Vashingtonda asoslangan xalqaro nohukumat tashkilot "Freedom House" (Ozodlik uyi) yillik hisoboti jahon bo'ylab demokratik me'yorlar pasayib borayotganidan darak bermoqda. 19 yildirki, chekinish kuzatilmoqda. Davlatlar bu reytingda yetti omilga binoan baholanadi - davlat boshqaruvi va mahalliy boshqaruv naqadar demokratikligi, saylovlar qanchalik adolatli ekani, fuqaro jamiyati erkinligi, media mustaqilligi, sud-huquq va korrupsiya darajasi.
29 davlat joylashgan Markaziy Yevropa va Markaziy Osiyoda, xususan, Rossiya yetakchiligida erkinlik bilan bog'liq qadriyatlar chetga surilgan va repressiya kuchaygan.
Demokratik ko'rsatkichlar eng tushib ketgan davlatlar - Rossiya va Vengriya, deyiladi hisobotda. Hokimiyat yanada markazlashib, muxolifat butkul yo'q qilingan. Saylovlar erkin emas, fuqaro jamiyati ezilgan hamda sud tizimi endilikda biror jihatdan mustaqil emas.
Tashkilot tahlilicha,Rossiya bosqinining ikkinchi yilida ham Ukrainada demokratik institutlar rivojlanishda davom etgan. Hujumlar ostida bo'lsa-da, fuqaro jamiyati hukumatning fuqaro oldidan javobgarligini ta'minlash va inson huquqlari e'zozlanishi uchun harakatlarni to'xtatmagan.
Demokratik rivojlanishda Estoniya, Latviya va Litva eng ilg'or davlatlar sifatida e'tirof etiladi. Siyosatchilarning xalq oldidagi mas'uliyati, erkin matbuot, nohukumat tashkilotlarning roli bu mamlakatlarda salmoqli ko'lmada oshgan.
"Ozodlik uyi" hisobotiga ko'ra, Tojikiston va Turkmaniston bugungi kunda demokratik o'sish tamoman to'xtab qolgan tizimlardir. Ulardan atigi bir daraja yuqorida turgan davlat - Ozarbayjon.
Vengriya va Polsha - Yevropa Ittifoqida demokratik qadriyatlarni chetga surayotgan eng yirik sistemalar, shuningdek, Sloveniya va Chexiyada liberalizmga qarshi qadamlar kuzatilmoqda.
Yevropa Ittifoqiga kirish ilinjidagi Bosniya va Gersegovina, Moldova va Ukrainada muhit ijobiylashgan, deya xulosa qiladi "Ozodlik uyi". Siyosiy erkinliklar va fuqaro huquqlari himoyasi yo'lida hali qilinishi kerak bo'lgan ishlar talay, lekin tahlil shuki, bu jamiyatlarning har birida fuqaro erkinlikka intilmoqda va hukumatdan adolat talab qilishni o'rganyapti.
Tashkilot sarhisobicha, o'tgan bir yilda sobiq SSSR hududidagi sakkiz davlatda, xususan Rossiya, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, O'zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonda avtokratik boshqaruv nafaqat kuchaygan, balki bu mamlakatlarda repressiya ko'lami oshib, beqarorlik qanot yoza boshlagan. Qozog'iston va O'zbekistonda o'tgan bir yil ichida o'nlab ming fuqarolar norozilik namoyishlariga chiqqani tuzumlarga qarshi kayfiyatni aks ettiradi.
Qozog'istonda Qosim-Jo'mart Tokayev xalq dardi bilan shug'ullanib, tizimni tubdan isloh qilishni va'da qilgan. O'zbekistonda Shavkat Mirziyoyev 2017-yildan beri shunday o'zgarishlar qilishga so'z berib keladi.
2022-yilda va 2023-yilda Qozog'istonda konstitutsion referendum, prezident va parlament uchun saylovlar kechdi. O'zbekistonda esa bosh qomusni yangilash uchun yaqinda referendum o'tkazildi, yozda esa prezident saylovi. "Ozodlik uyi" bu jarayonlarni demokratik deb baholamaydi.
Tojikistonda ham o'tgan bir yil mobaynida norozilik chiqishlari kuzatildi. "Qoraqalpog'iston singari nominal avtonom hudud Tog'li Badaxshonda markaziy hukumatning nazorati yanada keskinlashgan",- deya ta'kidlanadi hisobotda.
"Ozodlik uyi" tahlilicha, bugunga kelib Tojikiston va O'zbekiston rahbariyatlari muxtoriyatlar ustidan butunlay kontrol o'rnatishga bel bog'lagan.
Bu respublikalarda ommaviy tartibsizliklar va g'alayonlar mustaqil taftish qilinmaydi, rahbariyatlar bunga ruxsat bermaydi va xalqaro hamjamiyatning tavsiya va chaqiriqlariga e'tibor sust.
"Ozodlik uyi" Amerika va boshqa demokratik davlatlarni Ukrainani Rossiya aggressiyasidan himoya qilib, erkinlik va adolat uchun turib berishga undamoqda. Rossiyaga qarshi sanksiyalar yanayam kuchaysin va Ukrainaga har tomonlama yordam kengaysin, deya undamoqda tashkilot.
Demokratik qadriyatlar targ'ibotiga zo'r berish ham rekommendatsiyalardan biri. Xususan Markaziy Osiyoda AQSh hukumati islohotlar amalga oshirilishi uchun turtki beraversin, deyiladi "Ozodlik uyi" hisobotida.
Tashkilot nazarida Rossiya bu mamlakatlar ustidan ta'sirini mahkamlashga urinar ekan, Amerika uchun o'ziga xos hamkorlik va yordam taklif qilish imkoniyatlari mavjud.
Birinchidan, deyiladi tahlilnomada, Markaziy Osiyo hukumatlari bilan diplomatik aloqalarni jadallashtirish kerak.
Ikkinchidan, muayyan shartlar asosida ko'mak va savdoni kengaytirish zarur. Korrupsiyaga qarshi kurashda real yordam ko'rsatish lozim. Sarmoya kiritishni targ'ib qilish bilan bu davlatlarda sistematik o'zgarishlarni va qonun ustuvorligini olg'a surish mumkin, deya umid qiladi "Ozodlik uyi".
Xitoy va Rossiyaga tobelik avj olarkan, tashkilotga ko'ra, Amerika va Yevropa Ittifoqi iqtisodiy madad ko'rsatishning yangicha yo'llari bilan chiqishi kerak.
Huquq himoyachilariga yordam berish borasida ham "Ozodlik uyi" tavsiyalari bor, jumladan:
- faollar, jurnalistlar va blogerlar uchun moddiy manbalar joriy etish;
- qamoq, qiynoq va hibs bilan yuzlashgan aktivistlarni qutqarishni ta'minlash;
- sudlanayotgan huquqbonlar va erkinlik targ'ibotchilarini bevosita quvvatlash, favqulodda madad yetkazish;
- vaqtincha xorijga olib chiqish, shuningdek, ruhiy yordam, texnologik xavfsizlik borasida ko'mak hamda trening;
- hayoti tahdid ostida qolgan faollarga maxsus viza joriy etish;
- repressiv muhitlardagi erkin mediani rag'batlantirish, malakasini oshirish, texnik-logistik quvvatlash;
"Ozodlik uyi" donor davlatlarga murojaat qilib, bu takliflarni jiddiy ko'rib chiqib, mintaqadagi va xalqaro nohukumat tashkilotlar bilan birgalikda konkret qadamlar tashlashga undamoqda.
Facebook Forum