Breaking News

Kavkazda yana bir mojaro boshlanishi mumkinmi?


Turkiya va Ozarbayjon Yerevandan Ozarbayjon eksklavi bo’lgan Naxichevanga Armaniston hududi orqali koridor ochishni talab qilarkan, dunyoda yangi mojaro ehtimoli xavotir uyg’otmoqda.

Xalqaro hayot - 26-oktabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:46 0:00

Shu hafta Turkiya va Ozarbayjon qurolli kuchlari Ozarbayjonda hamda Turkiya, Eron va Armaniston chegarasida joylashgan Naxichevanda uch kunlik harbiy mashg’ulotlar o’tkazdi.

Ozarbayjonning asosiy hududidan Naxichevangacha Armaniston orqali 40 kilometr. Turkiya va Ozarbayjon Zangezo’r koridori deb atovchi yo’l ittifoqchi davlatlar uchun katta ahamiyat kasb etadi.

"Armaniston bir qarorga kelishi kerak. Yer evaziga tinchlik yoki tinchlik evaziga yer”, - deydi Anqaradagi Tashqi siyosat instituti prezidenti Husayn Bog’chi.

Zangezo’r koridori tashkil etilsa, Turkiya Ozarbayjonning asosiy hududi, Markaziy Osiyo va Kaspiy dengiziga bog’lanib, mahsulotlarini quruqlik orqali Markaziy Osiyoga eltish imkoniga ega bo’ladi.

O’tgan oy Ozarbayjon Tog’li Qorabog’ni o’z nazoratiga qaytarishi ketidan endi Zangezo’r koridorini ham tashkil etmoqchi. Qorabog’dan qochgan 120 ming armanni joylashtirish bilan ovora Yerevan hududidan voz kechishga tayyor emas.

"Bu qizil chiziqlar ichida eng qizili. Buni hech qachon qabul qilmaymiz. Bizdan barcha yo’llarni ochishni so’rashyapti va bu yo’llarni ular nazorat qilishini aytishyapti”, - deydi siyosiy maslahatchi Erik Akopyan.

Rossiya transport koridorini tashkil etish g’oyasini qo’llab-quvvatlarkan, uning xavfsizligini rus askarlariga topshirishni so’rayapti.

So’nggi paytlarda G’arb davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga intilayotgan Armaniston Rossiya ta’sir doirasidan chiqishga urinyapti.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan AQSning “Wall Street Journal” gazetasida chorshanba kuni chop etilgan intervyusida mamlakatda joylashgan rus harbiy bazasiga ehtiyoj qolmaganini aytadi. Yerevandan 120 kilometr narida joylashgan Gyumri shahridagi harbiy-havo bazasida 3000 ga yaqin rus askari bor.

Kreml bu masalada Pashinyandan aniqroq izoh olishga umid qilmoqda.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiya Zangezo’r koridoridan xalqaro sanksiyalarni aylanib o’tishda foydalanmoqchi.

"Rossiya butun boshli logistika tarmog’ini qaytadan tiklamoqda. Ushbu koridor shimoldan janubgacha bo’lgan yangi tarmoqning muhim qismidir”, - deydi Parij Xalqaro aloqalar maktabidan Tatyana Mitrova.

Armaniston bilan chegaradosh va yaqin aloqada bo’lgan, Ozarbayjonni esa raqib deb ko’ruvchi Eron loyihaga qarshi. O’tgan yili Eron armiyasi Ozarbayjon bilan chegarada harbiy mashqlar o’tkazgan.

Tahlilchilarning aytishicha, taklif etilayotgan koridor Eronga sanksiyalarni chetlab o’tishga imkon beruvchi yo’llarning yopilishiga olib kelishi mumkin.

"Agar Ozarbayjon ushbu masalada niyatiga erishsa, koridor butunlay uning nazoratida bo’ladi, Armaniston uni nazorat qila olmaydi. Ya’ni Armanistonni Eronga ulovchi yo’l to’siladi. Eron va Armaniston o’rtasida chegaradan har xil narsalar o’tganini va ularning Eron uchun muhim ekanini bilamiz”, - deydi Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlikni o’rganish institutidan Galliya Lindenshtraus.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG