Breaking News

NATO yig’inida Ukraina, Shvetsiya a’zoligi, mudofaa xarajatlari muhokama qilinadi


11-12-iyul kunlari Litva poytaxti Vilnyusda NATOga a’zo mamlakatlar rahbarlari uchrashadi. Ikki kunlik anjuman davomida ko’plab masalalar qatorida Ukrainaning alyansga a’zo bo’lish istiqbollari haqida ham gap ketadi.

Ukraina o’tgan yil sentabrida a’zolikka ariza bergan. Prezident Vladimir Zelenskiy jarayonni tezlashtirishga chaqirgan.

“Vilnyus sammitida Ukraina urushdan keyin NATOning teng huquqli a’zosi bo’lishi haqida konkret va aniq ishoralar ko’rishni istaymiz”, - dedi u.

Britaniya, Polsha va Boltiq davlatlari Kiyevning bu talabini qo’llab-quvvatlamoqda.

“Urush tugashi bilan yoki sharoitlar imkon bersa, a’zolikka erishish uchun koridor, tartiblar, algoritmlar yaratish kerak”, - deydi Litva Prezidenti Gitanas Nauseda.

Biroq NATOdagi AQSh va Germaniya kabi mamlakatlar Ukraina a’zoligini tezlashtirish taklifini qabul qilgani yo’q hali.

Rossiya bilan urush sharoitida kollektiv mudofaa mexanizmini ishga tushiruvchi NATO nizomining 5-moddasi qanday qo’llanishi xususida a’zolar kelisha olmayapti.

“5-modda Ukrainaning bahsli bo’lmagan, Kiyev nazoratidagi ozod hududlariga taalluqli bo’lib, harbiy, siyosiy yoki diplomatik tomondan munozarali hududlarga kelganda amal qilmaydi. Mana shu haqiqatga ancha yaqinroq ssenariy. Shunga ba’zilarning “jarayonni Vilnyusda boshlaylik” degan gapini tushunsa bo’ladi”, - deydi NATO siyosatini rejalashtirish bo’limining sobiq rahbari Fabris Potye.

Sammitda alyans a’zolari yalpi ichki mahsulotining taqriban ikki foizini mudofaaga sarflash majburiyatiga yangidan kelishishga harakat qiladi, chunki ayrim mamlakatlar talabga javob bermayapti.

Shvetsiyaning NATOga a’zolik arizasini Turkiya va Vengriya tasdiqlamay kelyapti. Anqara nazarida, Stokgolm kurd terrorchilariga boshpana bergan. Sammit chog’ida ittifoqchilar mana shu masalaga yechim topishga urinib ko’radi.

Yig’ilishda Xitoy masalasi ham ko’rib chiqiladi. O’tgan yilgi sammitda NATO Pekinni ilk bor xavfsizligi va qadriyatlariga tahdid deb e’tirof etgan.

“Vilnyusda NATOga a’zo bo’lmagan Janubiy Koreya, Yaponiya, Yangi Zelandiya va Avstraliya rahbarlari bilan shu mavzuda gaplashiladi”, - deydi Potye.

Sammitda iqlim o’zgarishi, kiber va fazo texnologiyalari kabi yangi tahdidlar xususida ham muhokamalarning bo’lishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG