G‘arbning Moskvaga qarshi sanksiyalari kuchaygan bir paytda Turkiya Rossiya bilan savdo aloqalarini chuqurlashtirmoqda. Siyosiy kuzatuvchilarga ko‘ra, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an kelasi yilgi saylov arafasida Turkiyaning o‘sib borayotgan iqtisodiy muammolarini Rossiya ko‘magida hal qilishga urinmoqda.
Moskva yaqinda Turkiyaga atom elektr stansiyasini qurish uchun besh milliard dollar pul o’tkazdi. Kelgusi bir necha hafta ichida yana o'n milliard dollar yetkazib berilishi kutilmoqda.
Naqd valyutaning mamlakatga kirishi liraning keskin pasayishi va inflyatsiya deyarli 80 foizga oshgan bir paytda kuzatilmoqda. 2023-yil qayta saylanishni ko’zlayotgan Prezident Erdog'an Rossiya yordami hisobiga vaziyatni yumshatish ilinjida.
Vladimir Putin bilan yaqin aloqalarini saqlab qolish uchun Erdog‘an Rossiyaga qarshi G‘arb sanksiyalarini qo‘llashdan bosh tortdi. Shu oy boshida Qora dengiz bo‘yidagi Sochi shahrida ikki davlat rahbarlari savdo aloqalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha muzokara o‘tkazdi.
Turkiya, shuningdek, Ukraina urushi boshlangandan beri Rossiyadan neft importini ikki baravar oshirdi.
Rossiyalik oligarxlar Turkiya hukumati e’lon qilgan kafolatlar ortidan o'zlarining superyaxtalarini turk marinalarida saqlashni davom ettirmoqda.
Turkiya yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan birgalikda Ukraina g'allasini jahon bozoriga eksport qilish bo'yicha kelishuvga ham vositachilik qilgan edi va bu amaliyotning eksport operatsiyalari Istanbul orqali amalga oshirilmoqda. Erdog‘an bu kelishuvga Putin bilan yaqin aloqalari tufayli erishganini da’vo qilmoqda.
Ammo tahlilchilarning ogohlantirishicha, Putin Erdog‘an bilan yaqin munosabatdan va Anqaraning Rossiyaga bog’liqligi kuchayib borayotganidan foydalanib, G‘arbning texnologik sanksiyalarini chetlab o‘tishda Turkiyani ishga solishi mumkin. Bu esa Anqara va uning G’arbdagi ittifoqdoshlari orasida ziddiyatni kuchaytiradi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Turkiya iqtisodiyoti zaif ahvolda qolar ekan, qo’shimcha sanksiyalar halokatli moliyaviy inqirozni keltirib chiqarishi mumkin.
Facebook Forum