6-noyabr kuni Ostonada AQShdan borgan yirik delegatsya Qozog'iston bilan strategik hamkorlikni muhokama qildi. Oq uy, Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi va boshqa organlarning vakillariga To'qayev ma'muriyati bilan muloqotda xavfsizlik, iqtisod, inson huquqlari va ijtimoiy taraqqiyot bilan bog'liq masalalarga e'tibor qaratgan.
Rasmiylar deydiki, bu - yuqori darajadagi, ya'ni tobora yuksalib borayotgan sheriklik, oradagi ishonch mustahkam.
AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Donald Lu boshchiligidagi guruh qonun ustuvorligini ta'minlash, shaffoflik va matbuot erkinligi singari talablarni eslatgan. Amerikaning Markaziy Osiyodagi eng yirik sarmoyasi Qozog'istonda ekaniga urg'u berib, biznes hamkorlik kengayishi uchun nimalar qilmoq zarurligi aytilgan.
To'qayev ma'muriyatining ta'kidlashicha, respublika islohotlar ostida va demokratik yo'lda.
Qozog'iston Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Kayrat Umarov so'zlariga ko'ra, siyosiy, madaniy va gumanitar sohalarda birga ishlashi xalqaro ahamiyatga ega, jumladan C5+1 dipliomatik platformasida hamda BMT doirasida, chunki Ostona global maydonda ham faol.
Ikki davlatning yakdilligi, deydi Umarov, mintaqa ravnaqi uchun ham zarur. Qozog'iston - Markaziy Osiyoning iqtisodiy jihatdan eng qudratli davlati.
2018-yildan beri AQSh va Qozog'iston yuqori strategik sheriklik dialogi olib boradi. Hukumatlararo maxsus komissiya tuzilgan bo'lib, u uch qo'mitadan iborat - siyosiy va xavfsizlik, savdo va iqtisod hamda inson manfaatlari bilan bog'liq masalalar ustida ishlovchi guruhlar. Tomonlar yilda bir marta keng davraga yig'iladi, ammo faoliyat davomiy.
Davlat kotibi muovini Lu va boshqa mehmonlar Ostonada jurnalistlar, fuqaro jamiyati a'zolari va yoshlar bilan ham ushrashgan.
Bu muloqotlarda AQSh delegatsiyasi demokratik qadriyatlar, jumladan so'z erkinligi va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishni targ'ib qilgan.
Delegatsiya Ostonadan Toshkentga borib, u yerda ham straregik hamkorlikni ko'rib chiqadi.
Bayden ma'muriyati, deya qayd etadi Lu va boshqa rasmiylar, har ikki davlatning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va mustaqilligini quvvatlaydi va serqirra hamkorlik yo'lidan bormoqda.
O'zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda, Qozog'istonda Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev 2022-yilda boshlagan islohotlar samara berishi kerak, deydi AQSh rasmiylari, Vashington bu borada yordam bermoqda va berishda davom etadi.
AQSh va Qozog'iston hukumatlarining qo'shma bayonotida C5+1 doirasida birga ishlash va mintaqaviy integratsiyaga - mushtarak maqsadlar, deya tasvirlanadi.
Terrorizmga qarshi kurash, huquq tartibot organlari hamkorligi, qoradori savdosini bartaraf etish, yadroviy qurollar va materiallar tarqalmasligi uchun bir yoqadan bosh chiqarish ham yuqori o'rindagi vazifalar deb belgilangan.
Energetika, jumladan muqobil quvvat manbalari, shuningdek, iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga nisbatan chora ko'rish, minerallar va geologik tadqiqotlar, ilm-fan, texnologiya, transport sohasida qo'shma loyihalar olib borishga ham kelishilgan.
Qozog'istonda siyosiy islohotlar davom etib, matbuot erkinligi va fuqaro jamiyati uchun kengroq yo'l ochiladi, degan umidni Vashingtondan borgan delegatsiya bot-bot qayd etgan.
To'qayev ma'muriyati islohotlar jadallashadi deya va'da bergan, Amerika hukumati esa ularni quvvatlashdan to'xtamasligini uqtirgan.