Breaking News

O’zbekiston: islohotlar davri tugadimi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sobiq prezident Islom Karimovni xotirlash marosimida.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sobiq prezident Islom Karimovni xotirlash marosimida.

"Human.uz" sayti jurnalistlari hibsga olinishi bilan kuzatilgan so’nggi vaziyat Prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi davrida boshlangan nisbiy erkinliklar davrida tanilgan ba'zi jurnalistlar va blogerlarning qamoqqa olinishi bilan ko’zga tashlanmoqda.

8-fevral kuni "Ko’zgu.uz" nashri rahbari Abduqodir Mo’minov ham hisbga olingani xabar qilindi.

Uning qamoqqa olinishiga ham, "Human.uz" xodimlari bilan bo'lgani kabi, noma’lum shaxs tomonidan kiritilgan shikoyat arizasi sabab bo’lgan.

Abduqodir Mo’minov va undan oldin olib ketilgan bir guruh jurnalistlar tovlamachilikda ayblanmoqda.

"Human.uz" bilan bog’liq mojarodan farqli tomoni - Mo’minovning ishi yuzasidan ma’lumotni DXX emas, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi taqdim etdi.

Rasmiy ma’lumotda Abduqodir Mo’minovga nisbatan tovlamachilik va firibgarlik aybi bilan jinoyat ishi ochilgani, u ismi to’liq keltirilmagan mansabdor shaxsdan 70 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qilgani aytiladi.

Mo’minovning hibsga olinishi manzarasida O’zbekistondagi korrupsiyaga doir chiqishlari bilan tanilgan yana bir jurnalist, Rost.uz nashri rahbari Anora Sodiqova o’ziga nisbatan jiddiy tazyiqlar boshlaganini bildirdi.

Tazyiqqa Rost.uz nashrida e’lon qilingan, hozirda esa sahifadan olib tashlangan tanqidiy maqola sabab bo’lgan.

“Epsilon - O‘zbekiston yer osti boyliklarini o‘zlashtirayotgan kompaniya ortida kim bor?" nomli maqolada muallif Anora Sodiqova keng vakolatlar berilgan mazkur kompaniya faoliyatini shubha ostiga oladi.

Jurnalist, jumladan, ofshor hududda ro‘yxatdan o‘tgan "Epsilon DC" kompaniyasining asl ta’sischisi kimligi, nima sababdan kelib chiqishi shubhali kompaniyaga O‘zbekistonning beshta konida geologik-razvedka ishlarini olib borishga ruxsat berilgani kabi savollarni ko’targan.

"Epsilon DC" O’zbekiston tabiiy-zaxiralarini tijorat siri ostida o’zlashtirayotgan bahsli kompaniyalardan biri. Jurnalistga bosim ostida hukumat turibdimi yoki mavhum kompaniyami, bu aniq emas.

Ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bosim bo’layotganiga, tahririyat o’z faoliyatini to’xtatishi mumkinligiga ishora qilgan jurnalist Anora Sodiqova keyinchalik bu chiqishini o’chirgan.

Ayni paytda Rost.uz sayti, shuningdek, dastlab hibsga olingan, hozirda uyushgan tarzda tovlamachilik qilishda ayblanayotgan jurnalist Xurshid Daliyev rahbarligidagi Human.uz sayti ham faoliyatini davom ettirmoqda.

Ammo har ikki nashrda ham tahririyat jurnalistlari, rahbariyati doxil voqea yuzasidan izoh, tushuntirish berilmayapti. Xususan, qo'yilgan ayblov va ko’rsatilgan bosimlar haqida ham.

Bu sukut nafaqat bosimga uchragan, jurnalistlari qamoqqa olingan nashrlarda, balki mamlakatdagi boshqa xususiy ommaviy axborot vositalarida ham kuzatilmoqda.

Jurnalistlar qamoqqa olinganiga doir xabarlar DXX yoki Ichki ishlar boshqarmasi chiqargan ma’lumotlarni jamoatchilikka taqdim etish bilan cheklangan.

Ayni paytda hibsga olingan jurnalistlar bilan bog’liq vaziyat, xususan ularning qamoqxonadagi ahvoliga doir vaziyat mavhum.

"Human.uz" jurnalistlari hibs qilinishi yuzasidan bayonot bergan Davlat xavfsizlik xizmati jurnalistlar advokat bilan ta’minlangani, jarayon haqida jamoatchilik davomli tarzda xabardor qilib borilishini bildirgan edi.

Jurnalistlar Xurshid Daliyev, Mavjuda Mirzayeva, Abduqodir Mo’minovlarlarning hibsga olinishi so’nggi yillarda jurnalistlar ustidan ochilgan yirik jinoiy ishlar ekanligi bilan diqqatli.

Faollar bu hibslarni O’zbekistondagi islohotlar intihosi sifatida ham baholamoqda.

Mustaqil jurnalist Yusuf Ro’zimurod hibsga olingan, bosimga uchragan jurnalistlar aynan tanqidiy chiqishlari bilan tanilgani, bu uyg’onish umididagi o’zbek jurnalistikasi uchun jiddiy zarba bo’lganligini ta’kidlaydi.

“Islohotlar, matbuotdagi uyg’onishlar haqidagi gaplar tugadi. Hukumat asl qiyofasini ko’rsatyapti. Bu hibslar uyg’onishga ulgurmagan o’zbek jurnalistikasini yana cho’ktiradi. Diqqat qilsangiz, hibsdagi jurnalistlar himoyasi uchun chiqayotganlar asosan xorijdagi faollar. Mamlakatning o’zida sukut, jurnalistlar jim, tahlikaga tushib qolishgan. Islohotlar amalga oshmasligi aniq bo’lganidan keyin, albatta, uning o’rniga bosimlar boshlanishi kerak edi. Shunday bo’lyapti, davom etadi, chunki mamlakatda siyosiy tuzum o’zgarmadi”, - deydi sobiq prezident Islom Karimov davrida jurnalistik faoliyati uchun 19 yillik qamoq jazosini o’tab chiqqan jurnalist Yusuf Ro’zimurod.

Huquq-tartibot idoralari “Kompromatuzb” doirasida hibsga olingan jurnalistlarni Jinoyat kodeksining 165- moddasi, uyushgan holda jinoiy guruh tuzish va tovlamachilikda ayblamoqda.

8-fevral kuni hibs qilingan Abduqodir Mo’minov ham tovlamachilik va firibgarlikda ayblanyapti, uning ishi alohida ko’rilmoqda.

Ayni paytda jurnalistlar ustidan tergov ishlari davom etyapti.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG