AQSh Prezidenti Jo Bayden Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristerssonni Oq uyda qabul qilganida Shvetsiyaning NATOga a’zo bo’lish harakatlarini to’liq qo’llab-quvvatlashini aytgan edi.
Biroq Turkiya bunga roziligini bermayapti va Stokgolmdan Kurdiston ishchilar partiyasi faoliyatiga chek qo’yishni talab qilmoqda. Guruh Turkiya, Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan terrorchi tashkilot deb tan olingan.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Shvetsiya a’zolik sari qadamlar qo’yayotganini tan olgan holda Anqaraning talablari to’liq bajarilmaganini aytadi.
Turkiya Shvetsiya hukumatining yaqinda Stokgolmda Qur’on kitobining yoqilishiga to’siq qo’ymaganidan norozi.
“Bu befarqlik deya talqin qilinmoqda. Turklar nazarida, shvedlar NATO a’zoligiga erishmaguncha mug’ombirlik qilishadi, a’zolikni qo’lga kiritgandan keyin esa hamma narsa eski holiga qaytadi”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universitetidan Soli O’zel.
Payshanba kuni Bryusselda Shvetsiya va Turkiya tashqi ishlar vazirlari NATO rahbari vositachiligida masalani hal qilishga harakat qildi. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg olg’a siljish borligini, lekin yakuniy to’xtamga kelinmaganini aytdi.
Ayrim tahlilchilar fikricha, Anqara shu bahonada Vashingtondan ayrim imtiyozlarni undirib olmoqchi, masalan, harbiy samolyotlarni.
“Vilnyus sammitigacha bu masala hal bo’ladimi, yo’q, bilmayman, ammo Turkiyaning ishtahasi kuchaymoqda, Prezident Erdog’an AQShdan, Baydendan bu masalaga aralashib, Turkiya Shvetsiya arizasini tasdiqlashi evaziga qandaydir imtiyozlar taklif etishini istaydi”, - deydi Vashingtonda joylashgan Brukings instituti tahlilchisi Asli Oydintoshbosh.
Vengriya ham Shvetsiya arizasini tasdiqlamagan hali. Bosh vazir Viktor Orban Turkiya qarorini kutyapti.
Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, Erdog’an masalalarni rahbarlar bilan yuzma-yuz uchrashib hal qilishni yaxshi ko’radi. Demak, Shvetsiyaning NATOga qo’shilish masalasi kelasi hafta bo’ladigan NATO sammitida hal bo’lishi mumkin.
Ayrimlar Erdog’an Vashingtondan uni Oq uyga taklif etishlarini kutayotganini aytarkan, Baydenda shunday reja bo’lsa, sammit chog’ida ayon bo’lishini taxmin qilmoqda.
Facebook Forum