Breaking News

C5+1 Samarqand: savdo va sarmoya muhokamada


C5+1 vazirlar darajasidagi uchrashuv, Samarqand, 24-oktabr, 2023
C5+1 vazirlar darajasidagi uchrashuv, Samarqand, 24-oktabr, 2023

Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti so‘nggi besh yilda 40 foiz o‘sib, 2022-yil oxirida 406 milliard dollardan oshgan. O'zaro savdo o'tgan yili 220 milliard dollarni tashkil etgan.

Bugun Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari vazirlarining mintaqaviy integratsiya masalalari bo‘yicha C5+1 diplomatik formatidagi majlisi bo'lib o'tdi.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rahbari Samanta Pauer unga raislik qildi. Qozog‘istondan Savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliev, Qirg‘izistondan Iqtisodiyot va savdo vaziri o‘rinbosari Chingiz Mekeshov, Tojikistondan Iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri o‘rinbosari Axliddin Nuriddinzoda, Turkmanistondan Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri o‘rinbosari Kerimberdi Qurbonov, O'zbekistondan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, shuningdek, bu davlatlardan turli darajadagi rasmiylar ham qatnashgan.

O'zbekiston tomon oziq-ovqat xavfsizligi, ta'minot, iqlimdagi salbiy o‘zgarishlarga urg'u bergan. Mirziyoyev ma'muriyati uchun qo'shni davlatlar bilan yaqindan hamkorlik - birlamcha maqsad, deydi rasmiylaar.

19-sentabrda Nyu-York shahrida C5+1 prezidentlar sammiti kechgan edi. Bugungi yig'in o'sha uchrashuvda qayd etilgan yo'nalishlar ustida ishlash uchun harakat.

Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, O'zbekiston va Turkmaniston rasmiylariga ko'ra, Markaziy Osiyoda keyingi yillarda munosabatlar mustahkamlangan va iqtisodiy aloqalar keskin oʻsgan.

"2022-yilda mintaqa davlatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasi 2017-yilga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘payib, 220 milliard dollarni tashkil etdi",- deyiladi Toshkent bayonotida.

Rasman, o‘zaro sarmoya hajmi 5,6 barobar oshgan. Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti so‘nggi besh yilda 40 foiz o‘sib, 2022-yil oxirida 406 milliard dollardan oshgan.

Mintaqani azaldan integratsiyaga undab kelayotgan Amerika delegatsiyasining qayd etishicha, raqamli va yashil iqtisod, biznes muhitni yaxshilash, inson kapitalini rivojlantirish borasida yakdillik zarur.

Vashington Markaziy Osiyo davlatlarini oshkoralik, shaffoflik, qonun ustuvorligi, demokratik islohotlar sari dadil qadam tashlashga undab keladi. Pauer xonim bugun Samarqandda mintaqa hukumatlarini shunga chaqirib, Amerika ularni bu yo'nalishlarda quvvatlashini aytgan.

Savdo, transport, energetika, ekologiya - doimiy muhokamadagi masalalar, deydi rasmiylar.

Tadbir yakunida qo‘shma bayonot qabul qilingan. Mintaqa davlatlari va USAID dekarbonizatsiya va bojxona tizimini raqamlashtirish bo‘yicha memorandum imzolagan.

C5+1 formatida Samarqandda kechgan uchrashuvda vazirlar va vazir o'rinbosarlari darajasidagi vakillar qatnashdi, 24-oktabr, 2023
C5+1 formatida Samarqandda kechgan uchrashuvda vazirlar va vazir o'rinbosarlari darajasidagi vakillar qatnashdi, 24-oktabr, 2023

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG