Breaking News

Razvedka: Shimoliy Koreya josuslari jurnalistlar nomidan ma'lumot to'plamoqda


Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un va qizi Kim Ju E harbiylar bilan raketalar mashqini kuzatmoqda, 20-mart, 2023
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un va qizi Kim Ju E harbiylar bilan raketalar mashqini kuzatmoqda, 20-mart, 2023

AQShda asoslangan "Mandiant" kiber-xavfsizlik firmasiga ko'ra, Shimoliy Koreya josuslari va xakerlari "Amerika Ovozi" va boshqa yirik media tashkilotlar nomidan murojaat qilib, axborot yig'ayotganini isbotlovchi dalillar bor. Pxenyan odamlari o'zini muxbir deb tanishtirib, savollar beradi, deya ogohlantirmoqda "Google" kompaniyasiga aloqador bu tadqiqot markazi.

Eskpertlar APT43 degan kiber-josulik guruhi faollashganini aniqlagan. APT43 “Kimsuky” yoki “Thallium” degan nomlar bilan ham tanilgan. Ularning a'zolari amerikalik yoki koreys jurnalistlari, tahlilchilari yoki olimlari nomidan ham yozishi yoki murojaat qilishi kuzatiladi.

Yaqin kunlarda APT43 kamida besh axborot vositasining yetti xodimi sifatida harakat qilgan, deydi "Mandiant" eksperti Gari Fris "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

“Ular nozik ma'lumotlarni qo'lga kiritgan, Shimoliy Koreyaga nisbatan siyosat xususida va Pxenyanga qarshi choralar borasida", - deydi Fris.

2022-yilning 14-oktabrda yo'llangan maktubda, "Amerika Ovozi" muxbiri sifatida yozgan josus Amerikadagi manbadan Yaponiya mudofaa byudjeti oshadimi, Tokio qanday qadamlar tashlamoqda, deya so'ragan.

Jurnalistlar nomidan murojaat qilib, axborot so'rash xakerlar tomonidan ko'p kuzatiladi
Jurnalistlar nomidan murojaat qilib, axborot so'rash xakerlar tomonidan ko'p kuzatiladi

"Amerika Ovozi" o'z xodimlarini bunday xavflaardan himoya qilish uchun chora ko'rayotganini bildiradi. Jurnalistlar ogohlikka undaladi.

"Mandiant" bu masalada AQSh Global Media Agentligi va boshqalar bilan ishlab, APT43 faoliyati bo'yicha tahlilini ulashmoqda.

“Jurnalistlarimiz va manbalar orasidagi ishonchni saqlash va himoya qilish biz uchun eng asosiy vazifa", - deydi AQSh Global Media Agentligidan Lori Moy.

Uning qayd etishicha, agentlikka kiradigan tashkilotlarning xodimlari va ularga doir ma'lumotlar muhofaza ostida, qattiq tekshituvda. Buning uchun eng ilg'or texnologiyadan foydalaniladi, deydi Moy.

Biroq APT43 "Amerika Ovozi" Koreys xizmati xodimlari nomidan feyk elektron adresdan qator maktublar yo'llagan. Ular universitetlarning professorlari, rasmiylari va boshqalar borgan. Ayrim hollarda bu odamlar soxta emasmi, degan savol bilan "Amerika Ovozi" rahbariyatiga murojaat qilgan.

Koreys xizmati rahbari Dong Hyuk Li deydiki, o'zi va kamida yana 10 xodimning shaxsi APT43 tomonidan qo'llangani ma'lum.

"BIz darhol chora ko'rdik, texnologik imkoniyatlarni ishga soldik", - deydi Dong.

"Mandiant" aniqlashicha, "The New York Times" gazetasi nomidan ham soxta muroaatlar bo'lgan.

Janubiy Koreya teleradio tizimi xodimlarining ism-shariflari ham qo'llanilgan holatlar ko'p.

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un Pxenyanda so'zlamoqda, 26-fevral, 2023
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un Pxenyanda so'zlamoqda, 26-fevral, 2023

"Davlat yollagan xakerlar jurnalistlar sifatida harakat qilishi yangilik emas", - deydi Jozef Bodnar, Demokratiya xavfsizligi bo'yicha uyushma tahlilchisi.

“Muxbirlar boshqalardan ko'ra ko'proq narsani biladi va odamni taniydi. Ularning nomidan kelgan xatlarga javob berilish ehtimoli yuqori", - deydi u.

"Proofpoint" degan kiber-xavfsizlik firmasi ham bu masalani o'rganib chiqib, Shimoliy Koreya, Xitoy, Eron va Turkiya hukumatlariga ishlaydigan xakerlarning qilmishlarini fosh etgan.

“Xakerlarning xatini imlo xatolaridan ham ilg'ash mumkin. Jurnalistlarning nomi notanish bo'lsa, "Google" orqali ham qidirib ko'rish mumkin. Media tashkilotlar bilan bog'lanib, bu sizning xodimingizm, deb so'rash lozim", - deydi Bodnar.

Davlat departamentdan Vedant Patel deydiki, Shimoliy Koreyaning bunday qora ishlari oldindan ma'lum. Biroq departament Amerika jurnalistlarini bunday xavfdan himoya qilish uchun biror chora ko'rmagan. Patel hukumatning bu boradagi roli haqida biror narsa demaydi.

AQSh qurolli kuchlariga tegishli kiber xavfsizlik idorasidan mayor Katrina Chizmen Shimoliy Koreya maxfiy tizimlari kriptovalyuta, moliyaviy qallobliklar, internetda axborot o'g'irlash kabi ishlarga usta ekanini eslatadi.

APT43 2012-yildan beri faol. Pandemiya paytida u asosan farmatsevtika sanoatini nishonga olgan. Shuningdek, bu guruh Amerikaning yetakchi ta'lim dargohlarining saytlarini ham soxtalashtirgan.

So'nggi yillarda APT43 kriptovalyuta olamida ham faoliyatni yo'lga qo'yib, maxfiy ma'lumotlar yig'ish uchun soxta adreslar ishlatadi, boshqalarning nomidan aloqaga chiqadi.

“APT43 - soxtalashtirishning piri", - deydi tadqiqotchi Fris, "Mandiant" tashkilotidan. - Shu qadar ishonchli ko'rinadiki, haqiqiysidan ajratish qiyin. Shu bois har kimdan yanayam ehtiyotkor bo'lish talab qilinadi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG