3-noyabr kuni Ostonada kechgan sammitda Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo Turkiya, Ozarbayjon, O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston prezidentlari xavfsizlik, savdo, transport va madaniy-ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlashga kelishgan.
Organda kuzatuvchi maqomiga ega Vengriya, Shimoliy Kipr va Turkmaniston rahbarlari ham qatnashgan.
10-sammitda har bir a'zo davlat o'z takliflarini olg'a surib, ular asosida qo'shma deklaratsiya qabul qilingan.
Birinchi navbatda turkiy davlatlar o'z tashqi siyosatini muvofiqlashtirishga bel bog'lagan. Xavfsizlik bo'yicha hamkorlik kuchaytiriladi.
Ikkinchi vazifa - iqtisodiy integratsiya sari harakat qilish. Transport va savdo tizimlarini ulashda davom etish.
Uchinchi vazifa - xalqlar bir-biriga yaqinlashishini ta'minlash. Turizm va ta'lim uchun imkoniyatlar ochish, madaniy rishtalarni kengaytirish.
To'rtinchi maqsad - davlat institutlarini bir-biriga bog'lash, ular orasidagi hamkorlikni oshirish, o'zaro treninglar va tajriba almashishni yo'lga qo'yish.
Beshinchi muddao, deklaratsiyaga ko'ra, tashqi dunyo bilan oldi-berdini tizimlashtirish, ya'ni Turkiy davlatlar tashkiloti BMT, Yevropadagi turli tashkilotlar, Shimoliy Amerikadan Avstraliyagacha bo'lgan hududlardagi mintaqaviy va siyosiy organlar bilan mushtarak manfaatlar yo'lida hamjihatlikka intiladi. Bu tashkilotlar bilan ishlashda a'zolar bir-biri bilan maslahatlashadi.
Tashkilot raisligi O'zbekistondan Qozog'istonga o'tar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev "Turkiya davlatlar oliy ordenii" bilan mukofotlangan.
Mirziyoyev sammitda Isroil-Falastin ixtilofiga e'tibor qaratib, Yaqin Sharqda bu ikki xalq o'z mustaqil davlatlariga ega bo'lishi kerak, deya undagan. Bunday tashabbus azaldan G'arb davlatlari, qolaversa dunyo bo'ylab olg'a suriladi.
Isroil va Falastin rahbariyatlari muzokara stoliga kelish uchun bir-biriga qator talablar qo'ygan va ular bajarailmayotganida bir-birini ayblab keladi.
Mirziyoyev BMTga ulkan umidlar bog'langanini eslatgan.
O'zbekiston rahbari, shuningdek, qo'shni Afg'onistonga ham e'tibor qaratgan. Mamlakat yakkalanishi hammga birdek zarar, uning barqarorlashishi esa foyda, deya tushuntirgan Mirziyoyev.
Uning nazarida Afg'oniston ko'p jihatdan turkiy dunyoning bir qismi va atrofdagi davlatlar uning xalqi chekayotgan azob-uqubatga befarq bo'la olmaydi.
O'zbekiston Kobuldagi tan olinmagan ma'muriyat, Tolibon bilan iliq aloqada, ammo unga qo'yilgan xalqaro talablarga sherik, ya'ni harakat inson huquqlarini ta'minlashi, plyural siyosiy boshqaruv shakllantirishi va Afg'oniston zaminini terrorchilardan tozalashi shart.
Biroq bu orada xalq ocharchilikka uchramasligi uchun tashqi dunyo yordam qo'lini cho'zishi kerak, deya undab kelmoqda O'zbekiston. Mirziyoyev so'zlariga ko'ra, uning davlati ko'mak ko'rsatish istagidagi tomonlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi, o'z xizmatlarini taklif qiladi.
Mirziyoyev turkiy davlatlar siyosiy xaritasini yaratish taklifini ham bergan. Yaqindan beri Toshkentda tashkilotning jug'rofiy kengashi ishlaydi.
Qozog'iston rahbari Qosim-Jo'mart To'qayev fikricha, bu organda har bir a'zo o'zining doimiy vakiliga ega bo'lishi va bosh kotibiyatda ko'proq odam ishlashi lozim.
Xavfsizlik masalalaari va xalqaro mojarolar bilan shug'ullanish - To'qayevga ko'ra, prioritet. Birgalikda chora korish mexanimzlari kerak, deyd prezident. Uning tasvirlashicha, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash davomiy.
Savdo va sarmoya, ilm-fan va innovatsiya, shuningdek, turkiy xalqlarning umumiy tarixi va qadriyatlari asosida mushtarak standartlar va terminlar zarur, deydi To'qayev.
Ko'plab ekspertlar tilni qadrlash haqidagi bunday chaqiriqlarni olqishlasa-da, amalda konkret qadam tashlash qiyin ekanini uqtiradi. Qozoq mutaxassislarning ayrimlari bu sammitda yangragan gaplarni "doimiy safsata" deya sharhlamoqda.
Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an turkiy davlatlar bir alifboga ega bo'lsin, deb keladi. Takliflar ustida ishlayotgan komissiya bor. Uning bildirishicha, umumiy takliflar paketi ishlab chiqiladi, ammo qaror hukumatlarning o'ziga havola. Alifboni yangilash yoki o'zgartirish, bu komissiya nazarida, ichki masala.
Ostonadagi sammitda a'zolar orasida ikki tomonlama muzokaralar ham kechgan. Erdog'an mezbon To'qayevga TOGG rusumidagi elektromobil sovg'a qilgan. Bu mashina - Turkiyaning yetuk mahsulotlaridan biri va Qozog'iston va uning prezidentiga hurmat nishonasi, deydi rasmiylar.