Breaking News

"Paxta kampaniyasi: Turkmanistonda majburiy mehnatga barham berish kerak


Turkmaniston paxta yetishtirish bo'yicha dunyoda 10-o'rinda (Foto: Turkmen News)
Turkmaniston paxta yetishtirish bo'yicha dunyoda 10-o'rinda (Foto: Turkmen News)

Majburiy mehnatga qarshi kurashuvchi "Paxta kampaniyasi" xalqaro koalitsiyasi chiqargan navbatdagi hisobot Turkmanistonga e'tibor qaratib, xalqaro hamjamiyatni chora ko'rishga undaydi. Chunki, deyiladi tahlilnomada, respublika dalalari huquqbuzarlik va adolatsizlik maydoni.

Turkmen.News nomli nohukumat tashkilotni yurituvchi Ruslan Myatiyev bu masalalarni yillardan beri o'rganib keladi va hisobotning mualliflaridan biri.

"Birinchidan, Turkmaniston hukumati muammoni tan olishi kerak. Huquq faollari bemalol monitoring o'tkaza olishi, hech qanday qo'rquvsiz ma'lumot yig'a olishi kerak", - deydi Myatiyev.

Shu kunlarda BMT qoshidagi Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Turkmanistondagi vaziyatni ko'rib chiqmoqda. Turli davlatlar va tashkilotlarning vakillari ham maxsus hay'atga so'zlab, o'z xulosalarini bildirmoqda.

"Paxta kampaniyasi"ga ko'ra, Ashgabat muammolarni yashirishdan ularni ochiq muhokama qilishga o'tishi lozim va bunda XMTning roli beqiyos.

Paxta Turkmanistonda hukumat belgilagan miqdorda va uning talablari asosida yetishtiriladi. Kvota bo'yicha rejani bajarmagan fermerlar jarima to'laydi yoki yeridan ayriladi. (Foto: Turkmen News)
Paxta Turkmanistonda hukumat belgilagan miqdorda va uning talablari asosida yetishtiriladi. Kvota bo'yicha rejani bajarmagan fermerlar jarima to'laydi yoki yeridan ayriladi. (Foto: Turkmen News)

O'zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berilishida ham XMT muhim rol o'ynagan, ammo jarayonga "Paxta kampaniyasi" turtki bergan. 10 yilga yaqin vaqt mobaynida Toshkent bu koalitsiyaning chaqiriqlariga quloq tutmagan, javob bermagan.

2017-yildan boshlab, O'zbekistonda rahbar yangilangach, hukumatda majburiy mehnatga qarshi siyosiy iroda paydo bo'ldi, deydi faollar. Bu kurash davom etmoqda va hali qilinadigan ishlar ko'p.

Lekin qo'shni Turkmanistonda vaziyat xarob. Hisobotda qayd etilishicha, mamlakatdagi sharoitdan noligan shaxs jiddiy bosimga ostida qoladi.

"Uzviy huquqlar nima ekani, ular himoyasi, mehnatkashlar o'z haq va hurmatini talab qilishi kabi erkinliklar targ'ib qilinishi zarur", - deydi Allison Gill, Vashingtondagi Mehnat huquqlari forumi vakili.

Turkmaniston - dunyodagi eng yopiq va repressiv tuzumlardan biri.

"Hayotning har bir jabhasi butkul nazoratda. O'nlab ming odamlar har yili paxta dalalarida majburan ishlatiladi. Davlat korxonalarining ishchilari dalaga chiqishi kerak yoki o'rniga boshqa odam topib, unga bu xizmati uchun pul beradi", - deyiladi hisobotda.

Turkmanistonda sharoitdan noligan shaxs jiddiy bosimga ostida qoladi (Foto: Turkmen News)
Turkmanistonda sharoitdan noligan shaxs jiddiy bosimga ostida qoladi (Foto: Turkmen News)

Paxta Turkmanistonda hukumat belgilagan miqdorda va uning talablari asosida yetishtiriladi. Kvota bo'yicha rejani bajarmagan fermer jarima to'laydi, yeridan ham ayrilishi mumkin. Mahalliy hokimiyatlar paxta vaqtida terib olinishini ta'minlaydi va bu mavsumda odamlarni dalaga haydaydi.

"Turkmanistonda qishloq xo'jaligi, xususan paxta, ipak qurti va bug'doy, korrupsion tizimning ajralmas qismiā€¯,- deydi Farid Tuxbatullin, Inson huquqlari bo'yicha Turkman tashabbusi raisi.

"Vaziyatning o'zgarishi uchun izchil islohotlar zarur va hukumat buni anglashi lozim", - deydi Tuxbatullin.

"Paxta kampaniyasi" yana bir masalani ko'tarmoqda: Turkmaniston paxtasi Turkiya, Pokiston va Italiya kabi davlatlarda tayyor mahsulotga aylanadi, biroq xom ashyo majburiy mehnat evaziga yetishtirilganiga bu importchilar befarq.

Jahon bozorlarida har kuni sotiladigan tovarlar aslida fuqarolarni ezib tayyorlanganiga dunyo ko'z yuma olmaydi, deydi faollar.

Xorijdagi turkman tashkilotlari XMT va boshqa organlarni Ashgabatga bosimni oshirishga undamoqda.

2022-yilda turkman faollari Lebap viloyatida 100 terimchi bilan suhbatlashgan. Ular o'qituvchilar, tibbiy xodimlar, shuningdek, telekommunikatsiya muassasalari hamda sport, madaniyat va turizm maskanlarida mehnat qiladiganlar, qolaversa davlat korxonalarining boshqa vakillari bo'lgan.

Turkmenabat va Tosho'g'uz viloyatlarida bolalar bog'chasining xodimlari bilan gaplashilganida, ular har yili paxta terishga majbur ekani, aks holda har hafta rahbariyatga jazo pulini to'lashi kerakligini aytgan.

"Bu kabi keng tarqalgan korrupsion holatlar Turkmanistonda majburiy mehnat alohida bir sanoat ekanidan dalolat beradi. Zo'rlab ishlatilayotgan odamlar tepaga pul berib, hokimiyatdagilarni boqadi, o'zi esa oyoqosti qilinadi", - deyiladi "Paxta kampaniyasi" hisobotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG