1-fevral kuni Myanmada harbiy to'ntarish yuz berganiga ikki yil to'ldi. Mamlakatning demokratik harakati tarafdorlari mamlakat bo’ylab boykot e’lon qilib, shu kuni ishga chiqmagan. Aksariyat iqtisodiy jarayonlar to’xtab qolgan.
Harbiylar ikki yil davomida o’tgan norozilik namoyishlarida yuzlab odamni qatl qildi, minglab fuqarolarni hibsga oldi. Myanmaliklar uyda qolish bilan “sukut ichidagi norozilik namoyishini” o’tkazmoqda.
Harbiylar hukumatiga qarshi namoyishlar Yaponiya va Tailand poytaxtlarida o’tdi. Ular qonuniy saylangan hokimiyatni ag’dargan, shu kungacha minglab fuqarolarni qamoqlarda ushlab turgan, ozchilik qatlami sanalgan musulmonlarga zulm qo’llayotgan xunta ma’muriyatini adolatga chaqirmoqda.
Jo Bayden ma’muriyati harbiy elitaga qator sanksiyalar qo’llagan. 2023-yilda qabul qilingan Milliy mudofaa ijrosi to’g’risidagi hamda o’zgartirishlar kiritilgan Birma qonuni sanksiyalarni kengaytirishga asos bo’lmoqda.
“Keng qamrovli qonun loyihasi Myanma harbiylariga sanksiya qo’llashni nazarda tutadi”, - deydi demokrat qonunchi Gregori Miks.
Yanvar oyi holatiga ko’ra, AQSh Davlat departamenti 74 jismoniy va 29 yuridik shaxsni sanksiyalar ro’yxatiga kiritgan. Ular orasida harbiy liderlarni dastaklayotganlar, qurol savdogarlari va xuntaga aloqador ishbilarmonlar bor.
Xalqaro izolyatsiyada bo’lishiga qaramay, harbiy xunta qarshi choralarni bartaraf qilishga va moliya to’plashga intilib kelmoqda.
AQSh hamda boshqa davlatlarning bosimisiz vaziyat yanada keskin tus olgan bo’lar edi, deydi tadqiqotchi Erin Myorfi.
“Xunta Shimoliy Koreya, Rossiya va Belarus bilan harbiy savdoni rivojlantirishga intilmoqda. Narkotik savdosi ham o’smoqda. Zulmga moyil hukumat tanazzul yoqasida”, - deydi u.
Muxolifatni qo’llab-quvvatlash qiyin kechmoqda, deya izohlaydi AQSh Tinchlik instituti katta maslahatchisi Prissilla Klep.
“Qo’shni mamlakatlardan boshqa mamlakatga o’tishga ruhsat yo’q. Muxolifat qo’liga moddiy yordam yetkazolmagach, AQSh boshqa yo’l izlashga majbur”, - deydi u.
Genotsid va zulmdan qochgan yuz minglab Myanma musulmonlariga Vashington yordam berib kelmoqda.
“AQSh hukumati chagara bo’ylab qochqinlarga yordam bermoqda. Rohinja musulmonlarini AQShga ko’chirish dasturiga start berilgan”, - deydi huquq faoli Jon Kvinli.
Garchi aniq muddatini e’lon qilmagan bo’lsa-da, harbiy xunta yangi hokimiyat uchun erkin va adolatli saylov o’tkazishga va’da bergan. Biroq hanuz musulmonlarga qarshi genotsidni davom ettirayotgan, namoyishga chiqqan fuqarolarga zulm qo’llayotgan harbiy xuntaning biror adolatli o’zgarish qilishidan umid yo’q, deydi ekspertlar.
Facebook Forum