Ukraina port shaharlari aholisi deydiki, Rossiya bilan don kelishuvi ularni oz bo’lsa-da muhofaza bilan ta’minlayotgan edi. Rossiya kelishuvni tark etgach, bardargohlarga raketalar yog’dirmoqda. Ukraina muqobil eksport yo'nalishlarini izlash bilan band.
O’tgan haftalar ichida nafaqat Odessa portlari, balki turar-joylar, do'konlar, shifoxonalar va maktablar hujumga uchradi.
Ko’plab ukrainlar deydiki, Rossiyaning "g'alla bitimi" dan chiqishi ortidan port shaharlar va aholi nishonga aylandi. Kelishuv amalda bo’lgan paytda Ukraina Qora dengiz orqali mahsulotlarini eksport qilib, jahon oziq-ovqat ta'minotiga kattagina hissa qo’shayotgan edi.
“G'alla savdosi tufayli shahrimiz aholisi o’zini himoya ostida deb his qilar edi. Bu to'g'ri. Menimcha ham shunday. Oilam a’zolari ham o’xshash fikrda”, - deydi Yujniy shahridan Marina Plaxova.
Boshqalar fikricha, so’nggi hujumlar bitim bilan bog’liq bo’lmasligi mumkin, chunki zo'ravonlik u amaldaligida ham to’xtamagan.
Qora dengizda yuk kemalarining odatiy navbatini endi ko’rmaysiz. Rasmiylarning aytishicha, oziq-ovqat savdosi to’xtamagan, balki susaygan. Oqibati esa ayanchli.
“Bu faqat Ukraina muammosi emas, chunki fermerlarimiz o‘z mahsulotlarini sotib pul ishlashlari, kelgusi yil urug’ligini olishlari kerak. Bu butun dunyo muammosi ham. Oziq-ovqat taqchilligi tufayli barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qimmatlashyapti”, - deydi Dmitro Barinov, portlar agentligi rahbari o’rinbosari.
Ukraina urushi boshlangach jahon bo'ylab 20 foizga oshgan oziq-ovqat narxi, don shartnomasi tuzilganidan so’ng yana pasaygan edi.
Narxlar yana ko'tarilmoqda. Jahon oziq-ovqat dasturi Yaqin Sharq va Afrikadagi eng kambag'al aholini ta’minlashga yuboradigan bug'doyning yarmidan ko'pi Ukrainada yetishtiriladi.
Ukraina rasmiylariga ko’ra, mamlakat ehtimol urushdan oldingi mahsulot eksportining uchdan bir qismini uddalar, ammo bu qishloq xo'jaligi sanoati va port shaharlari ravnaqi uchun yetarli emas.
“Yomg'ir yaxshi yog’di, mo'l hosil olishimiz uchun barcha sharoit bo’ldi. Urush sharoitida albatta olgan hosilimizdan xursandmiz, lekin umidimiz tinchlik tezroq o’rnatilsin va uni portlarimiz, xalqimiz hayotini xavf ostiga qo’ymasdan sota olaylik”, - deydi Yujniy shahar kengashi kotibi Oksana Vorotnikova.
G‘alla bitimi tugagani ortidan kuchaygan hujumlar, daromadlar kamayishi va elektr quvvati beqarorligi tufayli bu yil Ukrainaning port shaharlarida qish yanada qattiqroq kelishi kutilmoqda.