Bugun Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi doirasida Barqaror taraqqiyot maqsadlari sammiti ish boshladi.
BMT tadbirida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ham ma’ruza qilishi kutilmoqda. U o’z chiqishida g’alla kelishuviga urg’u berishi mumkin.
Ma’lumki, BMT va Turkiya Rossiya va Ukrainani ushbu bitimga ko’ndirgan, biroq uning ijrosidan qoniqmagan Rossiya yozda kelishuvdan chiqdi.
Erdog’anning yaqinda Sochida Rossiya rahbari bilan shartnomani jonlantirishga qaratilgan uchrashuvi natija bermadi.
“Turkiya bu yo’nalishda ijobiy rol o’ynamoqda va ko’plar buni tan olmoqda. Bu Turkiyaning muvozanatlashtiruvchi harakatlarini asoslaydi. Agar Turkiya Rossiya bilan siyosiy muloqotni to’xtatib qo’yganida edi, Erdog’an bu rolni o’ynay olmasdi”, - deydi Germaniyaning Marshall jamg’armasidagi turk tahlilchisi O’zgur Unluhisharchikli.
Rossiya kelishuv nafaqat ukrain g’allasi, balki Rossiya g’allasi va o’g’itlari eksportiga ham yo’l ochishi kerakligini ta’kidlarkan, unga bu borada qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilishi talabini qo’ygan.
“G’alla kelishuvi doirasida Rossiya unga qarshi qo’llanilayotgan iqtisodiy quroldan himoyalanmoqchi”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universitetidan O’nur Ishchi.
Erdog’anning Putin bilan aloqalarining yaqinligi Vashington bilan munosabatlarning taranglashishiga olib keldi. Natijada Erdog’an AQSh Prezidenti Jo Baydenni yon berishga ko’ndirishda qiynalmoqda.
Turk rahbari endi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yordamiga umid qilmoqda.
“Erdog’anning Bayden bilan munosabatlari a’lo emasligini yaxshi bilamiz. Erdog’an Baydenni yolg’iz o’zi ko’ndira olmasligini tushunadi. Shu sabab BMTni ishga solishga, shu yo’l bilan Baydenni Rossiyaga yon berishga ko’ndirishga harakat qiladi”, - deydi Turkiya Xalqaro aloqalar kengashidan Mustafo Oydin.
Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Erdog’an bu ishning uddasidan chiqa olsa, muhtoj davlatlar qishloq xo’jaligi mahsulotlari bilan ta’minlanibgina qolmay, Erdog’anga Putin bilan aloqalarini asoslashga, tanqidchilari hujumlarini bostirishga va balki ukrain mojarosida eskalatsiya xavfini kamaytirishga yaxshi imkon yaratiladi.