Breaking News

Abru: Turkistondan Turkiyaga kelgan san'at


Turkiyada abru san'ati qanday paydo bo'lgan?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:41 0:00

Abru yoki turkcha aytganda, ebru san’ati suv yuzasidagi bo‘yoqlar yordamida turli shakllar yasash orqali qog‘ozda abstrakt yoki gulsifat bezaklarni aks ettirish demakdir. Ba’zi manbalarda abruni hozirgi Turkiya hududiga buxorolik yoki samarqandlik ustalar olib kelgani qayd etilgan. Izmir shahrilik rassom Nuri Pinar ham abru san’ati dastlab Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan degan fikrda.

“Abru so‘zi forschadan olingan bo‘lib, abr – bulut, abri – bulutsimon degan ma’noni bildiradi. Abri keyinchalik abruga aylanib ketgan. Abru Turkistonda paydo bo‘lgan deyishadi, chunki qog‘oz ishlab chiqarish o‘sha hududda rivojlangan. Menimcha, o‘sha paytlarda qog‘oz ishlab chiqarganlar uni bezash bilan, abru bilan ham shug‘ullanishgan. Abru Samarqanddan Eron orqali Onado‘liga kelgan deb hisoblanadi. Yurtimizdagi eng qadimiy abru namunasi 1539-yilda bir devonning sahifalarida ishlangan”, – deydi u.

Nuri Pinarning so‘zlariga ko‘ra, XI asrda Yaponiyada abruga o‘xshash san’at turi bo‘lgan, biroq unda bo‘yoq emas, balki turli rangdagi siyohlar qo‘llangan. Abruda ishlatiladigan suvga bo‘yoqlar cho‘kib ketmasligi uchun geveya deb ataluvchi daraxtdan olingan ekstrakt aralashtiriladi. Bo‘yoqlarga ega buqa safrosi qo‘shiladi. Rassom ingichka cho‘tkalar yordamida bo‘yoqlarni suv yuzasiga tomizadi va temir uchli asbob yoki uzun taroq bilan shakllar yasaydi. Shimuvchan xususiyatga ega qog‘ozni suv yuzasiga qo‘ygach, suvdagi shakllar qog‘ozga o‘tadi.

Abruda qog‘ozdan tashqari yog‘och, mato va hatto shisha ham ishlatilishi mumkin.

“Lekin abru asosan qog‘ozda aks ettiriladi”, – deydi Nuri Pinar.

U 70-yillarning oxirida shunchaki havasmand sifatida abru bilan shug‘ullana boshlagandi, keyinchalik bu sa’natga astoydil mehr qo‘ydi. O‘zi yaratgan abru namunalari bilan ko‘rgazmalarda ishtirok etdi, abruni turmush o‘rtog‘iga ham o‘rgatdi. Ayni paytda bu yo‘nalishda shogirdlar tayyorlayapti.

Anqaradagi Hajettepe universitetida san’atshunoslik yo‘nalishida ilmiy tadqiqot olib borayotgan Gulzoda Mahmudjonova abru san’ati aynan qachon paydo bo‘lgani haqida aniq ma’lumot yo‘qligini aytadi. “Ba’zi manbalarda bu san’at turi XIII asrda Sharqiy Turkistonda paydo bo‘lgani haqida ma’lumotlar uchraydi, – deydi u. – Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarish yanada takomillashishi bilan abru bizning hududga ham kirib kelgan bo‘lishi mumkin”.

Tadqiqotchi hozirgi kunda abru san’ati Turkiya, Eron va O‘zbekistonda yangicha ko‘rinishda rivojlanib kelayotganini, masalan, o‘zbek dizaynerlari abrudan matoni bezashda foydalanayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u Markaziy Osiyo hududi va hozirgi Turkiya o‘rtasidagi madaniy-ma’rify aloqalar asrlar davomida uzilmaganini aytadi.

“Markaziy Osiyo va usmoniylar davlati o‘rtasidagi aloqalar doimo rivojlanib kelgan. Buni 1402-yilda Amir Temurning usmoniylar hududiga yurishi va Anqaradagi Chubuq jangidan keyingi munosabatlarda ham ko‘rish mumkin. Jangdan keyin ortga qaytayotgan Amir Temur Bursaga ham kiradi; u yerda “Ulug‘” jome masjididagi xattotlik namunalarini ko‘rib, ustasini Samarqandga olib ketadi. Bu ustaning ismi Ilyos Ali edi. U Samarqand saroyida ishlay boshlaydi. U Erondan kelgan ustalar bilan birga Samarqandda naqqoshlik va koshin san’atini rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi. Temurning vafotidan keyin Ilyos Ali o‘z faoliyatini Mirzo Ulug‘bekning qo‘l ostida davom ettiradi. Shohi Zinda me’morchilik obidasi, Tuman og‘a, Bibixonim madrasalarini koshinlar bilan bezaydi. 1409-yilda Mirzo Ulug‘bek majburan olib kelingan ustalarning o‘z yurtiga qaytishiga ruxsat beradi. Ilyos Ali yana bir muddat Samarqandda qoladi va 1419-yilda Bursaga qaytadi, o‘zi bilan birga tabrizlik ustalarni ham olib keladi”, – deydi tadqiqotchi.

Abru 2014-yilda YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi. Hozirgi kunda u butun dunyoda turk san’ati sifatida tanitiladi va targ‘ib qilinadi. Nuri Pinar esa bu borada biroz boshqacharoq fikrda.

“Men san’atni millat yoki din bilan bog‘lamayman, – deydi u. – Sa’nat kimning ijod mahsuli bo‘lsa, unikidir. Uslub jihatidangina biror san’atni turk-islom yoki nasroniy san’ati deyish mumkin. Menga qolsa, ijod mahsuli kimga tegishli bo‘lsa, san’at o‘shaniki”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG