Breaking News

Ukrainalik ijodkorlarning ishi Nyu-Yorkda ko’rgazmada


Nyu-York shahrida o’tkazilgan xayriya san’at ko’rgazmasida ukrainalik rassomlarning 150 dan ortiq urush mavzusidagi plakatlari namoyish etildi. Rossiya olib borayotgan urush oqibatlarini ko’rsatmoqchimiz, deydi ijodkorlar.

Artur Zgurov asli Ukrainaning Odessa shahridan. Neyroxirurg. Nyu-Yorkda urushga qarshi namoyishlarga boshchilik qiladi. Bu gal u Nyu-Yorkning Pratt institutida “Hayot chegarasi” degan ko’rgazma tashkillashtirdi.

Nyu-Yorkda Ukraina urushi plakatlari ko’rgazmasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:23 0:00

“Maqsadimiz – zamonaviy Ukrainani amerikaliklarga ko’rsatish. Ukraina deganda faqat borshni tasavvur qilishmasin. O’z san’ati orqali urushni aks ettira oladigan iste’dodli odamlar, ijodkorlar bor”, - deydi Zgurov.

Ukrainalik rassom va dizayner Zakentiy Gorobyovning asarlari kalligrafiya, turli shriftlar va ko’cha san’ati qorishmasidan iborat. Uning urush mavzusidagi plakatlari ham ko’rgazmaga qo’yildi.

“Plakatda odamlarning his-tuyg’ulari, atrofda bo’layotgan voqealar aks etishi kerak. Odamlar men ishlatgan metaforalarda qandaydir falsafiy ma’no topishlarini istardim”, - deydi ijodkor.

Ko’rgazmada Albina Yalozaning asarlari ham namoyish etilmoqda. San’at olamida u mistik va diniy mavzular bilan tanilgan. So’nggi oylarda Yaloza bu uslubidan foydalanib, Rossiya propagandasiga qarshi plakatlar yaratmoqda.

“Urushdan oldin yurak chap tomonda ekanini bilardim xolos. Yaqinlarimiz hayoti, millatimiz hayoti haqida qayg’urib, har kuni yurak og’riydi”, - deydi u.

Plakatlar Ukrainada rus askarlari sodir etgani aytilayotgan vahshiyliklar, bu boradagi guvohliklar asosida yaratilgan.

Ko’rgazma kuratori Olena Speranska Ukrainaning Irpen shahridan. Uning uyi aprelda Rossiya bombasidan vayron bo’lgan.

“Zamonaviy ukrainalik rassomlar yaratgan 150 plakat bugun ko’rgazmada. Mamlakatimiz uchun mablag’ to’plashga harakat qilyapmiz”, - deydi u.

Speranskani AQShga Vendi Oksenxorn taklif etgan. Amerika Jaz jamg’armasi ijrochi direktori yaqinda Ukrainaga tashrif buyurgan edi.

“Amerikalik sifatida bo’layotgan voqealarni, Putin Ukrainada nimalar qilayotganini televideniye orqali ko’rishdan charchadim. O’z ko’zim bilan ko’rish uchun Ukrainaga borib, ajoyib insonlarni uchratdim”, - deydi Oksenxorn.

Uning jamg’armasi, xayriya tashkiloti, qiyin ahvolda qolgan musiqachilarga yordam qo’lini cho’zadi. Urush boshlanganidan beri, deydi Oksenxorn, ukrainalik 100 dan ortiq san’atkorga ko’maklashdik.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG