2001-yil 11-sentabr voqealaridan beri AQShdagi musulmonlar orasida radikalizm xavfining o'sish ehtimoli haqida xavotirlar kuchaygan. Suriya va Iroqda katta hududlarni egallab olgan "Islomiy davlat" jangari guruhi ham o'z safiga ko'plab g'arbliklarni jalb etgan. Lekin Shimoliy Karolinadagi bir necha universitet hamkorlikda o'tkazgan tadqiqot natijasiga ko'ra, amerikalik musulmonlar orasida radikal guruhlarga moyillik yo'q.
Amerikada ulg'aygan musulmon Salli Ayad Yaqin Sharqdagi siyosiy mojarolardan ta'sirlanmaganini aytadi.
"Xorijda bo'layotgan voqealardan bexabar bo'lib o'sdik. Ularni oqlash yoki qoralash haqida bizdan hech kim so'ramagan", - deydi u.
U yashaydigan Roli shahrida va mamlakatning boshqa hududlarida ham aksariyat musulmonlarning fikri shunday.
Ammo ular musulmonlarga ehtimoliy terrorchi sifatida qarash kayfiyati hanuz mavjudligidan shikoyat qiladi.
Yaqinda o'tkazilgan tadqiqotga ko'ra, musulmonlardan shubhalanish uchun hech qanday asos yo'q.
Shimoliy Karolina universiteti tadqiqotchisi Charlz Kurzmen siyosiy zo'ravonlikda ayblangan musulmonlarni sanab chiqdi.
"Terrorizm deb atash mumkin bo'lgan ishlarga aloqadorlik aybi bilan 250 tacha odam hibsga olinganini aniqladik", - deydi u.
Bu ko'pdek ko'rinishi mumkin, ammo uch millionlik AQSh musulmonlari oldida arzimas raqam.
Ro'yxatda Boston portlashlarini uyushtirgan Joxar Sarnayev, Fort Hud harbiy bazasiga o't ochgan Nidal Hasan va Suriyadagi jangarilarga qo'shilishga uringan asli somalilik Abdurahmon Muhammad bor.
Ular xatti-harakatidan qurbon bo'lganlar soni 50 ta ekani aniqlangan.
"11-sentabr voqealaridan beri esa AQShda 200 mingdan ortiq qotillik ro'y bergan", - deydi Kurzman.
Unga ko'ra, bu hisobga avtohalokat qurbonlari yoki bezorilar qo'lidagi qurollardan halok bo'lganlar kiritilmagan.
"Terrorga aloqador zo'ravonlikning har qanday miqdoriga toqat qila olmaydigan tushunchamiz bor. Boshqa tur tahdidlarga esa uncha e'tibor bermaymiz", - deydi u.
"Terrorizmga hech bir dinning aloqasi yo'q. Zo'ravonlik va terrorizm uchun odamlar aybdor", - degan edi AQSh rahbari Obama.
Prezident zo'ravon ekstremizmni jilovlashga oid o'tgan sammitda radikalizmning kelib chiqish sabablari haqida gapirdi.
Anjumanda mahalliy tahdidlar xalqaro zo'ravonliklar bilan bir qatorga qo'yilmasligi kerak edi, deydi tahlilchi Deyvid Shenzer.
"Ikkisinini birga sanab, amerikaliklarga go'yo xorijda bo'layotgan dahshatli voqealar va ularga aralashgan odamlar AQShda ham bor, degandek tushuncha berdik. Aslida, unday emas", - deydi terrorizm bo'yicha ekspert.
Politsiya fevral oyida Shimoliy Karolinada uch musulmonni otib ketgan shaxs jinoyatni qanday motiv asosida amalga oshirganini hanuz tekshirmoqda. Hodisa mamlakat bo'ylab ko'plab musulmonlarning xavsizlik bo'yicha xavotirlarini oshirgan.