Breaking News

Markaziy Osiyo elchilari AQSh bilan hamkorlikni qanday izohlaydi?


Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekistonning Vashingtondagi elchilari virtual forumda so'zladi, 20-iyun, 2023
Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekistonning Vashingtondagi elchilari virtual forumda so'zladi, 20-iyun, 2023

Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekistonning Vashingtondagi elchilari 20-iyun kuni virtual forumda so'zlar ekan, davlatlari AQSh bilan serqirra aloqa va hamkorlik yo'lidan borayotganini da'vo qildi.

Amerikaning strategik sheriklari bo'lmish O'zbekiston va Qozog'iston bugungi rishtalardan bag'oyat mamnun ekanini bildirib, Bayden ma'muriyati Ostona va Toshkentda hukumatlar boshlagan islohotlarni quvvatlayotganidan minnatdor.

Endi, deydi elchilar Furqat Sidiqov va Yerjan Ashikbayev, Vashington ularning rahbariyatlari takliflari ustida birga harakat qilib, yordamlashishi kerak.

Davlat departamenti va boshqa idoralar avvalo Markaziy Osiyoning har bir respublikasi mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishini qayd etadi.

Bayden ma'muriyati mushtarak manfaatlar, xususan, xavfsizlik, iqtisodiy rivojlanish va qonun ustuvorligi yo'lida hamnafas ekanini eslatadi.

Biroq hukumatlar orasida taraqqiyot va erkinlik borasida tushunchalar turlicha. Markaziy Osiyo rahbariyatlari, shu jumladan, ularning Vashingtondagi bosh diplomatlari inson huquqlari borasidagi muammolarni har doim ham tan olmaydi yoki e'tirof etsa-da, amaldagi siyosatlarini, ya'ni cheklovlarni asoslashga urinadi.

Qozog'iston elchisi Ashikbayev deydiki, uning davlati AQShdan nima istashi aniq: iqtisodiy hamkorlik va strategik sheriklikni mustahkamlash.

"Mamlakatimiz va mintaqamiz tinch va farovon bo'lishi uchun Amerika bilan azaldan yaqindan ishlashga harakat qilganmiz, hozir ham shunday", - deydi diplomat.

"Markaziy Osiyo turli o'yinlar va nayranglar maydoni bo'lishini aslo istamaymiz. Biz yirik davlatlar orasida, bosimlar ostida yashashni xohlamaymiz", - deydi Ashikbayev.

Qirg'iziston elchisi Baktibek Amanbayev Amerika bilan hozirgidan kuchliroq hamkorlikni shakllantirish uchun potensial yuqori ekanini aytadi.

"Biz qo'shnilar bilan hamjihatlikni yo'lga qo'yar ekanmiz, xususan, Xitoy va O'zbekiston bilan yangi transport koridorlarini qurishga bel bog'lagan ekanmiz, AQSh regional tashabbuslarda ko'maklashib, zamon talablaridan kelib chiqqan holda, biz bilan ishlaydi degan umiddamiz", - deydi Amanbayev.

U mamlakatining suv boyliklari va tabiiy resurslariga urg'u beradi. Biroq boshqa elchilar singari Amanbayev ham Vashingtondan ayni damda konkret nima istashini aytmadi yoki muayyan muammolarni muhokama qilmadi.

Tojikiston elchisi Farrux Hamralizoda deydiki, uning mamlakati bugun qo'shnilar va uzoq-yaqindagi davlatlar bilan har tomonlama sheriklikka intilmoqda.

"Biz nimaga qodir ekanimizmi, qay sohada qattiq ishlashimiz kerakligini, atrofimizdagi tahdidlarni bilamiz. Amerika bizga alohida davlatlar hamda mintaqa sifatida qarayotganidan mamnunmiz. Endigi qadamlar faqat rag'batlantirish bo'lishi lozim", - deydi u, forumdagi nutqida.

Turkmanistonning 22 yildan beri AQShdagi elchisi Meret Orazov o'z nutqida Markaziy Osiyoni bugun har doimgidan ham inoq va etnik-tarixiy-geografik omillarga tayangan holda qadam tashlayotgan region deb atadi.

Orazov deydiki, mintaqa bugun rivojlanish sari metin irodaga ega, o'z taraqqiyot xaritasini belgilab olgan. Uningcha, Vashington bu davlatlarga, xususan, Turkmanistonga nima zarurligini chuqur anglaydi va rahbariyatlarga bu borada madad ko'rsatishi kutiladi.

"Yaqinda yillik ikki tomonlana maslahatlashuvimizni o'tkazdik. Biz umidga to'lamiz, chunki birgalikda ko'p ezgu ishlar qila olamiz", - deydi Orazov.

O'zbekiston elchisi Furqat Sidiqov Toshkent-Vashington orasidagi qator prioritetlarni sanab o'tar ekan, ayniqsa iqtisodiy hamkorlik va savdoni kengaytirishga e'tibor qaratdi.

"O'zbekiston AQSh bilan aloqalarda mustahkam asosga ega va o'zaro ishonch kuchli", - deydi Sidiqov.

Elchi texnologiya va ta'lim singari yo'nalishlarni har ikki xalq uchun birdek muhim deb ta'riflar ekan, innovatsion yondashuv zarurligini, har sohada yangi imkoniyatlar ochishga shay ekanini aytdi.

Unincha, AQSh-O'zbekiston orasida tijorat hajmi oshmoqda, sarmoya oqimi ham kengayaveradi. Murakkab sinovlar, deydi Sidiqov, biroq Toshkent bu masalalarda Vashington bilan hamnafas.

Ukrainadagi urush yuzasidan Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalarning Markaziy Osiyoga ta'siri, Sovet davridan qolgan siyosiy-iqtisodiy cheklovlar, mintaqaning bugun besh "mustaqil tashqi siyosatiga ega davlatdan iborat" ekani, qo'shni Afg'onistondagi vaziyat, xavfsizlik va tahdidlar - elchilar bu masalalarni forumda birma-bir ko'tardi.

AQSh prezidenti Markaziy Osiyo rahbarlari bilan uchrashadimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:57 0:00

Mintaqaviy ekspert, Markaziy Osiyo hukumatlari bilan azaldan hamkor Frederik Starr nazarida, mintaqaga alohida tashkilot kerak.

"Shu paytgacha ham regional organ tuzilmagan. Uni shakllantirish aslida qiyin emas, xohish kerak", - deydi Starr.

Uning tahlilicha, Davlat departamenti faxr bilan qayd etadigan C5+1 formatidagi diplomatik dialog aslida Markaziy Osiyo diplomatlari taklifi bilan yo'lga qo'yilgan.

"Shunday ekan, Vashington mintaqaga quloq solib, uning dardi va maqsadlarini inobatga olishi lozim", - deydi olim.

Besh respublika va AQSh orasidagi muntazam muloqotga havas qilib, hozirda Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqalar ham shunday formatda aloqa qilish payiga tushgan.

Starrning barcha hukumatlarga maslahati - Markaziy Osiyo o'z regional blokini tuzishi uchun hissa qo'shish.

Bunday tavsiyalar olg'a surilganida boshqa mutaxassislar, xususan, xalqaro tashkilotlarning vakillari, mintaqa hamon avtokrat va repressiv rejimlar qo'lida, deya xavotir bildirib, tuzumlar xalqning muammolarini hal etish bilan emas, hokimiyat manfaatlarini himoya qilish bilan band, deya tanqid qiladi.

Starr Bayden ma'muriyatini Markaziy Osiyo prezidentlari bilan birga muloqotga chorlamoqda. Xitoy va Rossiya prezidentlari ular bilan tez-tez uchrashib turibdi, lekin Amerikaning hozirgi prezidenti hali ular bilan ko'rishmagan, gaplashmagan, deydi ekspert.

"BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasida Nyu-Yorkda Prezident Bayden region rahbarlari bilan so'zlashishi kerak", -deya undaydi Starr.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG