Breaking News

Millionerga aylangan muhojir opa-singillar


Millionerga aylangan muhojirlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:39 0:00

Opa-singil Rozi va Donna Xalifa AQShga 1980-yillarda ota-onasi bilan Livandan ko’chib kelgan. Kollejni biritib, ular bolalar uchun qo’lda yasaladigan o’yinchoqlar sotish biznesini yo’lga qo’ydi. Tez orada ularning biznesi bir necha million dollarlik kompaniyaga aylandi.

Rozi Xalifa bugun muvaffaqiyatli tadbirkor va biznes-konsultant. 1980-yillarda u AQShga ota-onasi bilan Livandan muhojir sifatida kelgan. Dastlabki yillar hayot og’ir kechgan.

“Onam konvertni ochganda, “Tabriklaymiz, siz “Grin karta” lotereyasini yutib oldingiz”, degan xat chiqqan. Shundan keyin hayotimiz tubdan o’zgardi. To’rt farzandmiz, hammamiz kollejda o’qidik. Akam huquqshunos, Donna Garvard Biznes maktabiga bordi”, - deydi Rozi.

AQShdagi hayot oson kechmadi. Bolalar havo bilan shishiriladigan matraslarda uxladi. Qiyinchiliklarga qaramay, oila yanada jipslashdi, deydi Rozi.

“Oddiy muhojirlar hayoti edi. Dadam ikkita ishda ishlagan. Onamning ham ishi ikkita bo’lgan. Biz ham ulg’ayishimiz bilan ishlashni boshlaganmiz. O’z hayotini qurish uchun qattiq mehnat qilgan oila edik”, - deya xotirlaydi Rozi.

Rozining otasi rassom. O’yinchoq olib berishga qurbi yetmagani bois bolalari uchun yangi ermaklar o’ylab topgan. Xuddi shu narsa Rozi va Donnaga yangi biznes g’oyasini berdi.

“Dadam bizga yangi narsalar o’rgatadigan, o’z qo’llarimiz bilan ishlashga undaydigan o’yinchoqlar yasab berardi. “Surprise Ride” kompaniyasini boshlashimizga shu narsa turtki berdi. Bugun bolalar aksariyat vaqtini, afsuski, ijodiy ishlarsiz, ekranga mixlangan holda o’tkazyapti”, - deydi Rozi.

“Surprise Ride” har oy obunachilariga bir quti o’yinchoq jo’natadi. Unda bolalar o’z qo’llari bilan yasaydigan turli loyihalar bo’ladi.

Opa-singil boshlagan biznes minglab loyihalar orasidan “Shark tank” deb nomlangan mashhur teleko’rsatuv uchun tanlab olindi. Yosh tadbirkorlar ekranga chiqib, o’z loyihalarini bo’lajak investorlar uchun taqdim etdi.

“Biznesimiz yashab qolishini bilmas edik. Yetarli darajada mablag’ ham, yaxshi maslahatchilar ham yo’q edi. Ko’rsatuvda investor topa olmaganimiz uchun endi nima bo’ladi, deb boshimiz qotdi. Ko’p o’ylab o’tirmasdan, ofisimizga qaytib, odatdagidek ishimizni davom ettirdik”, - deydi Donna.

Ammo ko’rsatuvga chiqqanlari uchun savdo kutilmaganda keskin oshib ketdi.

Bir haftaning ichida opa-singil yarim million dollarlik mahsulot sotdi. Keyinroq boshqa sarmoyador topib, katta do’konlarda ham savdoni yo’lga qo’yishdi.

2021-yil ular kompaniyani sotib, yangi ish boshlashga ahd qilishdi.

“Millionlab savdo va minglab obunachilarni yo’lga qo’yganimizdan keyin kompaniyani sotdik. Endi ayol tadbirkorlarga, muhojirlarga yordam berish niyatidamiz. Chunki ular qanday mablag’ jamg’arishni, biznesni qanday rivojlantirishni bilmaydi”, - deydi Donna.

Opa-singil hozir sarmoyadorlar va mijozlar bilan qanday ishlash bo’yicha maslahatlar beradi. Ular ayni paytda yangi ish boshlagan tadbirkorlarga ko’maklashuvchi notijorat tashkilot ochish ustida ham ishlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG