Breaking News

Johar Sarnayev o'lim jazosiga loyiq deb topildi


21 yoshli Johar Sarnayev shu yilning aprel oyida aybdor deb topilgan edi. Unga nisbatan qanday jazo qo'llash haqidagi qaror bugun chiqdi. O'lim.
21 yoshli Johar Sarnayev shu yilning aprel oyida aybdor deb topilgan edi. Unga nisbatan qanday jazo qo'llash haqidagi qaror bugun chiqdi. O'lim.

Boston sudi 21 yoshli Johar Sarnayevni 2013-yilgi marafon paytida terror xuruji qilganlikda aybdor deb topib, uni oliy jazo o'limga buyurdi.

Sudlanuvchiga 30 ta ayblov qo'yilgan edi, jumladan, qotillik va ommaviy qirg'in qurolidan foydalanganlik.

Sarnayevning aybdor deb topilishiga hech kim shubha qilmagan edi.

Chunki uning advokati ham buni inkor qilmadi, deydi huquqshunos professor Stefan Soltzberg.

"Aslida bu ikkinchi bosqichga tayyorgarlik edi. O'lim jazosi berilishi kerakmi yoki yo'qmi, shu masalaga", - deydi u.

Massachusets shtatida o'lim jazosi bekor qilingan. Ammo federal sud ishlarida bu mumkin va hatto shunday bo'lishi ehtimoli yuqori.

"Agar bir guruh odamlar jinoyatni o'lim jazosiga loyiq deb topsa, shunday bo'ladi. Qasddan imkon qadar ko'proq odamni, begunoh insonlarni o'ldirishga va mayib-majruh qilishga qaratilgan harakat edi bu. Jinoyatchilarga qidiruv e'lon qilinganda, ularning Nyu-Yorkka borib, yana shunday ishlarni qilishga urinishi haqida xabarlar tarqaldi", - deydi professor Soltzberg.

Sarnayev hukm ustidan yuqori sudlarga, shuningdek, Oliy sudgacha shikoyat qilishi kutilmoqda, ammo Soltzbergning aytishicha, hukmning o'zgarishiga umid juda kam.

"Bu ishda odatda uchraydigan omillarni ko'rmayapmiz. U o'zini ruhan nosog'lom yoki layoqatsiz ko'rsatib, o'limdan qolishga urinmayapti. Shuning uchun o'lim jazosini bekor qilish juda qiyin bo'ladi", - deydi huquqshunos.

Johar Sarnayevni himoya qilayotgan huquqshunos Judi Klark mamlakatning jinoyat huquqi bo'yicha eng yaxshi advokatlaridan. U vahshiy jinoyatlarga qo'l urgan ko'plab shaxslarni, jumladan, seriyali qotilliklarni amalga oshirgan Teodor Kachinskiy va Atlantadagi Olimpiya parkini portlatgan Erik Rudolfni o'limdan saqlab qola olgan.

Klark Sarnayevning yoshini va akasi ta'siri ostida bo'lganini hisobga olib, hakamlardan uning hayotini saqlab qolishni so'ragan edi.

Sarnayevlar xurujidan aziyat chekkanlar adolat istaydi, garchi ayrimlari adolatning nimadan iborat bo'lishi haqida aniq tushunchaga ega bo'lmasa ham.

"Adolat qanday bo'lishini bilmayman. Uning qo'lga olinganiga shukr qilyapman. Butun dunyoga bunday odamlar va ishlarga toqat qilinmasligini ko'rsatganimizdan mamnunman. Biz bunday bo'lmasligimiz kerak", - deydi marafondagi portlashda jarohat olgan bir fuqaro.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG