Turkiya Radio va TV Oliy kengashi olti muxolifatchi kanalning saylov paytida bergan materiallarini ko'rib chiqmoqda. Bu axborot vositalari ommani haqoratlaganlikda gumon ostida. Kengashga ko'ra, tomoshabinlar ulardan shikoyat qilgan, ammo tafsilotlar ma'lum qilinmagan.
Tekshirilayotgan kanallardan biri, "Tele 1", hukumatni senzurada ayblamoqda. Kengash tuzumning o'yinchog'i, deya bildiradi kanal, g'alabasidan kuchi oshgan rahbariyat endi tanqidchi manbalardan alamini olmoqchi.
28-may kungi saylovda, ikkinchi raundda, amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdog'an ustun keldi.
Saylov oldidan, ovoz berish paytida va undan keyin media qattiq tazyiqqa olindi. Jurnalistlar hibsda ushlab turildi, qamoqqa hukm qilindi, do'pposlandi, erkin ishlay olmadi.
Huquq himoyasi bilan shug'ullanadigan "Ozodlik uyi" xalqaro tashkiloti tahlilicha, Turkiyada matbuot erkinligi oxirgi 10 yilda faqat cheklandi va bugun vaziyat yanayam og'irlashgan.
Tashkilot eksperti Ketrin Grot deydiki, Erdog'an va uning "Adolat va taraqqiyot" partiyasi mustaqil matbuotga qarshi va har qanday tanqid uchun jazolash bilan ovora.
“Olti telekanal tekshirilayotgani - buning yaqqol isboti. Muxolifatni siquvga olish uchun Turkiyada hukumat qanchalik repressiv bo'la olishini ko'rsatmoqda", - deydi Grot.
"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotidan Eron Onderoglu bosimlardan ajablanmayapti.
"Tanqidchilarga o'lim, deb bong urayotganlarning muddaosi shu - kim norozi bo'lsa, hukumatni yoqlamasa, ovozi o'chiriladi", - deydi Onderoglu.
Turkiya Radio va TV Oliy kengashi elakdan o'tkazayotgan kanallaar - "Halk TV", "Tele 1", "KRT TV", "TV 5", "Flash Haber TV" and "Szc TV".
Aprel oyida ularning uchtasiga jarima solingan. Sabab - zilzila oqibatlari bilan kurash sust ketmoqda, deya tanqidiy materiallar berilgan. Hukumatga ko'ra, bunday yondashuv asossizdir.
2022-yilda kengash 54 marta besh mustaqil telekanalni jazolagan.
"Turkiya Radio va TV Oliy kengashi - hukumat organi", - deya qoralaydi Faruk Eren, Turkiya kasaba uyushmalariga kiradigan jurnalistik ittifoq rahbari.
"Oldinda hamkasblarimizni yanayam qiyin davr kutmoqda".
Turkiya Radio va TV Oliy kengashi o'zini qonun ustuvorligi targ'ibotchisi, plyuralizm va erkin matbuot tarafdori, deya tanishtiradi.
Turkiya hozir so'z va media erkinligi bo'yicha reytinglarda 180 davlat ichida 165-o'rinda.
“Turkiya orqaga ketayotgani normal holat bo'lib qoldi", - deydi Sinan Jiddi, Amerikada faoliyat yuritadigan turk ekspert.
Uning taxminicha, Erdog'an yangi muddatda mediani ezishda davom etadi, balki keskinroq choralarni ishga soladi.
“Unga qolsa, Turkiyada media erkin deb takrorlayveradi. Qarang, meni tanqid qiladigan kanallar bor, deya ko'z-ko'z qiladi. Erdog'an shu tariqa qutulib ketadi",- deydi Jiddi.
Suay Buluguris Turkiyada raqamli media bilan bog'liq ahvolni o'rganadi. Saylovdan keyin boshlangan tekshiruvlar hukumatdan signal, deydi u. Turkiyada erkinlik torayaveradi.
“Turkiya Radio va TV Oliy kengashi - hukumatning mediani jazolash vositasi, quroli. Siyosiy progress va demokratik islohotlarga umid qilmang”.
Jiddi nazarida esa tandiq pasaymaydi va muxolif ovozlar ko'tarilaveradi.
“Media mustaqilligi va umuman, erkinlik talabi bilan namoyishlar avj olsa ajabmas".
Facebook Forum