O'zbekistonda ko'zga ko'ringan jurnalist va blogerlar tuhmat va tovlamachilikda gumon qilingan "Komromatuzb" ishi yuzasidan mahkama 26-sentabr kuni yakunlanib, hukm o'qildi.
Yopiq shaklda kechgan sud shu yilning 18-iyul kuni boshlangan edi. Jarayon shunday o'tkazilishini to'rt ayblanuvchidan ikkisi iltimos qilgan.
Toshkent shahar Shayxontohur tumanining jinoyat ishlari bo'yicha sudida bugun o'qilgan hukm tafsilotlari quyidagicha:
39 yoshli jurnalist va bloger Xurshid Daliyev tuhmat va tovlamachilik qilmagan deb topilgan, ya'ni bu boradagi jinoiy ayblovlardan oqlangan. Biroq, suz nazarida, Daliyev Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi 3-qismi, 184-moddasi, ya'ni soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va 243-moddasi, ya'ni jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishda aybdor.
Human.uz axborot portali asoschisi bo'lmish Daliyev 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan. Shuningdek, azaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarimaga tortiladi va 7 yilga ozodlikdan mahrum etilishi buyurilgan. Bu jazoni Daliyev umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.
"O'zbekfeftgaz" matbuot xizmatini boshqargan 40 yoshli Siyovush Hoshimov ham tuhmat va tovlamachilik ayblaridan oqlangan, ammo Daliyev singari qator moddalar bo'yicha jinoyat qilgan, deya 7 yilga qamalishi tayinlangan. Hoshimovning ham 3 yil ommaviy axborot vositalarida ishlashi, jurnalistlik yoki blogerlik qilishi man etiladi. U ham umumiy tartibli koloniyada bo'ladi.
Human.uz portalida ishlagan 19 yoshli Ahmadullo Ahmadjonov jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirishda aybdor deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi olgan,
Bandlik va mehnat masalalari vazirligida matbuot xizmatiga rahbarlik qilgan 50 yoshli Mavjuda Mirzayeva tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) hamda boshqa jinoyatlarda aybli topilib, 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash, jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan, shuningdek, 5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga loyiq deb belgilangan.
Hibs va ayblovlar
Daliyev va Human.uz bosh muharriri Muslim Mirzajonov shu yilning 27-yanvarida Toshkentda hibsga olingan edi. Mirzajonov bir kun ichida qo'yib yuborilgan. Unga biror ayb qo'yilmagan. Ahmadjonov bir oycha ushlab turilib, qo'yib yuborilgan.
Mirzayeva va Hoshimov ham 27-yanvarda organlar tomonidan olib ketilgan.
Human.uz yopilmagan. Tergov paytida musodara qilingan vositalar qisman tashkilotga qaytarilgan. Biroq moddiy jihatdan qiynalgan sayt faoliyati deyarli to'xtab, o'nlab xodimlar ishidan ayrilgan.
Oliy sudga ko‘ra, Daliyev Jinoyat kodeksining 139-modda 2-qismi, ya'ni tuhmatda; 165-modda 3-qismi a-bandi 3-qismi a-bandi, ya'ni tovlamachilikda, 184-modda 3-qismi, ya'ni soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashda, 243-modda bo'yicha, ya'ni jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishda ayblangan.
Xoshimov 139-modda 2-qismi, ya'ni tuhmatda; 165-modda 3-qismi a-bandi 3-qismi a-bandi, ya'ni tovlamachilikda; 243-modda bo'yicha, ya'ni jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishda bilan ayblangan.
Mirzayeva 113-modda 4-qismi, xususan OITS tarqatishda, shuningdek, 165-modda 2-qismi bo'yicha, ya'ni tovlamachilikda ayblangan.
"Amerika Ovozi" manbalariga ko'ra, Daliyev va Mirzayeva ayblarni sudda qisman tan olgan. Hoshimov va Ahmadjonov o'zini aybsiz deb bilishini bildirgan.
Ayblov xulosasida qayd etilishicha, 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar da’vogar bo'lib, to'rt ayblanuvchidan ular jami 5 milliard 140 million so‘mlik zarar ko'rgan.
Jabrlanuvchilar va guvohlar orasida sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov ham bo'lgan. U shu yilning aprel oyida hukumatdan ketgan.
Mart oyidan buyon hibsdagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi sobiq direktori Afzal Irmatov ham jabrlanganlar safida.
Samarqand viloyati hokimi matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Mirzo Sharipov, Davlat veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi huzuridagi “O‘zbekchorvanasl” agentligi bosh direktori Baxtiyor Otamurodov va yana o'nlab shaxslar ayblov xulosasida "Kompromatuzb" tomonidan shantaj qilinganlar sifatida tilga olingan.