Jurnalistika o'tgan ikki o'nyillikda Afg'onistonda jadal rivojlangan, zamon bilan hamnafas sohaga aylangan edi. Yoshlar, erkaklar va ayollar, birdek qiziqib, uni egallashga harakat qilayotgan, jamiyat uchun suv va havodek zarur manba deb qaraladigan yo'nalish edi. Tolibon hukmronligi ostida bu sektor deyarli yo'qqa chiqdi, deydi afg'onlar, bugun jurnalistika so'ngan.
Bir necha yil oldin Hirotda yuzlab talaba aynan jurnalistika bo'yicha ilm olayotgan edi, amaliy tajriba oshirayotgan edi. Eng dinamik hisoblanar edi.
Kakshan Sharq universiteti bugun kimni o'qitishni bilmaydi, chunki qiziqib kelayotganlar yo'q.
Yoshlar medianing kelajagi yo'q deb o'ylaydi. Ular uchun mamlakatning istiqboli zulmat. Tolibon har narsani yopib, man etar ekan, ommaviy axborot degan tushunchaning o'zi qolmayapti.
"Afsuski, juda oz odam hujjat topshirgani uchun bu fakultetni yopishga qaror qildik", - deydi Ali Ahmad Stariy, universiteti rasmiysi.
O'qishni oldinroq boshlaganlar esa diplomni olib, bir amallab kun ko'rish niyatida. Boshqa yo'l yo'q, deydi ular.
Hirot universitetidan Abdul Vasiy deydiki, media sohada ish kamayib ketgan va jurnalistika bilan shug'ullanish uchun imkon yo'q. Erkinlik yo'q, axborot o'rnini diniy targ'ibot egallagan.
2021-yilgacha, ya'ni Tolibon hokimiyatni egallashidan oldin Hirotning o'zida 70 ga yaqin media ishlar edi, saytlar, nashrlar, teleradiolar. Birma-bir yopildi.
Tolibonga ko'ra, jurnalistikaga hech kim to'siq qo'ymagan. Hirot viloyat hokimiyati yoshlarga bu jabhada professional yordam va'da qilmoqda.
"Nimaiki muammo bo'lsa, ko'rib chiqamiz. Axborot olishmi yoki moliyaviy. Biz media tashkilotlari faoliyati davom etishini istaymiz", - deydi Mavlono Naim ul-Haq, Hirot rasmiysi.
Jamoatchilik nazarida esa bu quruq gap.
"Erkinlik tobora cheklanar ekan, kim istaydi bu sohada ishlashni? Tolibon tepada ekan, media degan narsa bo'lmaydi, bu aniq", - deydi Zalmay Aziziy, telejurnalist.
Yoshlar umidsiz, soha vakillari umidsiz. Hirot va boshqa viloyatlarda ommaviy axborot vositalari va yangilik manbalari tobora kamayib bormoqda.
Facebook Forum