Breaking News

Demokratiya fondida O'zbekiston, Qozog'iston, Turkmaniston muhokamada


Vashingtondagi Demokratiya uchun milliy fondda Markaziy Osiyodan kelgan faollar bilan davra suhbati, 4-may, 2023
Vashingtondagi Demokratiya uchun milliy fondda Markaziy Osiyodan kelgan faollar bilan davra suhbati, 4-may, 2023

Bu hafta AQSh poytaxtida siyosiy, nohukumat va ilmiy doiralar bilan suhbatlashgan o'zbekistonlik va qozog'izstonlik huquq faollari nazarida Markaziy Osiyoda fuqaro jamiyatlarini rivojlantirish juda sekin kechmoqda, ammo umidni boy bermaslik kerak.

Vashingtondagi Demokratiya uchun milliy fond rahbari Deymon Uilson deydiki, asosiy maqsad geosiyosatni o'zgartirish emas, balki demokratiya targ'ibotidir.

"Fondimiz erkinlik va adolat urug'ini sochadi", - deydi Uilson mintaqalik huquq himoyachilarini olqishlar ekan.

Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo markazini boshqaruvchi Sebastien Peyruz 1990-yillardan beri regiondagi nohukumat tashkilotlar va ijtimoiy masalalarni o'rganadi.

Sebastien Peyruz Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo markazini boshqaradi
Sebastien Peyruz Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo markazini boshqaradi

Peyruz tahlilicha, fuqaro jamiyati taraqqiyotida eng qolog'i - Turkmaniston. Nafaqat mintaqaning, balki jahondagi eng yopiq tuzumlardan biri bo'lmish bu davlatda hukumat fuqaroni mutlaq nazorat qilishga o'rgangan va boshqacha ish tutish mumkinligini xayoliga ham keltirmaydi.

"Fuqaro jamiyati Turkmaniston hukumati nima desa, shu. Unga sarmoya qilinmaydi. Boshqaruv odamlar unga itoat qilishini xohlaydi va kutadi. Tizimni savolga tutish - jinoyat", - deya kuzatadi Peyruz.

Biroq olim fikricha, hozirda Markaziy Osiyoda erkinlikni targ'ib qilish uchun o'ziga xos bir fursat va imkoniyatlar bor.

Rossiya agressiyasidan xavotirlanayotgan va Kremlning keskin bosimi ostida qolgan Markaziy Osiyo hukumatlari muqobil siyosiy va iqtisodiy yo'llar qidirmoqda, deydi ekspert. Ular G'arb bilan ishlashga yanayam oshiqib, yangicha hamkorlikka moyil.

Amerika va uning ittifoqchilari ularning dardiga quloq tutar ekan, o'z qadriyatlarini ham olg'a surishi, hatto Turkmaniston kabi repressiv hukumatlarga ham ta'sir qilib, o'zgarishlarga turtki berishi mumkinligini o'ylab ko'rishi kerak, deydi Peyruz.

"Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri uning nufuzi pasaygandek, lekin xulosa qilishga shoshmang", - deydi tadqiqotchi.

"Markaziy Osiyo aholisining munosabatini chuqurroq o'rganib chiqish kerak. Mening tahlilimcha, Rossiyani quvvatlaydiganlar va qoralaydiganlar bir-biridan kam emas".

Ukrainadagi urush qanday yakunlanishi, AQShdagi ko'plab ekspertlar ta'biricha, Rossiyaning atrofidagi mamlakatlarning kelajagini belgilovchi omillardan biri bo'ladi. Kremlning temir panjasidan qutula olmaslik bu jamiyatlar uchun repressiv siyosat pasaymaydi, degan signaldir. Peyruz ham shunday mulohazaga sherik.

Fuqaro jamiyati nima? Demokratiya fondidan jonli efir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:07 0:00

Qozog'istonda Inson huquqlari va qonun ustuvorligi uchun xalqaro byuro degan tashkilotni yurituvchi Yevgeniy Jovtis ham bu fikrlarga qo'shiladi.

"Hududiy imperiya yo iqtisodiy imperiya? Rossiya har ikkisini eplashga urinmoqda va bu kurashda jon-jahdi bilan harakatda. Bu esa mintaqamizda demokratik institutlarning rivojlanishini yanayam qiyinlashtiradi. Rossiyaning o'zida o'tgan 30 yildan oshiq davrda erishilgan yutuqlar boy berilmoqda", - deydi Jovtis.

Uning urg'u berishicha, Qozog'istonda Qosim-Jo'mart To'qayev, O'zbekistonda Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlar hali ancha yuzaki.

"To'qayev ham, Mirziyoyev ham retorik reformalar bilan band", - deydi Jovtis.

"Islohotlar dasturi tuzilgan, ma'qullangan, olqishlangan, lekin aslida ular nimani o'zgartirmoqda? Konkret qanday natija bor? Siyosiy islohotlarni sezayapmizmi? Og'izda bitirilayotgan ishlar, hozircha", - deya xulosa qiladi mutaxassis.

Konstitutsiyalarni yangilash, saylov va referendumlar sizni demokratiyaga yoki fuqaro jamiyatiga aylantirib qo'ymaydi, deydi Jovtis. Har ikkala mamlakatda ham muxolif partiyalar yo'q. Deyarli hech kim amaldagi siyosatni savolga tuta olmaydi. Parlamentlar davlat rahbarini so'zsiz quvvatlaydi. Qonunchilik organlarida partiya sonining ko'payishi siyosiy plyuralizm - muammolarga xilma-xil yechimlar taklif qilinayotgani va masalalar ochiq va erkin debatda ekanidan darak emas.

Jovtis deydiki, Markaziy Osiyo ahli va uning erkinligi uchun jon kuydirishini aytadigan G'arbdagi tashkilotlar va hukumatlar avval fuqaro jamiyati deganda nimani nazarda tutayotganini tushunib olishi kerak.

"Jamiyat degan narsa har yerda bor; odamlar bormi, demak, jamiyat deb qaralishi mumkin. Fuqaro jamiyati - o'z haq-huquqlarini biladigan, himoya qila oladigan, adolat talab qila oladigan, hukumatni tanqid qila oladigan, ijtimoiy-siyosiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda hissa qo'sha oladigan sistema. Unga faqat nohukumat tashkilotlar emas, individual fuqarolar ham kiradi. Bugungi Markaziy Osiyoda, xususan Qozog'istonda, fuqaro jamiyati nodavlat muassasalar, faollar, mutaxassislar va yosh adolatparvar insonlardan iborat. Katta guruh emas, ammo o'z ovozi va roli bor", - deydi Jovtis.

Timur Karpov Toshkentda o'z san'at markazini yuritadi, siyosiy mahkumlar haqida film ishlagan
Timur Karpov Toshkentda o'z san'at markazini yuritadi, siyosiy mahkumlar haqida film ishlagan

Toshkentda "139 Documentary Center" deb nomlangan tasviriy san'at maskanini ochgan Timur Karpov O'zbekistondagi siyosiy mahkumlar va qiynoqlar haqida hujjatli film ishlab, nom qozongan. Film bu hafta Jorj Vashington universitetida namoyish etildi. Unda Islom Karimov davrida asossiz qamalgani, azob chekkanini da'vo qiluvchi qator insonlar taqdiri haqida hikoya qilinadi.

Mirziyoyev davrida qamoqdan ozod etilgan bu shaxslar rasman oqlanishni xohlaydi. Inson huquqlari himoyachilari deydiki, qiynoqqa solingan va umrining bir necha yilini panjara ortida o'tkazgan bu o'zbekistonliklardan davlat kechirim so'rashi va tovon to'lashi kerak. Mirziyoyev ma'muriyati bunday qarorlardan yiroq.

Jasliq va qiynoqlar: O'zbekiston siyosiy mahkumlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:51:53 0:00

Karpov singari faollar deydiki, hukumat ko'nmasa-da, masalani ko'taraverish kerak, chunki omma haqiqatni unutmasligi, adolat ta'minlanishidan har bir fuqaro manfaatdor ekanini anglashi zarur.

"San'at orqali o'z fikrimizni bildirib, befarq emasligimizni ayon etishga harakat qilayapmiz. Bugun odamlar jim o'tirishni istamaydi va imkon qadar o'z qarashlarini aks ettirishga urinmoqda", - deydi Karpov.

Yoshlarning ovoziga loqayd bo'lmaslik kerak, deydi u. Jamiyatni cheklashga harakat qilish bu zamonda hech qanday progressga yetaklamaydi. Yangi bosh qomusmi, ovoz berishmi yo har qanday boshqa islohot - hukumat qilayotgan ishlari samara berishini istasa, fuqaro bilan hisoblashadi, deydi Karpov.

Demokratiya uchun milliy fondda Yevrosiyo dasturlariga bosh-qosh Spaska Gatzinskaning kuzatishicha ham Markaziy Osiyoda yangi avlodning o'z ovozi va talablari bor. Ularning dardi xalqaro hamjamiyatga yetib kelmoqda va ularni quvvatlashni xohlagan taraflar talay, deydi Gatzinska.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG