Breaking News

AOKA: Blogerlarning qamalishi matbuot erkinligiga cheklov emas


Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) O'zbekiston media ahli uchun anjumanlar o'tkazib turadi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) O'zbekiston media ahli uchun anjumanlar o'tkazib turadi

1-dekabrda Farg'onada bloger Olimjon Haydarov 7,5 yillik qamoq jazosiga loyiq topildi. Yakunlanayotgan yilda O'zbekistonda kamida besh bloger va jurnalist uzoq muddatga panjara ortiga tashlandi. Ularga o'xshash ayblovlar qo'yilgan: tovlamachilik, firibgarlik, tuhmat, va haqorat.

"Ezgulik" Inson huquqlari jamiyati hisobicha, 2023-yilning o'zida 20 nafardan oshiq media xodimlar va faollar tergov qilingan, hibsga olingan, sudlangan, ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan. Tahdidlar va bosimlar haqida ochiq gapirmay yurganlar ham talay, deydi huquq himoyachilari.

Sudlarga ko'ra esa hukmlar asosli, isbot-dalillar yetarli. Oliy sud matbuot xizmatining tushuntirishicha, jarayonlar sudlanuvchi va jabrlanuvchi tomonidan yopiq o'tishi so'ralgan taqdirdagina media va jamoatchilik uchun ochiq o'tmasligi mumkin.

Huquq tashkilotlari xalqaro maydonda erkinlik uchun kurashuvchi muassasalar nazarida esa hukumat islohotlar davom etayotgani haqida bong urayotgan O'zbekistonda siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni ko'tarib, hokimiyatni savolga tutib tanilgan ovozlar o'chirilmoqda.

Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" tahlilicha, blogerlarning sudlanishi islohotlarga ishonchni pasaytiradi. Tashkilot O'zbekistonni erkinliklar muntazam ravishda qo'pol tarzda buziladigan muhit deb hisoblaydi.

"Amerika Ovozi" bu kabi xavotir va tanqidlar yuzasidan O'zbekiston hukumatiga murojaat qilib, Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan (AOKA) javob oldi.

Jonli efir: Blogerlarning qamalishiga AOKA javobi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:18:35 0:00

Amerika Ovozi: Bu yilning o‘zida bir necha media faol o‘xshash ayblovlar bilan sudlanib qamalganiga qanday qaraysiz? Bu holatlar, sizningcha, nimadan darak?

AOKA: Agentlik har doim Prezident Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan ochiqlik va so‘z erkinligini ta’minlash, bu sohada ortga qaytmaslik siyosatida sobitqadam. Bu borada AOKA OAVlarga, jurnalist va blogerlarga nisbatan turli xil bosim bo‘lsa, ular bilan bog‘liq muammoli holatlar kelib chiqsa, media sohasi vakillarini himoya qilishda davom etyapti.

Shu bilan birga so‘nggi paytlarda kuzatilayotgan jurnalist yoki blogerlarga aloqador sud jarayonlari va tayinlangan qonuniy jazolar – bu ularning gapirgan gapi, bildirgan fikri bilan bog‘liq emas, aksincha, faqat va faqat ular tomonidan yo‘l qo‘yilgan va tasdiqlangan qonunbuzilishlari bilan bog‘liq.

Bloger bo‘ladimi, jurnalist bo‘ladimi, kimki bo‘lmasin, qonun barcha fuqarolar uchun barobar, barcha qonun oldida teng. Shuningdek, bizlar doimo shuni aytib kelganmizki, hech bir jurnalist yoki bloger hech qachon gapirgan gapi uchun qamalmasligi kerak. Albatta, qonun buzilishiga olib keladigan gap-so‘z uchun ham mas’uliyat bo‘lishi kerak, lekin, baribir, bu uchun ham jurnalist yoki bloger qamalmasligi kerak.

Ammo jurnalistman deb, blogerman deb, turli “shantaj”, firibgarlik yo‘llari bilan pul olib, pul berib, odamlarga jabr qilib, keyin oqibatda ustidan ariza tushsa, albatta, davlat bunga munosabat bildiradi, loqayd bo‘lib qarab turmaydi. Ya’ni bu kabi holatda jabrlanuvchilar davlat organlariga, sudga ariza bergach, sud ularning huquqlarini himoya qiladi va jinoiy qilmishi isbotlangan jurnalist yoki blogerga nisbatan qonunda belgilangan tartib va tegishli moddalar asosida hukm chiqaradi. Ushbu moddalar barchaga teng qo‘llaniladi, ya’ni ertaga har qanday fuqaro, nafaqat jurnalist yoki bloger, boshqa soha vakillari ham ularni buzsa, belgilangan jazo barchaga bir xil qo‘llaniladi. Shuning uchun bu mavzuga siyosiy tus bermaslik kerak.

Asadjon Xodjayev, AOKA direktori
Asadjon Xodjayev, AOKA direktori

Amerika Ovozi: Blogerlar va jurnalistlarning panjara ortiga tashlanayotgani O‘zbekiston media makonida qo‘rqinch hissini yoymoqda, jamiyatni yopmoqda, shuningdek, davlat nufuziga zarar keltirmoqda, islohotlar sustlashgan degan xavotirlar hukmron. Siz qanday munosabatdasiz?

AOKA: Oxirgi paytda jurnalist yoki blogerlarga aloqador sud jarayonlari soni ko‘paygan bo‘lishi mumkin. Shuni hisobga olish kerakki, O‘zbekistonda 2016-yil oxirida ochiqlik, so‘z erkinligining paydo bo‘lishi, OAVlar soni, jurnalist va blogerlar soni keskin ko‘payishiga olib keldi. Albatta, ko‘p sonli soha vakillari bor joyda, muammolar ham bo‘ladi. Masalan, agar o‘zi o‘ntagina jurnalist va o‘ntagina bloger bo‘lganda va ular barchasi qamalib ketganda, buni boshqacha baholasa bo‘lardi.

Hozirga kelib yuzlab jurnalistlar, yuzlab blogerlar, yuzlab OAVlar paydo bo‘lgandan keyin, albatta, ular orasidan ham nopoklari chiqib kelmoqda va eng yomoni ulardan jabr ko‘rganlar bor. Natijada, davlat organlari emas, aynan jabr ko‘rgan fuqarolar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun huquq-tartibot organlariga, sudga shikoyat bilan murojaat qilmoqda va oqibatda yuqorida aytilgan sud jarayonlari kelib chiqmoqda.

Shuning uchun, Agentlik media sohasidagi barcha subyektlarga faqatgina qonuniy faoliyat ko‘rsatishlari kerak ekanligi haqida doimiy chaqirib qoladi.

Ma’lumot uchun: 2023-yilning birinchi yarim yilligida 168-modda bo‘yicha (Firibgarlik) respublikada 8844 ta jinoyat ro'yxatga olingan. Bu jinoyatlar doirasida 6882 ta fuqaro javobgarlikka tortilgan bo‘lib, ular orasida shu jumladan sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, hokimlar, hokim o‘rinbosarlari, maktab direktorlari, OTM o‘qituvchilari va boshqa soha vakillari bor.

AOKA qarorgohi, Toshkent
AOKA qarorgohi, Toshkent

Amerika Ovozi: Matbuot erkinligi kengayishi, jurnalistika va blogosfera ravnaqi uchun qanday qadamlar tashlanishi kerak deb hisoblaysiz?

AOKA: Matbuot erkinligining kengayishi, jurnalistika va blogosferaning ravnaqi uchun Agentlik quyidagi qadamlar tashlanishi zarur deb hisoblaydi:
– jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash;
– davlat organlarining ochiqligini yuqori darajada ta’minlab borish;
– matbuot xizmatlari, jurnalistlar va blogerlarga doimiy ravishda trening va seminarlar tashkil etish, huquqiy va professional savodxonligini oshirish;
– aholining mediasavodxonligini doimiy tarzda oshirib borish;
– ayrim mazmunan eskirgan normalarni qayta ko‘rib chiqib, yagona axborot kodeksini yaratish va uni qabul qilish.

Bu savol-javob ketayotgan damlarda, 6-dekabr kuni Navoiy viloyatidagi qamoqxonadan bloger Fozilxo'ja Orifjxo'jayev shartli ravishda ozod etilgan.

Islom va musulmonlar, xususan ulamolar haqidagi tanqidiy postlari bilan nazarga tushgan Orifxo'jayev 2022-yilning boshida Toshkent shahar Olmazor tuman sudi hukmi bilan 7 yil 6 oyga qamalgan edi. U jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash va tarqatishda aybdor deb topilgan edi. Orifxo'jayevning yuqori sudga shikoyati samara bermagan.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG