Breaking News

Karimov xotirasiga bag’ishlangan tadbirlar nimalarga ishora?


Islom Karimovning o’limidan yetti yil o’tdi. Uning xotirasi har yili yodga olinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Karimovni ulug’lashdan ham, u qoldirgan siyosiy tuzumdan ham voz kechmagan bo’lsa-da, o’zbek jamiyati mamlakatda hokimiyat o’zgarishi ortidan yangi umidlar bilan yashab kelmoqda.

Markaziy hukumat ishtirokidagi har qanday tadbir, marosimlar jamoatchilikka aniq ishoralar yo’llashi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Karimov xotirasi uchun davlat miqyosida rejalangan tadbirlar ham bundan xoli emas, o’tmishga, bugunga, istiqbolga ishoralar beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. 30-yanvar, Toshkent shahri.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. 30-yanvar, Toshkent shahri.

Mirziyoyev Karimov hukumatining asosiy kadrlaridan biri sifatida sobiq tuzum chorak asr davomida mamlakat taraqqiyotini bo’g’ib kelganini yaxshi biladi.

Mamlakatning og’riqli muammolari sobiq tuzum davridan meros ekanligi haqida, “yangi O’zbekiston” mutlaqo boshqa, demokratik tamoyillarga asoslangan marralarga intilayotgani haqida ko’p gapirgan.

Amaliyot “yangi O’zbekiston” eskisidan uzoqlashmayotgani, ayrim holatlarda sobiq tuzumdagi tazyiq choralari hamon iste’molda ekanligidan darak beradi.

Karimov boshqaruvi uchun eng xavfli dushman muxoliflar va so’z erkinligi edi, milliy xavfsizlik tizimini asosiy qudrati muxoliflarga, matbuotga qarshi kurashga qaratilgan edi.

Mirziyoyev davrida ham jurnalistlar bilan nomi o’zgartirilgan avvalgi tuzilma - Davlat xavfsizlik xizmati shug’ullanmoqda, jurnalistlar DXX hibsxonasida so’roq qilinmoqda.

Go’yo O’zbekiston DXX shug’ullanishi mumkin bo’lgan yirik korrupsionerlardan xoli mamlakatdek, bu xuddi prokuratura qoshidagi korrupsiyaviy jinoyatlarga qarshi kurash qo’mitasi korrupsiyani maktab o’qituvchilari orasidan izlashiga o’xshash holat.

Hibsdagilar qatoriga esa yana bir jurnalist Mavjuda Mirzayeva ham qo’shildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot kotibi lavozimida ishlab kelgan Mavjuda Mirzayeva ham “Kompromatuzb” kanali orqali “mansabdor shaxslarning xizmat faoliyati, shaxsiga doir ma’lumotlarni ochiqlash, tovlamachilik” qilishda ayblanmoqda.

Mirziyoyev davri uyg’otgan Jurnalistlar ijodiy uyushmasi ham hozircha vaziyat yuzasidan biror bayonot bermadi.

“Human.uz” nashri ofisiga bostirib kirish, jurnalistlar hibsi bilan bog’liq bu ish Karimov davrida shov-shuvlarga sabab bo’lgan Usmon Haqnazar (jurnalist Bobomurod Abdullayev) voqeasini yodga soladi.

Ayniqsa, har ikki holatda ham jurnalistlar so’ngi muddatgacha anonimlik saqlashga muvaffaq bo’lishgani inobatga olinsa.

Jurnalistlar nima uchun o’z ismini yashirishga majbur qolishganiga esa sobiq tuzum davridagi tazyiqlar yaqqol misol. Afsuski Mirziyoyev davrida ham buning uchun sabablar yetarligicha qolyapti.

Karimov davrida O’zbekiston qamoqdagi jurnalistlar hisobi bo’yicha mintaqadagi yetakchi davlat edi. Mirziyoyev boshqaruvida ular ozodlikka chiqarildi, ammo yangilari qamoqqa tashlandi, ayrimlari jarimaga tortilmoqda, ayrimlari noma’lum guruh tomonidan kaltaklab ketilmoqda.

Butin bir tahririyat, nashr “uyushgan jinoyat”da gumonlanganda esa ularning idorasiga bostirib kirilmoqda, jurnalistlar yoppasiga hibs qilinmoqda.

Ta’kidlash kerak, butin bir tahririyatni hibsga olinishi hatto bugun xotirasiga ehtirom ko’rsatilayotgan Karimov diktaturasi davrida ham kuzatilmagan voqelik.

Xullas, jurnalistlar uchun sobiq tuzum sharpasi uzoqqa ketgani yo’q, mamlakat, poytaxt bo’ylab kezib yuribdi, ayniqsa, bu tuzum asoschisi yo’qlab, xotirlab turilgani inobatga olinsa.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG