Breaking News

Vyacheslav Axunov bilan bugungi O'zbekiston va ijod haqida suhbat


Vyacheslav Axunov hamkasbi Shuhrat Bobojonov bilan "Buxoroni bombalash" asarini vatanga, O'zbekistonga qaytardi (Facebook)
Vyacheslav Axunov hamkasbi Shuhrat Bobojonov bilan "Buxoroni bombalash" asarini vatanga, O'zbekistonga qaytardi (Facebook)

O’zbekistonning taniqli rassomi, faylasufi va yozuvchisi Vyacheslav Axunov yaqinda AQShga tashrif buyurdi. Axunov Nyu-Jersi shtatida saqlangan, SSSR davrida yaratgan “Buxoroni bombalash” asarini topib, uni o’zi bilan O’zbekistonga olib ketdi. “Amerika Ovozi” Axunov bilan bugungi ijod va mavjud muhit haqida suhbatlashdi.

Nyu-Jersi shtati, 21-mart, 2023

“Amerika Ovozi”: Bu safar Amerika Qo'shma Shtatlariga Sizni nima boshlab keldi?

Vyacheslav Oxunov: Men bu yerga 30 yildan ortiqroq vaqt avval, aniqrog'i, 33 yil oldin keltirilgan kartinamni topish missiyasi bilan keldim.

Asar “Buxoroni bombalash” deb ataladi. Kartina Londondagi ko'rgazmadan keyin AQShga ko'chib o'tgan.

“Amerika Ovozi”: Ayni kunlarda qanday his-tuyg'ularni boshdan kechirmoqdasiz?

Vyacheslav Oxunov: Eng avvalo ushbu kartinani saqlab qolgan odamlardan juda minnatdorman. Bular o’zimning jiyanim va uning eri Pyotr. Kartinani o’tgan yillar davomida qutida bo’lsada yaxshi holatda saqlashishibti. U tezda topilgani, yaxshi holatda ekanligidan mamnunman.

“Amerika Ovozi”: Asaringiz necha yildan so'ng O'zbekistonga va aynan qayerga qaytib bormoqda?

Vyacheslav Oxunov: Ko’rgazma 1989-yilda bo'lib o'tgandi ... Shunga ham 34 yil bo’libti. 35 yil to’lishiga ozgina qolgandi. Kartina xorijdan qaytarilishining rasmiy marosimidan so‘ng “Milliy san’at muzeyi”ga topshiriladi. Undan tashqari 1980-yillarda yaratilgan ikkinchi asarim — Cho‘lpon portreti ham bor. Keyinchalik har ikki ishim ham oktabr oyida Buxoroda ochiladigan muzeyga topshirilishi kerak bo’ladi.

Vyacheslav Axunov va hamkasbi Shuhrat Bobojonov AQShdagi hamkorlar bilan, mart, 2023 (Facebook)
Vyacheslav Axunov va hamkasbi Shuhrat Bobojonov AQShdagi hamkorlar bilan, mart, 2023 (Facebook)

“Amerika Ovozi”: “Nega aynan bugun va nima uchun aynan ana shu ikki kartinalaringiz?

Vyacheslav Oxunov: Nega deganda, Cho‘lpon she’riyat islohotchisi, jadidlar esa – bilamiz, 19-asr oxiri, 20-asr boshlaridagi islohotchilar, ular umuman kapitalistik bo'lmagan jamiyatni isloh qilishni xohlashgan. Jadidizm menimcha, mamlakat feodalizm botqog'iga botgani sababli katta islohotlar o’tkazishni istagan odamlar orasidagi bir yo’nalish edi. 30-yillarda, hattoki 20-yillarda desak ham bo’ladi “Yosh buxoroliklar” deb ataladigan guruh vujudga keldi. Ular ham qanday qilib o’z mamlakatlarini isloh qilish, uni qaysi tomonga yetaklash haqida o’ylashgan.

Ular ham, shu jumlada 1938-yilda Stalin qatag‘onlarida otib tashlangan Cho‘lpon va uning o’ldirilgan boshqa hamfikrlari jadidlarning g‘oyaviy merosxo‘rlari edi. Tabiiyki, agar islohotchilik muammosini bugungi kunga ko’chiradigan bo‘lsak, demak, bu ishlar ketmoqda. Islohotlar olib borilmoqda va ular zarur.

Ko‘plab ziyolilar, ayniqsa yoshlar islohotlar zarurligini anglab yetgan. Ular bu islohotlarni, ta’bir joiz bo‘lsa, nafaqat o‘zidan, balki o‘z ishidan boshlagan va uni qanday amalga oshirish mumkin degan so’zni ma’nosiga borishdan boshlagan. Men ana shu davrda san’atga qiziqib qolgan, san’atni xalqaro maydonda targ‘ib qilishga qiziqqan insonlarni uchratganimdan xursandman.

Buni qanday amalga oshirish mumkin? Menga qo‘ng‘iroq qilib shu haqda o‘z fikrimni bildirishimni so’rashdi. Va menimcha, muz joyidan ko'chdi. Bu ishlardan tashqari mamlakatda siyosiy va iqtisodiy islohotlarlar ham kechmoqda. Eng muhimi, erkin gapirish, qo‘rqmasdan gapirish imkoniyati paydo bo’lgan. Erkin gapirish O‘zbekiston uchun juda muhim.

Albatta, hamma ishlar ham muvaffaqiyatli kechmayapti. Kuchli qarshiliklar ham borligi sezilib turibti. Shunday odamlar, amaldorlar ham bor, ular allaqachon korrupsiya botqog'iga botgan va ular boshqacha yashay olmaydilar. Bundaylar albatta juda kuchli qarshilik ko'rsatadilar.

Shuning uchun islohotchi oldidagi vazifa juda murakkab - birinchi navbatda ana shunday balastdan qutulishi kerak.

“Amerika Ovozi”: Kartinalaringiz taqdiri sizni xavotirga solmoqdami? U 30 yildan ortiq Amerikada saqlangan. O'zingiz ta'kidladingizdek ularni yaxshi saqlashgan. Ammo asarlaringiz kelajagini nima kutmoqda? Qandaydir qo'rquv bormi yoki yo'qmi?

Vyacheslav Oxunov: Ha, menda shunday xavotirlar bor va ular yashirin emas, lekin ular bor.

“Amerika Ovozi”: Ular nima bilan bog'liq?

Vyacheslav Oxunov: Ular nima bilan bog’liq? Ular biz hazillashib nomlaydigan, 1917-yilda bo’lgani kabi “fuqarolik kiyimidagi san'atshunoslar” faoliyati bilan bog’liq. Sovet Ittifoqida aslida KGB zobitlari lekin kelib san’at asarlarini saralash bilan shug’ullanganlarni “fuqarolik kiyimidagi san'atshunoslar” deb nomalshgan. Ana shunday voqea bizda ham yuz bergandi. “Fuqarolik kiyimidagi san’atshunoslar” Urganch shahar muzeyiga kelib direktorni chaqirishdi, shu muzey kuratorini chaqirishdi.

Shuhrat Babajonovning 12 yoki 16 ta va mening 8 nafar ishlarimni muzey qo’riqxonasidan yo’q qilishni, ularni ko’chaga chiqarib ustiga benzin quyib yoqib yuborishni buyurdilar. Bu qattiq zarba edi, bu fashizmdan boshqa narsa emasdi. 21-asrda, san’at asarlarini yoqib yuborish ularning xayoliga qanday qilib kelishi mumkin? Shuningdek birinchi mustaqil zamonaviy san'at galereyasida kurator bo'lib ishlaganimda. Tungi soat birlarda, qorong‘i tushganda kelib, to‘pponchadan Toshkentdagi ana shu galereya vitrinalarini o’qqa tutishgandi. Ha, Toshkentda! Vitrinalarga quroldan o’q otib qochishgandi.

“Amerika Ovozi”: Nima uchun?

Vyacheslav Oxunov: Galereya egasi Bella Sobirova bilan birga biz qo'limizdan keladigan san'atni targ'ib qila boshlaganimiz, dolzarb mavzularni ko'targanimiz, nafaqat siyosiy, balki ma'naviy, dolzarb mavzularni ko’tara boshlaganimiz uchun. Bunday yashash mumkin emas, deganmiz. Nimaga? Qayerda? Odamlar atrofga qarang, biz qayerda yashayapmiz, nega bunday yashayapmiz? Mana shularni olib chiqqanmiz. O‘shanda Karimov hali tirik edi... Yo‘q, yo‘q, u allaqachon yo’q edi. Ha, uning o'limidan keyin bizning derazalarimizni otib tashlashgandi. Shunaqa. Yangi prezident sayloviga bir kun qolganida kartinalarni yoqish haqida buyurilishiga esa nima ham deysiz?

“Amerika Ovozi”: O‘zbekistondagi voqeliklar haqida savol bermoqchi edim. Rassom, faylasuf va yozuvchi nigohida hozir O’zbekistonda nimalar bo’lyapti?

Vyacheslav Oxunov: Men hozirgi holatni bir urinish deb atagan bo’lardim. Qilinayotgan ishlar hali tizimli emas, balki islohot o’tkazishga bir urinish. Ularda istak bor, rahbariyatning islohot o’tkazishga intilishi bor. Men butun rahbariyatda emas, balki bir qismida bor degan bo'lardim. Qarayapman, qandaydir oldinga siljishning ortidan darrov chekinish ko’zga tashlanyapti. Bir qadam oldinga ikki qadam ortga. Keyin yana xuddi shunday bir qadam oldinga ikki qadam orqaga. Mana shunday holat ham tashvishlantirmoqda. Nega? Chunki tushunishimcha islohot qilganda u shafqatsiz bo’lishi darkor. Qattiqqo’llik qilinmas ekan islohotlar amalga oshmaydi.

“Amerika Ovozi”: O‘zbekistondagi so‘nggi voqealarni kuzatib borayapsizmi? Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritish yo’lidagi tashabbuslari haqida nima deya olasiz? Referendum o’tkazilishini maqullaysizmi? Siz referendum tarafdorimi yoki unga qarshimi?

Vyacheslav Oxunov: Menimcha, bu uncha yaxshi fikr emas. Biz allaqachon o’z muddatlarini uzaytirganlarni ko’rdik. Bizda o'zlarini abadiy deb sanayotgan qo'shnilarning misollari ham bor.Nafaqat yaqin qo‘shnilar, hattoki biroz uzoqroqdagi qo‘shnilarimizda cheksiz hukmronlik qilish va hokimiyat vertikali kabi rejimni tiqtirish ilinjidagilar bor. Bunday rejim hukmronligida hech qanday tashabbuslar bo’lmaydi. Tashabbus ko’rsatishga hech kimga izn berilmaydi na ishchilarga, na amaldorlarga.

Bu boshqacha tizim, bu avtoritar, totalitar tizim. Va u faqat halokatga olib keladi. Undagi islohotchilik hech qanday ijobiy narsaga olib kelmaydi.

“Amerika Ovozi”: Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish va referendum o’tkazish tashabbusi ziyolilar kayfiyatiga qanday ta’sir qildi?

Vyacheslav Oxunov: Bilasizmi, men o'sha paytda safarda edim, Yevropada edim, qaytib kelgach bir hafta o’tib bu yerga keldim. Men bu mavzuda hali hech kim bilan gaplashmadim. Lekin “Facebook”da biz galereyada birga ishlagan Bella Sobirovaning fikrini o‘qib qoldim.U kishi bu masalaga jiddiy yondashgan. Va agar bu haqiqat bo'lsa ovoz berishga bormasligini yoki qarshi ovoz berishini aytgan. Bunday bo’lsa bo'lsa, men o'sha kuni “Besh qozon” degan joyga boraman deb o’zimga-o’zim aytdim. U yerda besh xil palov tayyorlanadi. Men yaxshisi u yerga borib ovqatlanaman. Men bunday saylovlarga bormayman. Mening pozitsiyam shunday.

“Amerika Ovozi”: O‘zbekistonda hozirgi sharoitda hurfikr ijodkor qanday yashamoqda, o’zini qanday sezmoqda?

Vyacheslav Oxunov: Bunday ijodkorlar juda oz. Ozchilik chunki rassomlar odatda akademiya, rassomlar uyushmasi atrofida to'planishadi. Nega? U yerda unvon, medal, akademik unvonini olishingiz mumkin. Ularni shular qiziqtiradi. Ular siyosiy, ijtimoiy mavzularda chizishni xohlamaydilar. Nega? Chunki bu asarlarni hech kim sotib olmaydi.

Bozor uchun emas, balki stol uchun ishlash alohida jasorat va shaxsiy pozitsiyadir. Shuning uchun bizning rassomlarimizning 95 foizi bozorga moslashishgan.

“Amerika Ovozi”: Ular nimalarni chizishyapti?

Vyacheslav Axunov: Beshik yonidagi ayollarni, anor va albatta bahor, kuz, gul, uzun bo‘yinli qizlar, yigitlar, hamda “Gulla, yashna O‘zbekiston!” “Gullab-yashnagan ona O‘zbekiston!”. Xullas mavzu bitta.

Shular, xolos. Ular ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, gender, ta'bir joiz bo'lsa, kichik ozchiliklar mavzusini ehtiyotkorlik bilan chetlab o’tadilar. Ko‘rgazmalarda bularni uchratmaymiz. Zamonaviy, dolzarb san'at yo’nalishlarida ishlaydigan ijodkorlar sanoqli. Aynan ular ba'zan o'tkir ijtimoiy loyihalarni amalga oshiradilar.

Yoki karikaturachilar. Masalan Eshonqulovni olsak. U menga juda yoqadi, u bizning voqelik haqida ham, xalqaro mavzularda ham karikaturalar chizayapti. Rassomlarning faoliyatidagi bunday sustlikning sabablari nimada? Birinchidan, badiiy ta’limning yomonligidan. Badiiy ta'lim tizimi yaroqsiz bo’lgan. U 19-asrga doxil. U shunday “shirin” san'atga yo'naltirilgan, realistik, “shirin”, lekin tanqidiy san'atga, tanqidni tushunishga qaratilgan emas.

Masalan, 19-asrning rus realistlari, juda dolzarb kartinalarni chizgan. Misol uchun, Repin “Shoh o'g'lini o'ldirishi”ni tasvirlagan. Tasavvur qilyapsizmi, Nikolay podshoh va chorizm butun bir institutsiya bo’lgan, Yevropada podshohliklar bo’lgan bir davrda rassom, podshoh o'z o'g'lini o'ldirishini chizadi. Qanday qilib podshoh o'z o'g'lini o’ldirishi mumkin? Bu mafkuraviy bomba kabi edi.

Yoki og’ir yukni tortayotgan “Burlaklarni” chizgan. Yoki boshqa bir rassom mast bo’lib loyga chaplanib yotgan cherkov ruhoniylarini chizgan. U “Hoch yurishidan keyin”deb nomlanadi. “Mytishchida choyxo’rlik”ni olsak u yerda hozirgi Rossiya Gundyaeviga o'xshash “Takabbur ruhoniy” o’tirgani chizilgan.

Oldida samovar turibti, dasturxon noz-ne’matlarga to'la. Kambag’al tilamchilik qilayapti. U esa "ket" - ket bu yerdan, demoqda. Bu tanqidiy rus san'ati edi. Bu chiroyli tanqidiy san'at edi. Zamonaviy san'at ham tanqidiy san'atning davomchisidir, faqat boshqacha shakllarda - modernizm, installyatsiya, videoart va hokazo shakllarda. Bizda bunga o’qitmayaptilar, o'rgatishni xohlamaydilar ham.

“Amerika Ovozi”: Hozir siz O’zbekistonda kartinalar chizayapsizmi?

Vyacheslav Axunov: Albatta. Men hali ham loyihalar bilan shug'ullanyapman. Men hozir bir loyiham ustida ishlayapman. U qanday tushuntirsam ekan, men ularni mantralar deb atayman. Masalan, “Kommunizm sari olg’a!” Yoki “Biz kommunizmga erishamiz!” degan mantralar sovet davrida bo’lgan.

Ularni hamma joyda yozishgan. Xiyobonlarda, maktablarda. Hamma joyda Lenin so'zi bo’lardi. Uylar devorlarigacha mantralar bor edi. Siz mantralar ichida yashardingiz. Har bir kitobdan tortib kinoteatrlargacha namoyishdan oldin mantralar eshittirilardi.

Hozir o’xshash holat O‘zbekistonda kuzatilmoqda. Hamma joyda “Gulla jonajon O‘zbekiston!”, “Kelajagimiz buyuk!” deb yozilgan. Yana hozirgi zamonda emas kelagakda deb aytishyapti. 80 yildan oshiq davr davomida albatta oydin kunlarga yetamiz degan va’adalar ostida yashadik. Yana 30 yil kelajakda yaxshi yashaymiz deb yashadik. Bugungi kunda ham mana shunday mafkuraviy mantrizm bilan shug’ullanishmoqda. Men ana shu mavzu bilan ayni chog’da shug'ullanyapman.

“Amerika Ovozi”: So‘nggi chizgan qaysi asaringiz zamonaviy O‘zbekistonni ifodalaydi? Hozirgi O‘zbekistonning taftini, tabiatini aks ettiradi?

Vyacheslav Axunov: Menimcha zamonaviy O'zbekistonni yozayotgan maqolalarimda, intervyularimda ko'proq aks ettirayapman. Zamonaviy O‘zbekiston haqida gapirishning boshqacha bir uslubi ham bor. Bu esa sening rassom sifatida dunyoning eng nufuzli ko‘rgazmalarida ishtiroking. Shunda isming buyuk rassomlar yonida aks ettiriladi. Ularning yonida ism-sharifing gavdalanadi. Axir sen o’zbekistonliksan va seni o’zbekistonlik, O'zbekiston san'ati namoyandasi deb tanishadi.

Hamma katalogni o'qiydi. Bu o'zbekistonlik rassom deydi. Va u yerda Pikassoning, Salvador Dali va Kifer kabi boshqa taniqli rassomlar kartinalari turibti. O'zbekistonlik yigitni u yerda ko’rganlar u qanday davlat ekan, uni qanday tomosha qilish mumkin deyishadi. U yerdan shunday odamlar yetishib chiqayotgan ekan u yerda yana nimalar sodir bo'layapti deydilar.

Menimcha, dunyoga shunday ajoyib mamlakat borligini, u yerda ham shunday voqealar sodir bo‘layotganini yetkazish asosiy vazifadir. San’at sohasida hozirgidek biroz ilg‘or taraqqiyot hodisalari ro‘y berayaptimi demak, boshqa sohalarda ham nimalardir yuz berayapti. Chunki bularning barchasi bir-biriga bog‘liq, o‘zaro bog‘langan jarayonlar.

“Amerika Ovozi”: Men yaqinda O‘zbekistonda referendum targ‘ibotiga bog’liq bir hodisa guvohi bo‘ldim. U yerda ko‘pgina ijodkorlar Karimov davrida naqadar og‘ir hayot kechirganliklarini eslay boshlaganlar. Ana shu targ‘ibot aksiyasiga ko‘pgina ijod ahli jalb qilinganini payqadim. Bu hozir modaga aylanganmi yoki hozir chindan ham ijodkorlarni bunday harakatga jalb qiladigan davrmi? Bunday targ’ibotga sizning munosabatingiz qanday? Sizda ham “Karimov davrida ezilganman” degan kayfiyat hozir kuchayganmi?

Vyacheslav Axunov: “Google”ga qidiruv bersangiz Karimov rejimini kimlar maqtagan va kimlar maqtamagani haqidagi bir muxbirning maqolasi bor. Maqtaganlar ko’p va ular orasida Yulduz ham bor. Bu tuzumni maqtamaganlar ham bor. Ana shular orasida birinchi o’rinda men borman.Aksincha, men rejimni tanqid qilganman, u yerda bunday odamlarning bir nechtasi bor. Biz san'at namoyandalari haqida gapirarkanmiz, mana bugun o‘sha Yulduz, yangi prezidentni maqtayapti, ertaga boshqasi keladi, uni ham maqtaydi, boshqalari ham xuddi shunday.

Bu printsipsizlikdan va u har qanday yo'l bilan omon qolish mantiqiga asoslangan hisdir. Buning uchun nimanidir sotishing kerak. O'zingning bir qismingni, qo'lingni emas, barmog’ingni emas, ko'zingni emas, balki vijdoningni. Ana shunisi qo'rqinchli.

“Amerika Ovozi”: U nimadan darak? Erkinlik yo’qligidanmi?

Vyacheslav Axunov: Yo'q, aslo. Erkinlik, erksizlik - bunga ularning daxli yo’q. Gap shundaki, agarda sen erkin bo’lmasang… Men qiyinchiliklarga duch kelganimda xursand bo'laman, chunki menda qarshilik hissi paydo bo’ladi. Qarshilikka yo’g’rilgan ishlarni qilaman. Mutlaq erkinlik bo'lganda, siz hamma narsani qila olasiz. Ammo bunday qarshilik hissi bo’lmaydi. Lekin shunda siz targ’ibotga o’xshagan emas balki chuqurroq mazmunga ega loyihalar ustida izlanishni boshlaysiz.

Hamma vaqt bo’lganidek “Biz tinchlik tarafdorimiz!”, “Biz yadroviy portlashlarga qarshimiz!”, “Poligonlarni yo’q qilaylik!” va hokazolar, gender, “Ayollarga erkinlik!” mavzularida emas. San’atning boshingiz bilan sho’ng’ib ketishga arzigulik, falsafiy narsalarga asoslangan tomonlari ko’p. Shuning uchun bu jihatdan olganda, agar inson o'zini erkin his qilsa, u doimo erkin bo'lib qoladi. Ammo u erkin bo‘lmasa, qul bo‘lsa, qul bo‘lib qolaveradi. U o’z ishining ustasi bo’lishi mumkin ammo qulligicha qoladi. U doim xizmatkorlik qiladi, teatrda xizmat qiladi. U shundayligicha qo'ladi. U yangi rahbariga, yangi vazirga yoqishni istaydi. Evaziga vijdoni bilan to’laydi. Bori shu.

“Amerika Ovozi”: Sizningcha referendumlar, targ’ibotlar vositasida o’zini yana uzoq yillarga saqlab qolish ilinjidagi rejim hukmron O’zbekistonda bugungi kunda rassomning roli qanday bo’lishi kerak?

Vyacheslav Axunov: Rassomning roli ulkan bo'lishi mumkin. Rassom xalq axmoq emasligini bildiradigan ishlarni bajara oladi. Chindan xalqni va’dalar berib aldasa bo‘ladi, lekin u axmoq deb o‘ylamaslik kerak. Xalqni muttasil va'dalar bilan aldash mumkindir ammo rassomning vazifasi yuzaga kelgan vaziyatni anglash, tushunish. Sotsium bilan nimalar yuz beryapti?

Nima uchun uning tashabbuslaridan keyin hammasi to’kilib ketyapti, buzilyapti? Nima uchun odamlarni milliy vazifalar, g’oyalardan ko’ra shaxsiy farovonligi ko'proq qiziqtirmoqda? Milliy g‘oyani topish katta muammo. Ijodkor rassomlar ana shu milliy g'oyani yaratishda ishtirok etishlari mumkin. Ko’pchilikni og’zida bo’lgan g’oyani emas, albatta. Ma’naviyat, ta’lim, tarbiya - bular bir gap. Ular yo’qolib ketadi.

Bular uchun katta mablag’ ajratishadi, qandaydir tadbirlar o’tkazadilar. lekin ular hech ham samimiy emas. Xalq ular ustidan kulmoqda. Ular qanday g’oyalar? Masalan, hammamiz do'ppi yoki xon atlas kiyishimiz zarur deyiladi. Bu bilan nima o’zgaradi? Bularning barchasi kulgili. Erkinlik bo’lishi kerak. Istaganingdek kiyinishing kerak. Davlatimiz dunyoviy.

Hech qanday ta’qiqlar o’rnatilmasligi kerak. Yo’q! Bizda har xil talablar, har xil qoidalarni o'ylab topishadi. Siz maktabga mana bunday kiyinib kelishingiz kerak, deydilar.

Yaqinda institutni, san’at institutini bitirayotganlardan diplom ishlarini topshirishda qanday muammolaring bor, deb so’radim. Muammo shundaki, deydi ular, bizga diplom ishini qanday yozish zarurligini o’rgatishyapti. Ma’lum bo‘lishicha uni yozishda ma’lum bir shrift, ma’lum o‘lchamdan foydalanish va boshida albatta prezidentni madh etish kerak ekan.

“Amerika Ovozi”: Bu hozirgi O'zbekistondami?

Vyacheslav Axunov: Ha, O‘zbekistonda. “Sizning rolingiz beqiyos, biz sizdan juda minnatdormiz”. Xuddi shuningdek oxirida ham prezidentning ismi ko'rsatilishi kerak ekan. Bu mening 70-yillarda Moskvada o‘qigan davrimdagiga aynan o’xshash. Biz shunda har bir ishimizni Karl Marks va Lenin tezislari bilan boshlashimiz kerak edi.

“Amerika Ovozi”: Keyingi davrda O‘zbekiston san’at namoyandalari bilan kechgan suhbatlarim vaqtida ko‘pchilik Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi mavzusini chetlab o’tishayapti. U yerdagi voqealarni kuzatyapsizmi? Rossiyaning Ukrainaga hujumi O‘zbekistondagi ziyolilar kayfiyatiga qanday ta’sir qildi? O‘zbekistonda bu urush haqida odamlar qanday fikrda? Rassomlar, san’at namoyandalarichi?

Vyacheslav Axunov: O’zbekiston xalqining kayfiyatiga kelsak, 3 millionga yaqin o‘zbekistonliklar Rossiyada og‘ir mehnat bilan mashg’ul.

Ularning farzandlari, qavm- qarindoshlari tabiiyki Rossiyani yonini olib gapiradilar. Agar Toshkentdagi rus diasporasi, ularning soni 300 000 ga yaqin, relokant bo’lib kelganlarni qo’shib hisoblasak hozir yanada ko’paygan, ularni orasida ham urushga qarshilarni kam uchratasiz.

Bu hayratlanarli, albatta. Sharhlariga ko’ra rassomlar, san'atkorlar bu mavzudagi suhbatlarda qatnashishni xohlamaydilar, o’zlarini olib qochadilar. Ular ichida 10-15 tasi urushga qarshi ekanliklarini aniq ayta oladilar. Ular bu urushni adolatsiz va o’zga davlatga hujum qilish mumkin emas deb hisoblaydilar.

“Amerika Ovozi”: Sizning munosabatingiz qanday?

Vyacheslav Axunov: Mening ham munosabatim o’xshash. Bundan tashqari 2014-yilda men barrikada oldida, Grushevskiyda Maydon himoyachilari sharafiga yodgorlik o’rnatish loyihasida ishtirok etganman. Korobkalardan vaqtincha yodgorlik yasaganmiz. Yozuvini penoplastdan qilganmiz. Uni o’rnatgan kuni kechqurun odamlar gullar, shamlar, shirinliklar olib kelishni boshlashdi. Yodgorlik o‘z hayotini yashay boshladi. Men ushbu urush boshlanishini hech ham kutmaganman, boshlanishiga ishonmaganman. Urushni chetlab o’tishning ming bir yo’li bor. Urush har doim yomon. Hech bir, na katta, na kichik urushlarga yo'l qo'ymaslik kerak.

“Amerika Ovozi”: Yodgorlikning taqdiri nima bo’ldi?

Vyacheslav Axunov: U yodgorlikni Maydan tugagach demontaj qilib xuddi kartinalarim kabi yashirib, asrab qo’yishdi. Hozir Ukraina hukumat uni bronzadan yasab o’rnatmoqchi, shekilli. Chunki uni biz qutilardan yasagan edik. U Maydan himoyachilari sharafiga o'rnatilgan yodgorlik. Oleg Xarchenko degan ukrainalik rassom bor. Biz avvaldan u bilan hamkorlikda ishlaganmiz, zamonaviy san'at yo’nalishida loyihalarni amalga oshirganmiz. Masalan, Ukrain va turkiy tillardagi parallellar loyihasi. Chunki ukrain tilida juda ko'p turkiy so'zlar uchraydi. U loyihalarni amalga oshiirish jarayonia doim muloqot qilganmiz. Biz WhatsUp-da gaplashardik, loyihani onlayn muhokama qilganmiz. U vaqtlar men O’zbekistondan chiqolmaganman. Qamalda edim.

“Amerika Ovozi”: Erkin rassom, faylasuf sifatida Ukrainada sodir bo'layotgan voqealarni siz qanday nomalgan bo’lardingiz?

Vyacheslav Axunov: Bu urush. Ukrainaliklar uchun u ulug’ vatan urushi. Ruslar uchun esa bu ushbu millatni, xalqni yer yuzidan yo'q qilishni maqsad qilgan maxsus operatsiya. Yosh go’daklar bilan bog’liq voqealar ham dahshatli. Yosh bolalarni mamlakatdan olib ketishlari 14-asrda, 12-asrda, 13-asrlardagi kabi. O’tmishda bolalarni, mamluklarni o’girlab Misrga sotishgan. Yana turklarga sotganlar, keyin uladan yanichar jangarilarini tarbiyalashgan.

Biz buyuk Bey Bars – turkni bilamiz. U jangchi bo‘lib ulg‘aydi, u to‘ntarishlar qildi, Misrda hokimiyatni qo‘lga kiritdi, Chingizxonni to’xtatdi. Batiy yurishini to‘xtatdi va ular ortga qaytishdi. Shunaqa ishlar. Bu bolalarni ham tarbiyalaydilar. Ularni albatta Suvorov maktabiga yuborishadi, harbiy maktablarda harbiylikka o’qitadilar. Qizlarni ham tarbiyalashadi.

Ularni yovuz zombi qilib tarbiyalashadi. Shuning uchun men bularning barchasiga qarshiman. Bularning hammasi urushning oqibatlari. Urush o’z nomi bilan urush.

“Amerika Ovozi”: Nima qilsa Ukrainada urush to’xtaydi?

Vyacheslav Axunov: Bu juda qiyin savol. Ehtimol urushni to’xtatishning aniq bir retsepti ham bo’lmasa kerak. Chunki biz manyakka uchrab qolganmiz. Biz kasal odamga yo’liqqanmiz. Bunday kasal odamga qanday munosabat qilishni o’zingiz bilasiz. Uni endi davolab bo’lmaydi. Va uning qo'lida atom quroli bor. Atom quroliga ega kasal odam - bu dahshatli.

“Amerika Ovozi”: Ukrainadagi urushdan keyingi jahon qanday bo’ladi?

Vyacheslav Axunov: Urush Ukraina foydasiga hal bo’lsa ishlar G'arbiy Germaniya va Koreyadagi kabi kechadi. Ko'p yillar oldingidek u yerga ham juda ko’p mablag' kiritiladi. Mamlakatni Yaponiya va Koreyaga o’xshab namunali g'arb davlatiga aylantiradilar.

“Amerika Ovozi”: O’zbekistonda va Markaziy Osiyoda qanday o’zgarishlar yuz beradi?

Vyacheslav Axunov: Biznikilar o‘zimiz tanlagan yo‘l bor deyishadi-ku. Aslida o’z yo’imiz yo’q. Avvalo korruptsiyadan qutulish kerak. Eng katta to’g’anoq ham shu. Hokimiyat tizimini ham isloh qilish zarur. Hokimiyatning vertikal boshqaruvi yetar endi. U samarasiz.U oldinga siljishga imkon bermaydi. Albatta, bugungi kunda qandaydir yutuqlar bor. Ammo keyiniga bu yutuqlar bo'g'ilib qoladi, allaqachon bo'g'ila boshlagan, ana shu hokimiyat vertikali dastidan.

“Amerika Ovozi”: O’zbekistonlik rassom, faylasuf va yozuvchi o’laroq nimani hozirgi zamonda ijobiy deb hisoblaysiz?

Vyacheslav Axunov: Ijobiy narsa bu iymon. Masjidga boshlaydigan iymon emas, odamlardagi nima bo'lishidan qat'iy nazar baribir nimadir yaxshiroq bo'lishiga ishonchi deb o'ylayman. Ular ishonadilar va ana shu iymonlarini boshlaridan chiqarib bo'lmaydi. Aynan shu. Bu bir ahmoqning e'tiqodi emas. Odamlar bir narsa yuz berib hayotlari yaxshilanishiga chin dildan ishonadilar. Va ana shu iymon bor ekan respublikada hech qanday yomon narsa yuz bermaydi. Hech qanday urushlar, hech qanday fuqarolar urushi bo'lmaydi.

Men baribir xalqimni hurmat qilaman va ular bilan g’ururlanaman. Ular urushqoq millat emas. Garchi yaqin atrofdagi qo'shnilarimiz fuqarolar urushini boshlab va o’zlarining 200 000 aholisini o'ldirgan bo'lsalarda o’zlarini kitob ahli deb hisoblaydilar. Biz eng bilimlimiz, shuncha kitob chiqarganmiz, shunday shoirlarimiz, yozuvchilarimiz bor deb turib bir-birini o‘ldiradi. Bunday tushunchalarni aqlga sig’dirish qiyin. Biz kitob ahlimiz va bir-birimizni o'ldiramiz. Men Tojikistonni nazarda tutyapman. Tojikiston urushi haqida so’zlayapman. Men xalqimiz ezgu niyatli degan fikrda va bundan xursandman.

Ular savdo-sotiq qilishni yaxshi biladilar, ishlashni biladilar, ularning qo’li gul. Rossiyani arzonga ko'tarayaptilar. Chunki ular ishlashni biladilar. Bu eng muhimi. Bu meni quvontiradi.

“Amerika Ovozi”: Kartinanigizni O‘zbekistonga qaytarish loyihasiga qaytadigan bo‘lsak, ularni O‘zbekistonga qaytarishingiz muvaffaqiyatli kechsa keyingi qadamingiz qanday bo‘ladi? O‘zbekiston bilan bog‘liq yana boshqa loyihalaringiz bormi?

Vyacheslav Axunov: Men Germaniyada Shuhrat Bobojonov ochgan rassomlar, shoirlar, yozuvchilar, musiqachilar va hokazolar bilan ishlaydigan tashkilot bilan hamkorlik qilishni o'ylayapman. O‘zbek san’atini jahon miqyosida targ‘ib qilmoqchiman.

Ikkinchidan, O‘zbekistonda zamonaviy san’at muzeyini tashkil etishdek orzuim bor. Haqiqiy zamonaviy san'at muzeyini. U boshqa mamlakatlardagi kabi tamoman o’zgacha bo’ladi. Nyu-Yorkda bir nechta shunday muzeylar bor, bular MoMA, yangi tasviriy san'at muzeyi, Guggenxaym va Metropoliten. U yerda modernizm ham bor va bir qator boshqa galereyalar. Bizda nafaqat turli yo'nalishdagi galereyalar tarmog'i bo'lishini orzu qilaman. Masalan, Istanbulda ularning soni 120 ta, bizda esa bir dona ham yo'q. Kovid davrida o’zimiznikini, Bella Sobirovaning “ZeroLine”ni yopdik.

Bizda bitta yangisi ochilgan bo’lib uning nomi Dokument - 139. Shukurki yigitlar shu sohada ishlashmoqda, fotosuratlar, kino va hokazolar bilan. Shunday qilib, men o'z sa'y-harakatlarimni ana shunday galereyalarni tashkil etishga yo'naltirmoqchiman. Ijodkor sifatida tashkilotchilik, g’oyalarni o’ylab chiqib qiziqarli kuratorlik loyihalarda o’z yordamimni berishni istardim. Shu bilan birga, men bir yil davomida Gyotte Institutida perfomans san’ati yo’nalishini boshqardim. Men shuningdek San'at instituti qoshidagi san'at maktablarida ta'limni isloh qilishni tashkil etishga yordam bergan bo'lardim. U yerda biz zamonaviy san’at fakultetini joriy qilsak bo'lar. U har qayerda bor. Berlinning o’zida ham bir qancha. Zamonaviy san'at institutlari bor.

Lekin bu fakultet emas, balki alohida bir maktab. Praga, Berlin va Nyu-Yorkda ularning bir nechtasi bor. Moskvada bir nechta zamonaviy san'at institutlari mavjud. Manfaatdor shaxslar va homiylarning yordamisiz bu ishni amalga oshirish qiyin. Eng avvalo Zamonaviy san’at instituti mustaqil bo'lishi, u amaldorlarga bo'ysunmasligi kerak.

“Amerika Ovozi”: O’zbekistonda buni qilsa bo’ladimi?

Vyacheslav Axunov: Xususiy maktablar bor-ku, demak, zamonaviy san'at va san’atshunoslikka ixtisoslashgan bunday institut ochish mumkin. Lekin uni ochish uchun moliya kerak. Va kim uni moliyalashtiradi? Puli bor odamlar har doim atroflariga qarab ish tutadilar. Qonuniymi yoki yo’q. Ruxsat etilganmi yo’q.

Oqibatda meni o'z bizneslarimdan mahrum qilmasmikanlar, uni olib qo'yismasmikan va hokazolarni o’ylashadi. Hammasi shunga borib, taqaladi. Hozir yashirincha ishlaydigan rassomlar, tashkilotlar davri o’tgan. Endi hech kim hech narsa demaydi. O'zingizning tashabbusingizni faqat amalga oshirishingiz kerak. Boshqa tarafdan, bu kapitalizm, har ishga moliya kerak. O'qituvchilarga maosh to'lash kerak. O'qituvchi professorlarni, faylasuflarni taklif etish lozim. Chunki bugungi kunda hech bir san'atni sotsiologiyasiz, falsafasiz va qator boshqa fanlar, shu jumlada fotografiya, kino, 20-asrdan 21 asrgacha bo’lgan davr san’atshunosligisiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Bularni hammasini talabalarga o’qitish va ko’rsatish kerak.

Masalan, shu oyning oxirida, bir necha kundan keyin Nazarboyev universiteti talabalari uchun darsim bor. Uni o’tkazishni mendan intervyu olgan qozog’istonlik olima so’ragan. U mendan talabalariga onlayn formatda ma'ruza o'qishimni so'radi. Perfomans haqida va zamonaviy san’at tarixidagi eng muhim perfomanslar qanaqa edi? Ular O‘zbekistonda qanday bo’lgan va Markaziy Osiyoda qanday? Men talabalrga shular borasida gapirib beraman.

“Amerika Ovozi”: Suhbat oxirida so’ramoqchi bo’lganim, siz ma'lum davr O'zbekistonni tark eta olmagansiz. Hozir jahon bo’ylab ko'rgazmalarga, turli anjumanlarga muvaffaqiyatli qatnashyapsiz. Jurnalistlar bilan ham bemalol muloqot qilyapsiz. Shunday bo’lsada, jurnalistlar orqali ommaga aytmoqchi bo’lgan, qalbingizni o’rtab turgan qanday gaplaringiz bor? Jurnalist bilan uchrashganingizda hamma bilan albatta baham ko'rmoqchi bo'lgan yurakdagi dardingiz nima?

Vyacheslav Axunov: Bilasizmi, yaqinda juda qiziq voqea ro’y berdi. Yaqinda prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkentda konferensiya o’tkazildi. U uchinchi renesans (Uyg'onish davri) nimalardan iboratligiga bag’ishlangandi. Anjumanga esa deyarli butun dunyodan jurnalistlar taklif etilgan edi. Amerikadan, Angliyadan, Frantsiyadan, hatto Turkiyadan, Xitoydan, uzoq va yaqin Sharqdan ham vakillar bor edi. Anjumanda qatnashayotgan avstriyalik jurnalist o'rnidan turib “Mana sizlar renesans (Uyg'onish davri) haqida gapiryapsizlar, mamlakatingizda jahonga taniqli rassom yashaydi, biz uni yaxshi taniymiz, uning ijodidan xabardormiz, Venaga ikki marta o’z ko’rgazmasi bilan kelgan, Istanbul biyenallisida qatnashgan, Venetsiyaning “Dokument”ida uch marotaba ishlari namoyish qilingan lekin bu yerda hech qayerda ko'rsatilmagan va umuman olganda, u hech qayerda taklif qilinmaydi. Bu yerda u taqiqlangan. Nima uchun? O'zbekistonda. Nega bunday e'tiborsizlik qilinyapti? Uni butun dunyo biladi, uning ishlari Yevropaning mashhur muzeylaridan o’rin olgan. Bu yerda esa unga bo’lgan munosabat ayanchli”- dedi. Shundan so’ng ular qimirlab qoldilar. Anjuman spikeri prezidentning matbuot kotibi edi, darhol vazirni u kim va qayerda, bu nima degan gap? - deya savolga tutdi.

So’ngra mening oldimga vazirlikdan odamlar kelishdi. Ishlaringizni namoyish etishni istaysizmi, deb so’radilar. Sizga yashil chiroqni yoqamiz. Biz 20 kundan keyin Mustaqillik bayramiga ko'rgazma o’tkazamiz va u yerda sizning ko'rgazmangizni qilmoqchimiz, deyishdi.

Ularga qadrdonlarim, mening ishlarimni Moskvadagi “Garaj”da namoyish etadilar. Bilasizmi, biz ushbu loyihani bir yarim yil oldin boshlaganmiz. Buning uchun eskizlarni qidirganmiz, bir variantida to’xtalib keyin ushbu loyihani Yevropadagi “Byuroda”buyurtirganmiz. U yerga 600 ta ishim yuboriladi va ularning sug’urtasining narxi juda baland, yuz minglab turadi. Bundan tashqari, ko'rgazmani o’tkazish ustida 16 kishidan iborat jamoa ishlaydi. Bularning barchasi mutaxassislar. Ular o'lchovlarni biladigan odamlar, chizmalar asosida ishlaydigan quruvchilar. Har bir ish qanday osilishini bilishadi.

Siz-chi? Siz esa menga 20 kundan keyin butun bir otryad, yuqori toifali mutaxassislar tomonidan tashkil etiladigan ko‘rgazmani bir o’zim tashkil qilishimni taklif qilyapsiz. Sizningcha, men kartinalarimni shunday ko’tarib borib mixga qoqaman deb o'ylayapsizmi? Bunday emasda. Bunday bo'lishi mumkin emas. Siz axir Madaniyat vazirligidansiz, nimalar deyapsiz? degandim.

Bizda madaniyat yetishmaydi, halokatli darajada yetishmaydi. Aynan mana shunday madaniy dastur bizga kerak. Xitoy madaniy inqilobi emas, balki o‘zimizning madaniy inqilobimiz O‘zbekistonda bo‘lishi kerak. Men shuning tarafdoriman. Aynan madaniy inqilob. Hammasini buzadigan emas, hammani ag'daradigan ham emas, yo'q. Aynan, madaniy inqilob.

“Amerika Ovozi”: Suhbat uchun rahmat!

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG