Breaking News

Mirziyoyev Qirg'izistonda ekan, DXX jurnalistlardan iborat "jinoiy guruh"ni fosh etdi


27-yanvar kuni ertalab Toshkentda “Human.uz” nashri jurnalistlari hibsga olindi. Nashr direktori Xurshid Daliyev, bosh muharrir Muslim Mirzajonov va tahririyatning yetti nafar xodimi nima sababdan hibs qilingani kun davomida noaniq qoldi.

Jurnalistlar, blogerlar, ayrim nodavlat tashkilotlar orasida norozilik kuchayar ekan, kechga tomon Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) bayonot bilan chiqdi.

Ta’kidlanishicha, “DXX organlari tomonidan fuqaro I.А.dan kelib tushgan murojaatga asosan, fuqaro D.X. va boshqalarning “Telegram” messendjeridagi “Kompromatuzb” va boshqa kanallar orqali amalga oshirilgan jinoyatlarga aloqadorliklari sababli ularga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan va xozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov davomida protsess ishtirokchilari advokat bilan taʼminlangan. Tergov jarayonlarini olib borishda ularning qonun bilan belgilangan huquq va erkinliklari taʼminlanishi kafolatlanadi”.

DXX yuritayotgan jinoyat ishi bo’yicha hibs, tintuv ham qanchalik qonun talablariga javob bergani no’malum.

Human.uz bilan muloqot, Toshkent, aprel, 2019
Human.uz bilan muloqot, Toshkent, aprel, 2019

Ayrim xabarlarga ko’ra, o’zlarini ichki ishlar boshqarmasi vakillari deb tanishtirgan noma’lum kishilar tahririyat idorasi eshigini sindirib kirishgan. “Human.uz” idorasi tintuv o’tkazilishi ortidan muhrlab ketilgan, nashr sayti bloklangan.

“Human.uz”ning Telegram kanalida nashrning yetti nafar xodimi hibs qilingani, ular bilan aloqa yo’qligi, “tahririyat ushbu holatni O’zbekiston Respublikasi prezidenti siyosatiga mutlaqo zid va so’z erkinligiga tahdid deb” hisoblashi haqida xabar qoldirilgan.

“Human.uz” Telegramdagi sahifasida hibsdagi jurnalistlarga nisbatan qo’yilgan ayblovlarga, bu borada tarqalgan turli xabarlarga ham munosabat bildirgan:

“Human.uz xodimlari boshqa Telegram kanalining adminlari sifatida hibsga olingani haqida tarqatilgan iddaolar asossiz, nashrga nisbatan axborot xuruji uyushtirilmoqda”.

DXX bayonoti paydo bo’lishidan avval mahalliy matbuotdagi ayrim nashrlar Xurshid Daliyev va Muslim Mirzajonovlar “Kompromatuzb” Telegram kanali adminlari sifatida hibsga olinganini xabar qilishgan edi.

“Aniq.uz” nashrining o’z manbalariga tayanib yozishicha, “ushbu shaxslar Telegramdagi “Kompromatuzb” kanali adminstratorlari hisoblanishadi. Ushbu kanalda ko‘plab tasdiqlanmagan va ziddiyatli xabarlar berib borilgan. Bundan tashqari, ushbu kanal adminstratorlari orasida boshqa tashkilot vakillari ham bor”.

“Kompromatuzb” Telegram kanalidagi so’nggi xabar 26-yanvar kuni qo’yilgan. Bu xabarda Qarshi shahar mahalliy kengash deputati Navro’z Farmonov shahardagi “Ikkilamchiqorametall” korxonasi ishchisi Faxriddin Mirzayevni do’pposlagani, voqeaga 10 kun bo’layotganiga qaramasdan Qashqadaryo prokuraturasi sukutdaligi, jabrlanuvchi arizasi inobatsiz qoldirilgani ta’kidlanadi.

DXX jurnalistlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 162-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo’zg’atgan. Bu modda tovlamachilik, aniqrog’i, bir guruh shaxslar tomonidan uyushgan tarzda tovlamachilik jinoyatini sodir etishni nazarda tutadi.

DXXga kim shikoyat bilan chiqqani noma’lum. Jurnalistlar haqiqatda “Kompromatuzb” Telegram kanalini yuritgan deb ehtimol qilingan taqdirda ham, kanal materiallar jurnalistlarning `mamlakatdagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy muammolarga befarq emasligidan darak beradi.

“Human.uz” nashri xodimlarining hibsga olinishi so’nggi paytda o’zbek jurnalistlari, blogerlariga boshlangan bosimning navbatdagi ijrosi sifatida ko’rinadi.

Yaqinda mamlakatdagi energetik inqiroz davomida bosh vazir ishtirokidagi uchrashuvni tasvirga olishga uringan “Effekt.uz” sayti jurnalistlari ushlab ketilgan, texnikasi, yozuv vositalari tortib olingan edi. Avvalroq “Ko’zgu” nashri rahbari Abduqodir Mo’minov o’z uyi yaqinida niqobdagi noma’lum kishilar tomonidan kaltaklab ketilgan.

Toshkentda "Human.uz" tahririyati bilan yuzma-yuz muloqot, 2019-yil. Tomosha qiling:

Human.uz huquqni yoritib, xalq ishonchini qozonmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:41:37 0:00
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG