Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro tashkilot, inson huquqlari himoyasi bilan mashg'ul "Human Rights Watch" (HRW) tahlilicha, O'zbekistonda qiynoqlar tinmagan.
Bu borada shikoyatlar tez-tez tushib turadi, deya bildirmoqda HRW.
Tashkilot, xususan, yaqinda 7 yildan oshiq muddatga qamalgan Abduqodir Mo'minov taqdiriga e'tibor qaratib, uning bu borada qilgan da'volarini qayd etadi.
Mo'minov apellyatsiya sudi paytida bu haqda gapirgan. Sud hukmni o'zgartirmagan. Uning oilasi qiynoqlar bo'lgan, deya bong urib kelmoqda, ammo mutasaddilar buni inkor etgan.
O'zbekistonda huquq tartibot organlari qiynoqlar man etilgan, bunday hollar juda kam uchraydi, deya ta'kidlaydi.
Inson huquqlari bo'yicha maxsus vakil, Ombudsman, yillik hisobotlarida qiynoqlar xususidagi shikoyatlar o'rganilganini aytadi. Idoraga ko'ra, tizim bu muammoga befarq emas, tekshiruvlar olib boriladi, javobgar tomonlar aniqlanadi.
2022-yilda Qoraqalpog'istondagi notinchliklarda ayblanib, bu yilning boshida 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Dauletmurat Tajimuratov ham qamoqqa olinayotganida azoblanganini aytgan.
2022-yilning yanvarida 7,5 yilga qamalgan bloger Fozilxo'ja Orifxo'jayev ham qiynoqlardan noligan.
HRW xulosa qilishicha, ko'plab holatlar na tekshiriladi, na ular shikoyatlar yuzasidan javob beriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda farmon chiqarib, qiynoqlar ostida olingan iqror sudda isbot sifatida qabul qilinmasin, deya buyurgan.
2021-yilda BMT Inson huquqlari kengashiga murojaatida Mirziyoyev qiynoqlarga qarshi kurashishni davom ettirishga so'z bergan.
"Biroq bu va'dalarga qaramay Mo'minov, Tajimuratov va Orifxo'jayev va boshqalar misolida ko'rish mumkinki, qiynoqlar va qo'pol munosabat hibsxonalarda hamon keng tarqalgan va bunday jinoyatlarni qilganlarni jazolamaslik normal hol", - deyiladi HRW bayonotida.
"Ezgulik" Inson huquqlari jamiyati ham o'z hisobotlarida qiynoqlar davom etayotgani haqida ma'lumot beradi.