AQSh Prezidenti Jo Bayden “C5+1” platformasi doirasida ilk bor prezidentlar darajasida 19-sentabr kuni Nyu-Yorkda o’tgan sammitga baho berar ekan, bu muloqotni “yillar mobaynida davom etgan yaqin hamkorlikka asoslangan tarixiy moment” deb atadi.
“Bugun hamkorligimiz yangi darajaga ko’tarilmoqda. Xususan, terrorizmga qarshi kurash, mintaqada xavfsizlik choralarini ta’minlash bo’yicha AQSh moliyasi hajmini oshirish, xususiy sektorlar o’rtasida yangi aloqalar o’rnatish hamda minerallar bo’yicha yangi dialog o’rnatish ehtimollari muloqotimiz asosi”, - dedi Bayden.
Tahlilchilar nazdida, Vashingtonda Markaziy Osiyo mintaqasiga e’tibor allaqachon yuqori darajada bo’lishi kerak edi.
“AQShning biror prezidenti hanuz Markaziy Osiyoga tashrif buyurmagan. AQSh bu mintaqaga hech qachon jiddiy munosabatda bo’lmagan”, - deydi Pittsburg universiteti olimi Jennifer Brik Murtazashvili.
Milliy xavfsizlik kengashining Rossiya va Markaziy Osiyo bo’yicha sobiq mulozimi Erik Grinning “Amerika Ovozi”ning o’zbek xizmatiga bildirishicha, Rossiyaning Ukrainaga bosqini ko’plab mamlakatlarni o’z diplomatik aloqalarini qayta ko’rib chiqishga undamoqda.
“Bu uchrashuv ikki asosiy omilni tasdiqlaydi: Birinchidan, Rossiyaning Ukrainaga to’laqonli masshtabda bostirib kirishi ortidan mintaqada geosiyosiy vaziyat o’zgargan. Bu barcha mamlakatlarni, xususan, Rossiya bilan chegaradosh davlatlarni o’z siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik bo’yicha pozitsiyalarini qayta ko’rib chiqishga undadi. Diversifikatsiya va muvozanatga erishishga intilish kuchaydi deb o’ylayman”, - deydi Grin.
“Ikkinchi omil Markaziy Osiyodagi mintaqaviy integratsiya jarayonlarida kuzatilayotgan progress bilan bog’liq. Buni barcha darajalarda suv resurslari, energetika, iqlim va savdo bo’yicha tobora shiddat bilan davom etayotgan muloqot va muzokaralar tasdiqlamoqda”, - deydi Grin o’z fikrini davom ettirib.
Ekspertlar AQSh va Markaziy Osiyoda yaqin aloqa o’rnatish fursati yetilganini aytmoqda.
“Markaziy Osiyo va Rossiya munosabatlarida yuzaga chiqib kelayotgan qarama-qarshilik hamda Xitoyning mintaqaga ta’siriga nisbatan tanqidiy qarashlarning o’sib borishi fonida AQShning uzoq muddatli investitsiyalarni ajratish yo’li bilan mintaqada o’z imijini mustahkamlab olishi uchun darcha ochilmoqda”, - deydi “RAND Corporation” tadqiqot markazi vakili Xanter Stoll.
“To’g’ri, AQSh xarajatlari Xitoy, hatto Rossiyanikidan ham oshiq bo’lishi gumon. Lekin bu investitsiya maksimal manfaat ko’riladigan jabhalarga qaratilgan va oqilona o’ylangan bo’lishi lozim”, - deydi u.
Inson huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar Baydendan sammitda Markaziy Osiyo rahbarlarini adolatga chaqirishni so’ragan. Mintaqaning besh mamlakatida ham inson huquqlari qo’pol tarzda toptalib kelayotgani hujjatlashtirilganini eslatgan.
Oq uy bayonotida keltirilishicha, Bayden mintaqa rahbarlari bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari suvereniteti va daxlsizligini mustahkamlash, o’zaro hamkorlikni rivojlantirish va barqaror taraqqiyot borasida mushatarak qarashlar mavjud ekanini olqishlagan. Mintaqada inson huqularini ta’minlashni “C5+1” platformasi doirasida mustahkamlab borish maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan.
Qirg’izistonning AQShdagi sobiq elchisi Kadir Toktogulovning ta’kidlashicha, AQSh va Markaziy Osiyo munosabatlarida faollik lozim.
“AQSh prezidenti vanihoyat Markaziy Osiyoga tashrif buyurishini yoki navbatdagi prezidentlar darajasidagi sammitlardan biri Markaziy Osiyoda o’tishini umid qilaman”, - deydi sobiq diplomat.