“Xalqaro Amnistiya” tashkiloti hisobotiga ko’ra, dunyo bo’ylab qayd etilgan qatllar oxirgi besh yilda eng yuqori darajaga yetgan. 20 ta mamlakatda 883 kishi o’lim jazosiga hukm qilingan. Bu raqamlar Xitoyni o’z ichiga olmaydi.
Qatllar soni bo’yicha Yaqin Sharq davlatlari yetakchi. Eronda o’tgan yili 576 kishiga o’lim jazosi qo’llangan. 2021-yilda bu raqam 314 edi.
Saudiya Arabistonida qatl etilganlar uch karra oshgan. 2021-yilda 65, 2022-yilda 196 kishi. Oxirgi 30 yilda eng yuqori ko’rsatkich. Asosan giyohvandlik bilan bog’liq jinoyatlar uchun.
“O’lim jazosi har ikki mamlakatda repressiya vositasi sifatida qo’llanishda davom etmoqda. Masalan, o’tgan yil oxirida Eronda hibsga olish sur’ati oshdi, namoyishlarni bostirish uchun o’lim jazosi qo’llandi. Bu jarayon 2023-yilda ham davom etayapti. Shuni ham afsus bilan qayd etish kerakki, Eronda o’lim jazosi etnik va diniy ozchilikdagi guruhlarga nomutanosib ravishda ta’sir ko’rsatmoqda”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” vakili Chiara Sangiorgio.
Saudiya Arabistonida ham ahvol shu.
“Saudiyada 2022-yilning bir kunida 81 kishi qatl etilgan. Yarmisi shialar edi”, - deydi Sangiorgio.
Huquq tashkilotiga ko’ra, jallodlik bo’yicha Xitoy dunyoning peshqadam davlatlaridan.
“Xitoyda har yili minglab qatllar maxfiy tarzda amalga oshiriladi, yana shuncha odam o’limga ham mahkum etiladi. Lekin maxfiylik tufayli aniq raqamlarni aytish qiyin. Giyohvand moddalar bilan bog’liq jinoyatlar uchun, korrupsiya uchun odamlar qatl etilishini hukumat tasdiqlaydi. Ammo raqamlar – davlat siri”, - deydi suhbatdosh.
Shimoliy Koreya va Vyetnamda ham o’lim jazosining qo’llanilishi maxfiy ma’lumot sirasiga kiradi.
Harbiy to’ntarishlar ro’y bergan mamlakatlarda qatllar oshgani qayd etiladi. Misrda, masalan, 2022-yilda bu qaram 24 kishini tashkil etgan.
Myanmada 1980-yillardan beri ilk bor o’lim jazosini qo’llash tiklandi. Demokratiya faoli Kyo Min Yu va sobiq deputat Maun Kyo qatl etilgan.
Qo’shma Shtatlarda esa qatl etilganlar 11 dan 18 taga oshgan.
“Bu AQShda yaqin tarixdagi eng past ko’rsakichlardan. Bu jamiyatda va sudda jyuri a’zolari orasida o’lim jazosi haqidagi qarashlar o’zgarayotganini ko’rsatadi”, - deydi Sangiorgio.
Hisobot 2022-yilni qamrab olgan bo’lsa-da, Eronda joriy yilda qatllar soni oshib borayapti. BMT ma’lumotlariga ko’ra, mamlakatda yil boshidan buyon 209 kishi o’limga mahkum etilgan.
Facebook Forum