Ozarbayjon Tog’li Qorabog’ni o’z nazoratiga qaytarishi ketidan Turkiya Armaniston bilan 1993-yildan beri yopiq chegarani yaqin orada ochishi mumkin.
Chegaraning yopiqligi Armaniston iqtisodiyotiga zarar bo’ldi, Yerevanni Rossiyaga tobe bo’lishga majburladi.
“Turkiya Armaniston iqtisodiy taraqqiyotida juda konstruktiv rol o’ynashi mumkin. Armanlar qashshoqlik va farovonlikdan birini tanlashi mumkin. To’qnashuv davom etgan sari qashshoqlik ham kuchayaveradi. Muloqot esa farovonlikka yetaklaydi”, - deydi Anqaradagi Tashqi siyosat instituti direktori Husayn Bog’chi.
Ikki davlat aloqalarining iliqlashayotgani fevral oyida Turkiyada dahshatli zilzila ro’y berganida sezildi. Armaniston gumanitar yuk uzatishga qaror qildi, Anqara esa chegarani ochdi.
May oyida Prezident Rajab Toyib Erdog’an yangi muddatga saylanishi ketidan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan uning qasamyod marosimiga tashrif buyurdi.
Armaniston bilan chegarani butunlay ochishdan oldin Anqara Yerevandan Turkiya bilan chegarani tan olishni, Ozarbayjon bilan tinchlik bitimini imzolashni talab qilmoqda. Pashinyan bitimni yil oxirigacha imzolashga tayyor ekanini bildirdi.
Ayrim tahlilchilar nazarida, Armaniston Turkiyaga yaqinlashib, Rossiya ta’siridan uzoqlashishga intilmoqda.
“Iqtisodiyot to’g’ri yo’ldan ketyapti. G’arb tomon burilish ko’ngildagiday bo’lyapti. Demokratlashish jarayoni to’g’ri kechyapti. Yolg’iz urush ehtimoli bunga halaqit beryapti. Shu bo’lmasa, hamma narsa osonlashadi, iqtisodiy rivojlanish tezlashadi”, - deydi armanistonlik siyosiy tahlilchi Erik Akopyan.
Ba’zi kuzatuvchilar Yevropa Ittifoqi vositachiligida tinchlik bitimini imzolash imkoniyati Yevropa Ittifoqi rahbarlari va Turkiya o’rtasidagi diplomatik tortishuv sabab boy berilganiga ishora qiladi.
“Ozarbayjon Turkiyaning ham muzokaralarda qatnashishini xohlaydi. Ammo Germaniya va Fransiya buni istamayapti. Ular qaysi dunyoda yashayapti o'zi? Yevropaliklar va ayniqsa fransuzlar Turkiya bilan hamkorlik qilib, Armanistonni Rossiya ta'siridan chiqarishga harakat qiladi deb o'ylagan edim", - deydi Istanbuldagi Qodir Has universitetidan siyosatshunos Soli O'zel.
Kuzatuvchilarga ko'ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni Qirg'izistondagi mintaqaviy sammitga chaqirib, tinchlik bitimiga erishish uchun vositachilikni taklif etdi va uni o'ziga yaqinlashtirishga muvaffaq bo'ldi. Yerevan taklifni rad etdi.
“Rossiya mana shunday qarama-qarshiliklar va o'zaro noroziliklardan doimo foydalanib kelgan. Chor Rossiyasidan beri davom etayotgan, uzoq tarixga ega "bo'lib boshqarish" siyosati. Moskva qo'ldan kelgancha hamma joyda beqarorlik keltirib chiqarishga harakat qiladi degan fikrdaman", - deydi Parij xalqaro aloqalar maktabidan Tatyana Mitrova.