Breaking News

AQSh musulmonlari "Islomiy davlat"ni qoralamoqda


Vashingtondagi Dalles musulmonlar jamiyati rahbari imom Muhammad Majid
Vashingtondagi Dalles musulmonlar jamiyati rahbari imom Muhammad Majid

Amerikadagi musulmon yetakchilari Iroq va Suriyadagi “Islomiy davlat” jangari guruhining zo’ravon qilmishlarini qoralamoqda. Jangarilar yovuz niyatlarini din bilan niqoblamoqda, aslida islomda bunday zo’ravonliklarga o’rin yo’q, deydi ular.

AQSh musulmonlari "Islomiy davlat" haqida, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:50 0:00
Yuklab oling

Vashingtondagi Dalles musulmonlar jamiyati dinlararo bag’rikenglikni targ’ib qilib, islom haqida to’g’ri tasavvur uyg’otish bo’yicha olib boradigan ishlari bilan taniqli.

Imom Muhammad Majidning aytishicha, “Islomiy davlat” jangarilari amalga oshirgan vahshiyliklardan AQSh musulmonlari jiddiy tashvishga tushgan.

“Begunoh odamlarni, ayniqsa, vatandosh amerikaliklarni qatl etganlarini ko’rib amerikalik musulmonlar dahshatga tushdi”, - deydi u.

“Islomiy davlat” internetga videolarni chiqarishi bilan, AQSh musulmon yetakchilari guruhni terrorchilar deya tamg’aladi.

“Biz terrorizm va ekstremizni keskin qoralaymiz va vatanimizda, shuningdek, butun dunyoda tinchlik bo’lsin deb duo qilamiz”, - deydi Shimoliy Amerika Islomiy jamiyati rasmiysi Rizvon Jaka.

Guruh o’ziga olgan nom ham musulmonlarning g’azabini qo’zg’adi. Bunday jinoyatlarni qanday din bilan bog’lash mumkin, deydi “Amerika-Islom aloqalari kengashi” vakili Nihad Avad.

“Ular mening e’tiqodimni suiiste’mol qilyapti. Bu barcha musulmonlar uchun haqorat”, - deydi u.

Tahlilchilarning aytishicha, jangari guruh odam yollash, o’z mafkurasini ijtimoiy tarmoqlar orqali propaganda qilish masalasida mohirlik bilan ish ko’rmoqda.

Suriyada xorijlik jangarilar soni 12 ming atrofida ekani ma’lum. Ularning, taxminan, 100 tasi AQShdan.

AQSh davlat departamenti guruh propagandasiga qarshi o’z videosini chiqardi.

“Guruh islom yo’lida jang qilayotganini aytadi. Ammo haqiqat shuki, uning islom bilan hech qanday aloqasi yo’q”, - deydi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

Boshqa din vakillari ham bu masalada musulmonlar bilan hamfikr.

Vashington katolik cherkovi yetakchisi Teodor Makkarik ulardan biri.

“Odamlarni o’ldirish, xudkushlik, begunohlarni qatl etish noto’g’ri. Islom bunga o’rgatmaydi”, - deydi u.

Musulmonlar tinchlik yo’lida qilayotgan harakatlari o’z natijasini berishidan umidvor.

“Butun dunyo musulmonlari qo’lni qo’lga berib, ularga bas qiling, deyishlarini istaymiz”, - deydi imom Majid.

AQSh hukumati guruhni kuchdan qoldirib, butunlay yakson qilishni qasd etgan. Zo’ravonlikka qarshi Amerika musulmonlari ham yakdil.

Amerika musulmonlari jihodchilar haqida nima deydi? US Muslims/ISIS
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:21 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG