Breaking News

AQShning Yaqin Sharqdagi ishtiroki qisqarib boryaptimi?


Tahlilchilar fikricha, Yaqin Sharqda Xitoyning nufuzi oshib bormoqda.
Tahlilchilar fikricha, Yaqin Sharqda Xitoyning nufuzi oshib bormoqda.

Yaqin Sharqdagi ba'zi tahlilchilarning ta'kidlashicha, Xitoyning o’sib borayotgan harbiy qudrati va texnologik taraqqiyoti Vashington e'tiborini Yaqin Sharq mintaqasidan chalg'itmoqda. Qo'shma Shtatlar mintaqadagi yagona global o'yinchi bo'lmasa-da, Yaqin Sharqdan chekinayotgani haqiqatdan yiroq, deydi boshqa kuzatuvchilar.

Tahlilchilar xavfsizlik va energetika masalalarini, Isroil va Eronning yadroviy raqobatini Yaqin Sharqdagi AQSh siyosati uchun asosiy masala deb biladi. Vashingtonda joylashgan Xeriteyj jamg’armasi xodimi Jeyms Fillips fikricha, Vashington mintaqaviy ittifoqchilarni o'z mudofaasi uchun ko'proq mas'uliyatni o'z zimmasiga olishga undamoqda.

“Ko‘rfazdagi arab davlatlari Xitoy va Rossiya bilan yaqinroq aloqalarni himoya qilmoqda va rivojlantirmoqda. Eron va Turkiya esa Iroq va Suriyaning bir qismini o'zlashtirmoqda", - dedi Fillips.

Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi jamg'armasi katta ilmiy xodimi Jennifer Kavanoning aytishicha, AQSh xavfsizlik kuchlari Iroq urushi avj olgan paytdagidek bo’lmasa ham, hanuz mintaqada 30-40 ming kishilik armiyaga, o'nlab harbiy bazalar, shu jumladan, bir nechta yirik harbiy obyektlarga egalik qiladi. Uning qo’shimcha qilishicha, “Yaqin Sharqqa qurol savdosining qariyb 54 foizi AQShdan keladi”.

“AQSh oʻzining diplomatik rolidan butunlay qaytgani yoʻq. Yangicha xavfsizlik talablariga moslashuv bor", - dedi Kavano.

Eng katta oʻzgarishlardan biri shundaki, Rossiya va Xitoy mintaqada kattaroq rol oʻynamoqda.

“Gap AQShning chiqib ketishi haqida emas, kuchlarning nisbiy oʻzgarishida. Hozirda AQSh mintaqaga ko’proq kuchlarini joylayapti. Ba'zi masalalarda hatto avvalgidan ko’proq ish qilyapti", - deydi ekspert.

Kavanoning aytishicha, Xitoyning Yaqin Sharqdagi harbiy ishtiroki juda kichik, lekin iqtisodiy faoliyati juda katta. Rossiya Suriyada tarixan harbiy kuchlarga ega bo’lgan, biroq Ukrainadagi urushini hisobga olganda, hozir u mintaqaga qurol-yarog‘ bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshira olmaydi.

“Xitoy va Rossiya mintaqa davlatlariga nimadir taklif qilmoqda. Bu AQShning o’rnini egallovchi emas, balki to‘ldiruvchidir. Bu tashqi kuchlar AQSh taqdim etgan xavfsizlik kafolatlarini taklif qila oladimi? Javob shuki, yo‘q. Ularda imkoniyat yoki iroda yo'q. Xitoyning kelishuvlari ixtiyoriy. Qo'shma Shtatlar hanuzgacha asosiy xavfsizlik rolini bajarmoqda", - deydi Karnegi jamg'armasi katta ilmiy xodimi Frederik Vehri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG