Ukraina g’allasi eksporti bo’yicha uch tomonlama kelishuv minglab ukrain fermerlariga o’z mahsulotini chetga sotish imkoniyatini beradi.
Bu 20 yildirki Ukrainada fermerlik qilayotgan gollandiyalik Kis Heyzinga kabi fermerlar uchun o’ta muhim ahamiyatga ega.
48 yoshli gollandiyalik fermer Kis Heyzinganing ish vaqti har qanday ob-havoga qaramasdan ertalab soat olti yarimdan boshlanadi.
U 2003-yilda Ukrainaga kelib, Cherkass viloyatida biznes boshlagan edi. Bugun uning fermasi 15 ming gektar yerni band etadi, 2000 boshdan oshiq qoramoli bor. Fermadagi ish tartibi aniq belgilangan.
“Chorva boqilishida aniq tartib kerak. Har kuni bir xil tartib, mollarga bir miqdordagi oziq berilishi kerak. Kunlik yem, oziq tarkibi ham bir xil miqdorda bo’lishi shart”, deydi Heyzinga.
Rossiya bosqiniga qaramasdan Heyzinga Ukrainada qoldi, ketishni o’ylayotgani ham yo’q. U o’z biznesini, tirikchiligi unga bog’liq bo’lgan 350 nafardan oshiq ishchilarini tashlab ketmoqchi emas.
“Men ruslarni yomon ko’raman. Shunday ekan, agar men biznesimni tashlab, qochib qolsam, demak men Ukrainani qo’llamagan, armiyani quvvatlamagan bo’laman. Unda bu yerlarga ham ruslar bostirib kiradi, bunga yo’l qo’yish mumkin emas”.
Rossiyaning bosqini, Ukrainadagi sabzavot yetishtiruvchi asosiy viloyat Xersonga qilgan hujumlar oziq ovqat yetishmovchiligiga, sabzavotlar narxi ko’tarilishiga ham sabab bo’ldi. Heyzinga bu taqachilik sabab o’z fermasida meva-sabzavotlar yetishtirishni yo’lga qo’ydi.
17-may kuni Turkiya va BMT Rossiya bilan muzokaralarda Qora dengiz orqali Ukraina g’allasi eksportiga yo’l ochuvchi bitimni yana ikki oy muhlatga cho’zishga muvaffaq bo’lishdi.
Bitim ukrain fermerlariga tarif imkoniyatlari beradi, bu Yevropadagi ayrim fermerlarga muammo tug’dirdi. Ular dunyoda don narxi tushishi mahalliy fermerlarga zarar yetkazayotganini ta’kidlashyapti. Polsha, Vengriya kabi mamlakatlar Ukrainadan importni taqiqlab ham qo’yishdi.
Heyzinga bu kabi holatlar urush davrida biznes qilishni yanada qiyinlashtirishini aytadi:
“Eng asosiy muammo – ishonch yo’qligi. Biz o’zimiz yetishtirgan mahsulotni sota olamizmi, yo’qmi, Qora dengiz portlari, yuk poyezdlari ishlaydimi, yo’qmi, bilmaymiz. Xavfsizlikka ishonch yo’qligi eng jiddiy muammo”.
Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, ukrain fermerlarining 20 foizga yaqini hozirda qurolli kuchlar safida xizmat qilmoqda. O’z ish joyida qolgan fermerlar esa hamkasblari o’rnini to’ldirishga, shuningdek mamlakat, dunyo ehtiyojini ham qondirishga harakat qilishmoqda.
Facebook Forum