O'zbekiston, yetti yildirki, hukumatga ko'ra, islohotlar ostida. Biroq matbuot erkinligi bo'yicha erishilgan yutuqlar birma-bir boy berilmoqda, "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan jurnalistlar va blogerlar. Vaziyat oldingi prezident Islom Karimov davridagi repressiyadan yengilroq, ammo bugunni 2017-2019 yillardagi nisbiy erkinlikka tenglashtirish qiyin.
O'zbekiston har yili 27-iyunda Ommaviy axborot vositalari va jurnalistikani bayram qiladi. Bu safargi ayyom oldidan matbuot ahlining kayfiyati past. Prezident saylovi yaqinlashar ekan, so'z erkinligi yanada cheklangani sezilmoqda. Odatda tanqidiy fikrlarini yashirmaydigan faollar ham bugun sukutda. Saylov xotirjam o'tsin, keyin yana muammolarga qaytiladi, deya tushuntiradi ayrimlar.
Germaniyada asoslangan O'zbek inson huquqlari forumi (Uzbek Forum for Human Rights/UFHR) 20-iyunda chiqargan tahilnomasida Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan beri qilingan ijobiy ishlarni sanab o'tadi, jumladan jurnalistlar va blogerlar yengilroq nafas ola boshlaganini.
"Biroq o'tgan ikki yilda Mirziyoyev islohotlariga bog'langan umid puchga chiqa boshlagan. Prezident matbuot erkinligini qanchalik quvvatlab gapirmasin, uning hukumati qo'yayotgan cheklovlar blogerlar va mustaqil jurnalistlar faoliyatiga jiddiy salbiy zarar yetkazmoqda",- deyiladi hisobotda.
Xulosa shuki, hukumat axborot ustidan nazoratni yanayam kuchaytirgan.
2020-yilda O'zbekistonda soxta ma'lumot tarqatish jinoyat deb belgilangan. 2021-yilda qabul qilingan qonunda esa ommani tartibsizliklar va zo'ravonlikka chaqirish jinoiy harakat deb qayd etilgan. Shuningdek, O'zbekisgtonda prezidentni haqorat qilish besh yilgacha qamoq bilan jazolanishi mumkin.
Bu kabi siyosat, deya baholaydi O'zbek inson huquqlari forumi, qonun ustuvor bo'lmagan va korrupsiya chuqur ildiz otgan tizimga har qanday tanqidchi jurnalist, bloger yoki faolning ovozini o'chirish uchun turli bahonalar beradi.
Tashkilot 10 bloger va jurnalist boshdan kechirgan bosim va tazyiqlarni analiz qilib, hozirgi O'zbekistonda erkin so'z va fikr naqadar tor ma'noga ega ekanini ochib beradi.
Prezident Mirziyoyev va mutasaddilar erkinlik mas'uliyat talab qilishini ta'kidlaydi, ya'ni fuqaro o'z fikrini asoslab berishi yoki har qanday axborotni isbot-dalili bilan taqdim etishi kerak.
O'zbek inson huquqlari forumi o'rgangan holatlarda faollar masalaga shunday yondashgani aniqlangan, ammo ular baribir aziyat chekkan va chekmoqda.
Ularga birinchi navbatda mahalliy organlar bosim ko'rsatgan. Ularni qo'rqitishgan, oilalariga do'q-po'pisa qilingan, sudga tortishgan, ba'zilarini ruhan kasal deb maxsus muassasalarga yotqizishgan.
Farg'ona viloyatidan tortib Qoraqalpog'istongacha, blogerlar va mustaqil jurnalistlar adolatni targ'ib qilaman deb, o'zlari adolatsizlik girdobida qolgan, deya tasvirlanadi hisobotda.
O'zbekiston hukumatiga forum quyidagilarni tavsiya qiladi:
- Haqoratda ayblangan insonni jinoiy javobgarlikka tortish kabi chorani bekor qiling, jumladan prezidentga nisbatan aytilgan yoki yozilgan tanqidni shunday baholashni. Bu kabi siyosat BMT doirasidagi xalqaro qonunlar va qadriyatlarga zid.
- Jurnalistlar, blogerlar va faollarni erkin fikri uchun tergov qilib, sudga tortishni bas qiling. Ular uzviy huquqlaridan foydalanmoqda, jumladan so'z va fikr erkinligi hamda tinch maqsadlarga yig'ilish va uyushish.
- Prezident Mirziyoyev hozirda tergov ostida yoki qamoqda bo'lgan jurnalist, bloger va faollarni afv etib, qo'yib yuborilishini ta'minlasin. Zarur bo'lsa, ular reabilitatsiya qilinishi kerak.
- Odamlar o'z qarashlarini erkin tarzda bir joyga to'plangan holda bildirishga haqli. Ularni va ularning chiqishlarini yoritayotgan jurnalist va blogerlar jazoga tortilmasligi kerak.
- O'zbekistonda har bir sud adolatli kechishi uchun hukumat xalqaro qonunlarga bosh egib barcha choralarni ko'rishi lozim.
Facebook Forum