlari yo'lga qo'yilgan.

Yangi savdo yo'lagi deganda faqat tranzit nazarda tutilmaydi, deydi Jahon banki eksperti Charlz Kunaka. U va hamkasblari Trans-Kaspiy yo'nalishlarini o'rganib chiqib, hukumatlar uchun tahlilnoma tayyorlagan.

"Iqtisodiy koridor - bu tranzit yo'llari atrofida shakllanadigan tadbirkorlik va tijorat, ular olib keladigan imkoniyatlar yig'indisi. Har bir mamlakat uchun iqtisodiy foyda",- deydi Kunaka.

Portlargacha yuk mashinalarda va temir yo'llari orqali tashiladi. Dengiz tranziti quruqlikdagi infrastrukturani rivojlanishiga turtki bermoqda. Qozog'istonda, deydi Abdikerimov, inshootlar zamonaviylashgan. Qo'shni davlatlar, jumladan O'zbekiston bilan chegaradan o'tish jadallashgan va osonlashgan. Ozarbayjon va Gruziya bilan iqtisodiy rishtalar faollashgan.

Kaspiy dengizi Rossiya, Qozog'iston, Turkmaniston, Eron, Ozarbayjon bilan o'ralgan
Kaspiy dengizi Rossiya, Qozog'iston, Turkmaniston, Eron, Ozarbayjon bilan o'ralgan

Abdikerimov Qora dengiz portlari bilan ishlash qiyinligini aytiadi. Gruziya portlari sekin, Qozog'istonga kelayotgan yuk uzoq qolib ketadi, deya noliydi Trans-Kaspiy xalqaro yo'nalishi rahbari.

"Xitoy bilan chegarada ham harakat sust. Bu muammolarni hal etish uchun sarmoya qilish kerak. Tezlik, xizmat sifati, xavfsizlik - bularni ushlab turish oson emas".

Jahon bankidan Kunaka ta'riflashicha, O'rta koridor bir necha transport turlarini o'z ichiga oladi: quvurlar, temir yo'l, magistrallar va dengiz yo'nalishlari.

Ukrainada urush boshlanganidan beri, ya'ni 2022-yildan buyon Trans-Kaspiy tranzitga talab oshgan.

O'rta koridorda minerallar tashish kengayar ekan, uning Yevropa va Osiyo uchun ahamiyati yanayam ortadi, deydi Jahon banki eksperti.

"Koordinatsiyani yaxshilash hukumatlar, xususiy sektor, moliyaviy institutlar, xalqaro tashkilotlardan birdek hissa talab qiladi", - deydi Kunaka.

Ishni boshqalar qilaversin, biz keyin huzurini ko'ramiz degan yondashuv yaramaydi. Ekspert deydiki, Yevropa Ittifoqi, Katta Yettilik va siyosiy bloklar ham Trans-Kaspiy potensialini past baholamasligi lozim.

Jahon banki hozirgacha Ozarbayjon, Gruziya va Qozog'istonning Kaspiy dengizidagi tijoriy faoliyatini o'rgangan. Turkiyani ham chuqur tahlil qilish kerak, qolaversa atrofdagi boshqa davlatlarni, deydi tadqiqotchi.

Bank hisobotiga ko'ra, Osiyo va Yevropa orasida biznes qilayotganlar O'rta koridorga hozircha doimiy tranzit yo'li sifatida qaramaydi. U - muqobil yo'nalish.

"Logistikani takomillashtirish, tranzit xizmatlarini tezlashtirish va yengillashtirish talabni oshiradi", - deydi Kunaka.

Aktau porti, Qozog'iston: Kaspiy dengizi bo'yidagi yirik inshootlardan biri
Aktau porti, Qozog'iston: Kaspiy dengizi bo'yidagi yirik inshootlardan biri

Transport tizimlari orasidagi sustkashlik jiddiy muammo, deydi u. Masalan, mijozlar tranzitdagi yuki aynan qayerda ketayotgani, temir yo'ldan tushib, dengizga o'tgani haqida vaqtida bila olmay sarson.

Gruzin ekspert, Markaziy Osiyo-Kavkaz institutida tadqiqotchi Mamuka Tsereteli kuzatishicha ham aynan shunday muammolar sabab G'arb va Osiyo orasidagi yuk aksariyat hollarda hali ham okeanlar osha yuboriladi, mintaqa orqali emas.

Savdo yo'llaridagi to'lov va sug'urta tizimlarini ham isloh qilish zarur. Infrastruktura astalik bilan raqamli texnologiyaga o'tar ekan, progress bo'lishi aniq, ammo sistema uzluksiz, to'g'ri, oshkora va mas'uliyatli ishlashi zarur.

Trans-Kaspiy yo'nalishlari hozirgidan uch katta yuk tashish potensialiga ega, deyiladi Jahon banki tahlilnomasida, agar rivojlansa. Aks holda Osiyo va Yevropa orasidagi savdoning kichik bir qismi kuzatiladigan hudud bo'lib qolaveradi.

Amerikalik olima Brenda Shaffer nazarida esa siyosiy e'tibor oshgani iqtisodiy harakatlarga turtki berishi aniq.

"Turkiya, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari hozirda ancha yaqinlashgan, jumladan Qozog'iston va O'zbekiston. Yaqingacha Markaziy Osiyo asosan Rossiya bilan har tomonlama sherik edi".

Afg'onistondan tahdid so'nmagan bir paytda Ukraina-Rossiya mojarosi avj oldi. Ozarbayjon-Armaniston ixtilofi yangilandi. Bularning hammasi davlatlarni yangi savdo yo'llari haqida o'ylashga, muqobil variantlar qidirishga majburladi, deydi Shaffer.

"Turkiyaning Ozarbayjonni quvvatlagani unga nisbatan ishonchni ko'tardi. Anqara xavfsizlik bobida konkret yordam bera oladi degan xulosaga yetakladi", - deydi tadqiqotchi.

Avaza, Turkmaniston: Kaspiy dengizi bo'yida rezort
Avaza, Turkmaniston: Kaspiy dengizi bo'yida rezort

Qora dengiz portlari xavfsizligi qil ustida, degan xavotir Kaspiy dengizi orqali neft tashishni kengaytirdi. Qozog'iston qora oltini G'arbga tezlikda ketayotganini ko'rgan Turkmaniston o'z gazini ham shunday sotishni istab, harakatlar boshlagan. Rossiya Xitoyga gaz uzatar ekan, Ashgabat Pekinga tayansa bo'ladigan uzoq muddatli sherik deb qaramayapti, deydi Shaffer.

Ekspert deydiki, AQSh bu jarayonlarga aralashmoqchi emas. Bayden ma'muriyati elchixonalari va tegishli idoralariga neft, gaz va ko'mir sanoati bilan bog'liq masalalardan uzoqda yurishni buyurgan, deya tahlil qiladi Shaffer. Katta Yettilik o'zi bu sohalardan chetlasha boshlagan, chunki e'tibor muqobil energetikada, deydi u.

Amerika rasmiylari bunday talqinlarni inkor etadi. Bayden ma'muriyati undan oldingi ma'muriyatlar singari barcha sohalarda dunyo bilan muloqotda va o'zini o'zaro manfaatdor biror yo'nalishdan olib qochmaydi, deydi diplomatlar.

Qozog'iston neft eksporti dunyo qora oltin savdosining 2 foizini tashkil etadi. Respublikadan jahon bozoriga chiqayotgan mahsulot biror mojaro sabab kamroq yoki ko'proq chiqishi keng ko'lamli ta'sirga ega emas. Ammo, deydi Shaffer, Kaspiy dengizi orqali, ya'ni Rossiyani chetlab o'tgan holda ko'proq sotilayotgani siyosiy-iqtisodiy progress sanaladi.

Tsereteli tahlilicha, Ukrainadagi urush bois Qora dengiz osha savdo sustlashar ekan, Amerika hukumati Kaspiy dengizidagi imkoniyatlarga jiddiy qaraydi.

Vashington Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari orasidagi aloqalar mustahkamlanishini xohlaydi. Buni davlat arboblari ta'kidlab keladi.

Tsereteli yana bir omilni qayd etadi: Markaziy Osiyo va Kavkaz bir-biri uchun katta bozorlar, qolaversa qo'shnilar o'zaro savdodan manfaatdor. Tranzit xizmatlari taraqqiy etishi, jahon bozoriga yuk tashish kengayishi har bir mamlakat uchun ulkan daromad keltiradi.

Shaffer va Tsereteli birdek qayd etishicha, O'zbekistonda energiyaga talab oshib borayotgani - mintaqadagi birlamchi iqtisodiy faktorlardan biri. Toshkentning neft va gazga boy ikki qo'shnisi bilan aloqalar qay yo'sinda ketishi muhim ahamiyatga ega, deydi ular.

Tsereteli deydiki, Trans-Kaspiy savdo yo'llari Xitoy uchun yaqin kelajakda eng muhim yo'nalishlardan biriga aylanmaydi. Ularni qanday rivojlantirish kerak deya bosh qotirgan mutaxassislar atrofdagi davlatlari manfaatlaridan va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda strategiya tuzishi kerak. Yordamlashmoqchi bo'layotgan Jahon banki, deydi olim, pragmatik tavsiyalar berishi lozim.

"Hozir bu yo'llardan 11-12 million tonna tovar olib o'tilayotgani, keng miqyosda qiyoslaganda, katta miqdor emas", - deydi Tsereteli.

Qozog'istonda xalqaro uyushma rahbari Abdikerimov esa barcha muammo va qiyinchiliklarga qaramay hozirda Kaspiy dengizi orqali tranzit oshganiga urg'u beradi.

"Bu qo'shni Rossiyaga umuman yoqmaydi. Biz u bilan ishlamayapmiz va yangi hamkorlarga tayanayapmiz", - deydi Abdikerimov.

"Biz Trans-Kaspiy xalqaro savdo yo'nalishlari ishonchli va xavfsiz tizimlari bo'lishi uchun harakat qilayapmiz, toki bu bizning mustaqilligimizni yanada mustahkamlasin. O'zbekiston kompaniyalari bilan yaqin hamkorlarmiz, masalan, chunki tijoriy imkoniyatlardan manfaatdormiz".

Abdikerimov deydiki, 10 yil oldin xalqaro uyushma tashkil topganida maqsad Rossiyani chetlashtirish bo'lmagan. Rejada Turkiya, Janubiy Yevropa va Shimoliy Afrikaga yuk yetkazish bo'lgan.

"Ular esa Rossiya emas, aynan biz bilan ishlashni ma'qul ko'rishdi", - deydi Abdikerimov.

Tsereteli ta'kidlashicha, Markaziy Osiyoning o'ziga ishonchi oshgan. Mintaqa Kaspiy dengiziga boshqacha ko'z bilan qarab, tabiiy imkoniyatlarini yangicha tarzda ishga solmoqda. Kelasi yillarda manzara qanchalik o'zgarishi qiziq, deydi u.

Kaspiy dengizida yuk kemalari ko'payadimi? Portlarda sharoit va xizmat yaxshilanadimi? Dengiz bo'yi va atrofidagi davlatlar temir yo'l va boshqa transport tizimlari orqali yaxshiroq bog'lanadimi?

Baho siyosiy-iqtisodiy uyg'unlik darajasiga qarab beriladi, deydi olim.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG