Breaking News

Turkiya Shvetsiyaning NATOga a’zolik arizasini ma’qullashga shoshmayapti


1-oktabr kuni Turkiya parlamenti ta’tildan qaytadi. NATO turk qonunchilari Shvetsiyaning alyansga a’zolik haqidagi arizasini ma’qullashini umid qilayotgan edi, biroq masalaning hali-beri ovozga qo’yilmasligi ma’lum bo’ldi.

Xalqaro hayot - 29-sentabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:01 0:00

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, AQSh Kongressi Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlarini sotishga ruxsat berishi bilan Turkiya parlamenti Shvetsiya arizasini ma’qullaydi.

“Anqara yangi F-16 samolyotlarini olishga umid qilgan edi, Kongress savdoni tasdiqlamay turibdi. Shvetsiyaning NATOga a’zoligi samolyotlar masalasiga bog’liq”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universitetidan Serhat Guvench.

AQSh Kongressidagi ayrim qonunchilar Turkiyaning qo’shni Gretsiyaga tahdididan xavotirda ekan, samolyotlarning Anqaraga sotilishiga e’tiroz bildirmoqda.

Erdog’anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi parlamentda hukmron koalitsiyaga a’zo bo’lsa-da, Turkiya prezidenti Shvetsiya masalasi turk qonunchilari qo’lida ekanini aytadi.

“Bu tovuq-tuxum hikoyasiga o’xshab ketadi. Birinchi qadamni kim qo’yishi kerak? AQSh samolyotlarni Turkiyaga bersa ham, Vashington Anqara Shvetsiya arizasini ma’qullamasligi mumkin degan xavotirda. Turkiya esa arizani ma’qullasa, AQSh samolyot masalasini ijobiy hal qilmasligi mumkinligidan xavotirda. Muammo shunda”, - deydi Germaniyaning Marshall jamg’armasidan O’zgur Unluhisharchikli.

Tahlilchilarga ko’ra, Rossiyaning Ukrainadagi urushi davom etarkan, Vashington Shvetsiyaning imkon qadar tez NATOga a’zo bo’lishi tarafdori. Turkiyaning bu masalada sustkashligi esa AQSh rahbariyatini asabiylashtirmoqda, deydi ular.

Erdog’an Oq uyga taklifni ham kutmoqda, biroq Prezident Bayden hozircha u bilan xalqaro tadbirlarda qisqa uchrashuvlar bilangina cheklanmoqda. Kuzatuvchilar yuzma-yuz uchrashuvsiz yechimini kutayotgan dolzarb masalalarni hal qilish qiyin ekanini aytadi.

“Erdog’an yaqinda yana besh yilga saylandi. U NATO uchun, Yaqin Sharq siyosati, Kavkaz va Qora dengiz siyosati uchun muhim bo’lgan mamlakatni boshqarmoqda. AQSh rahbari u bilan muloqotdan o’zini yana qancha olib qochishi mumkin?”, - deydi Turkiya Xalqaro aloqalar kengashidan Mustafo Oydin.

Erdog’an NATO kengayishiga to’g’anoq bo’lishda davom etarkan, tahlilchilar oliy darajada uchrashuv hali-beri bo’lmasligini bashorat qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG