Rohinja tashkiloti lideri BMT ning Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilib, Myanmada musulmonlarga qarshi genotsidni to’xtatish uchun zudlik bilan chora ko’rishga chaqirdi.
2005-yilda Londonda asoslangan Birma rohinjalari tashkiloti (BROUK) prezidenti Tun Xinning “Amerika Ovozi”ga ma’lum qilishicha, Myanmaning olis g’arbiy hududida joylashgan Rakxayn shtatida musulmonlar hanuz genotsid tahdidi ostida yashamoqda.
Joriy yilning avgust-sentabr oylarida o’n minglab rohinja musulmonlari boshqa joylarga ko’chishga majbur qilindi. Bu jarayon mamlakatda repressiya va qirg’inlar avjida bo’lgan 2016-2017-yillarda yuz minglab rohinja musulmonlarining boshqa mamlakatlarda jon saqlab qolish uchun Myanmadan qochgan davrlarni eslatmoqda.
Iyun oyida Nyu-Yorkda joylashgan “Human Rights Watch” tashkiloti taqdim etgan hisobotida Myanma hukumati amalga oshirgan zulmni “insoniyatga qarshi aparteid jinoyati, rohinja musulmonlarini ozodligidan ayirgan, hayoti va tirikchiligiga tahdid solgan ta’qib va repressiya” deb atadi.
Hisobotda qayd etilishicha, so’nggi 10 yil mobaynida Rakxayn shtatida 135 ming nafardan ziyod rohinja va kaman musulmonlari asossiz hibsga olinib, noma’lum muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Myanma Xalqaro sud tomonidan uch yil avval qo’yilgan talablarga muvofiq ish olib borayotgani bo’yicha hisobot taqdim etishi kutilgan sana arafasida BROUK tashkiloti 2-dekabr kuni mamlakatdagi zulm va qatliom bo’yicha o’z hisobotini e’lon qildi.
2020-yil yanvarida Xalqaro sud Myanma hukumatiga qatliom va zulmni to’xtatishga doir barcha zarur choralarni ko’rish, ozchilik qatlami sanalgan rohinja musulmonlariga qarshi har qanday bosimni to’xtatish majburiyatini yuklagan edi.
Ushbu order asosida Myanma hukumati har olti oyda Xalqaro sudga amalga oshirilgan ishlar bo’yicha hisobot berib borishi nazarda tutilgan. Mamlakatda harbiy davlat to’ntaruviga qadar Myanma 2020-yilning 22-may va 23-noyabr sanalarida ilk hisobotni taqdim etishga ulgurgan edi.
Xalqaro sud ish jadvaliga ko’ra, Myanma harbiy xuntasi 23-noyabr kuni hisobot taqdim etishi kerak edi. Biroq sud ham, xunta ham bu borada biror bayonot bermadi.
BROUK hisobotida ta’kidlanishicha, harbiylar hukumati va boshqa tashkilotlar Xalqaro sud belgilagan choralarni inkor etmoqda. Hujjatda Myanmada so’nggi olti oy ichida yo’l qo’yilgan jiddiy qononbuzarliklar, xususan, rohinja musulmonlarini qatl qilish, jinsiy zo’rlash, ularning uylari, qishloqlari va masjidlariga hujum uyushtirish hollari hujjatlashtirilgan.
Harbiy xunta liderlari genotsidga doir ayblovlarni inkor etib, qatliom ayrim xodimlarning shaxsiy motivlari asosida amalga oshirilgan bo’lishi mumkinligini aytib keladi.
Facebook Forum