Mustaqil O'zbekiston tarixida bosh qomus yuzasidan uchinchi marta o'tgan referendumda, kutilganidek, ijobiy javob olingan. 30-aprel kuni mamlakat bo'ylab, shuningdek, xorijdagi elchixona va konsulliklardagi 55 ovoz berish uchastkasida kechgan jarayonda 90 foizdan oshiq holatda fuqaro "ha" deb javob bergan.
Toshkentda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo'jayev e'lon qilishicha, “Referendumda Konstitutsiya to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunni qabul qilasizmi?" degan savolga 19 million 722 ming 809 nafar fuqarodan 15 million 40 ming 55 nafari yoqlab, 1,5 million nafari esa qarshi ovoz berdi. Saylov byulletenlarining 0,49 foizi haqiqiy emas, deb topilgan.
Qonun 1-maydan e'tiboran kuchga kirdi, ya'ni O'zbekiston allaqachon yangi konstitutsiya ostida.
"Amerika Ovozi" Vashingtondagi elchixonada referendumda kuzatdi. Ertalab 08:00 dan 20:00 gacha ochiq turgan uchastkada jami 143 vatandosh ovoz berdi.
AQSh poytaxtidan tashqari unga qo'shni Virjiniya, Merilend va uzoqdagi Florida shtatlarida erta berilgan ovozlar qo'shib hisoblanganda, jami 903 byulleten to'ldirilgan.
Undan 794 nafari yangi konstitutsiya loyihasini quvvatlagan, 92 nafari ma'qullamagan, 17 holatda esa varaqada javob noto'g'ri bildirilgani uchun yaroqsiz deb topilgan.
Nyu-Yorkdagi konsullikda ham erta va referendum kuni ovoz berilgan. Hisobot u yerdan alohida beriladi.
Ikki vakolatxona turli shtatlar uchun mas'ul. Umuman olganda, "Amerika Ovozi" vatandoshlarning ovozi vatandagi ovozlardan farq qilmasligiga guvoh bo'ldi, ya'ni okean ortida yashayotganlar orasidan referendumda qatnashganlarning aksariyati O'zbekistondagi fuqarolar kabi "ha" deb javob bergan.
Referendum to‘g‘risidagi qonunning 38-moddasiga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok etganlarning yarmidan ko'pi ijobiy ovoz bersa, qaror qabul qilingan deb hisoblanadi.
“Albatta, referendumning yakuniy natijalari Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori qabul qilinib, rasmiy e’lon qilingandan so'ng kuchga kiradi”, — deydi Nizomxo‘jayev.
Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, referendum xalqaro normalar va standartlarga, shuningdek, O‘zbekiston qonunchiligiga mos ravishda o'tgan.
Mamlakat tarixida biror marta bu komissiya jarayonlarga salbiy baho bermagan, vaholanki, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidek xalqaro kuzatuvchi organ respublikadagi biror saylov va referendumdani erkin yoki adolatli deb qayd etmagan.
Nizomxo‘jayev 2021-yildagi prezident saylovi ketidan aytganidek, bu safargi ovoz berishni ham ochiqlik va oshkoralik kabi demokratik tamoyillarga mos voqea, deya ta'riflamoqda.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qoshidagi Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasining 24 ekspertdan iborat missiyasi hali dastlabki xulosasini ma'lum qilmagan. Ular 5-apreldan beri tashviqot jarayoni, matbuot va tahlili va 30-apreldagi manzarani yaqindan kuzatgan.
Markaziy saylov komissiyasi raisi ayrim kamchiliklarni e'tirof etgan.
Sirdaryo viloyati, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida muammoli holatlar aniqlangan. Nizomxo'jayev deydiki, komissiya va okrugdagi mutasaddilar tekshiruv olib bormoqda.
“Respublika bo'yicha 10 758 ta uchastka faoliyat olib borganini hisobga oladigan bo‘lsak, referendum jarayonlarida kamchiliklar kuzatilgan uchastkalar 0,1 foizni ham tashkil etmaydi”, — deydi rais.
Referendum natijasida O'zbekiston bosh qomusining 65 foizi yangilanadi. Shu bois hukumat "yangi konstitutsiya" deya tanishtirgan.
Inson huquqlari va boshqa qator yo'nalishlarda yangiliklar qilinsa-da, asosiy e'tibor prezident muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirilayotganida. Chunki bu o'zgarishdan kelib chiqib, hozirda ikkinchi muddatini o'tayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev uchun yana ikki bor rahbarlikka saylanish imkoniyati yaratilgani muhokamada.
Toshkent bu borada lom-mim demasa-da, "Amerika Ovozi" manbalariga ko'ra, bu yil prezident saylovlari o'tkazilib, Mirziyoyev yangi konstitutsiya bo'yicha yangi muddatni qo'lga kiritishi ehtimoli yuqori.
Tanqidchilar kechagi referendum aslida shu sabab tashkil etilgan degan nazariyani olg'a suradi. Biroq bunday talqinga Mirziyoyev ma'muriyati shu kungacha javob bermagan.
Facebook Forum