Ukraina g'allasini jahon bozorlariga eksport qilish bo'yicha Rossiya-Ukraina kelishuvining kelajagi yana shubha ostida, chunki Moskva dushanba kuni muddati tugaydigan bitimni yangilamasligini aytmoqda. Bu orada Turkiya global oziq-ovqat inqirozi xavotirlari fonida shartnomani yangilash bo’yicha Moskvaga bosimni kuchaytirmoqda.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an shu hafta Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, o‘tgan yili BMT va Turkiya vositachiligida erishilgan Rossiya-Ukraina g‘alla kelishuvini yana uzaytirishni ta’minlashga va’da berdi.
“Turk bo’g’ozlari orqali dunyodagi muhtoj xalqlarga hozirgacha qariyb 33 million tonna g’alla yetkazib bergan tashabbusning muddati 17-iyul kuni yana uzaytirilishiga umid qilaman”, - dedi Turkiya rahbari.
Ukraina dunyoning yirik don yetkazib beruvchi mamlakati bo'lganligi sababli g'alla shartnomasi global oziq-ovqat narxlari o'sishining oldini olishga yordam berdi. Ammo shartnoma har 60 kunda yangilanishi kerak. Moskvaga ko’ra, Rossiyaning don va o‘g‘it eksportiga xalaqit qilayotgan xalqaro sanksiyalar yumshatilgan taqdirdagina kelishuv muddati uzaytirilishi mumkin.
“Rossiya oʻz iqtisodiyotining ayrim qismlarini va qishloq xoʻjaligi bilan bogʻliq boʻlgan ba’zi banklarni sanksiyalardan ozod qilishni istamoqda”, - deydi Bonn universiteti tadqiqotchisi Zaur Gasimov.
Xalqaro bosimlarga qaramay, Erdog‘an Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan yaqin aloqalarni saqlab kelmoqda. U G‘arbning Rossiyaga qarshi qo’llagan sanksiyalariga qo’shilishdan bosh tortdi. Turkiya rasmiylarining aytishicha, ularning Moskva bilan munosabatlari Anqaraga don kelishuvida vositachilik qilishga imkon bergan va kelishuv uzaytirilmasa, oziq-ovqat inqirozi yanada kuchayishi mumkin.
“Bu juda muhim, chunki global oziq-ovqat narxi yana oshadi. Bu nafaqat Turkiya va NATO uchun, balki boshqa davlatlar uchun ham juda muhim. Dunyoda g‘alla narxi oshib ketadi”, - deydi Turkiya prezidenti maslahatchisi Mesut Jashin.
Turkiyaning yaqinda bir guruh ukrainalik asirlarni Kiyevga topshirgani Moskvani g'azablantirdi. Ukraina va Rossiya o'rtasida Turkiya vositachiligida tuzilgan kelishuv doirasida bu askarlar urush oxirigacha Turkiyada qolishi kerak edi. Erdog‘an Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish tashabbusini ham qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bu bilan, deydi tahlilchilar, Anqara Moskvaga don kelishuvi yuzasidan ogohlantirish yubormoqda.