Breaking News

AQSh hali ham ko'ngilli xizmatga tayanadimi?


Michigan shtatining Detroyt shahrida mahalliy bank xodimlari yo'qsillarga ovqat tayyorlamoqda
Michigan shtatining Detroyt shahrida mahalliy bank xodimlari yo'qsillarga ovqat tayyorlamoqda

Ko'ngilli xizmat - Qo'shma Shtatlarda azaliy qadriyat. Demokratiya, fuqaro jamiyati va mentalitetning ajralmas qismi.

O't o'chirish, xususan, 1736-yildan beri ko'ngillilar tomonidan olib boriladigan yo'nalish. 1800-yillarda esa ijtimoiy muammolarga yechimlar targ'ib qilish, xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini himoya qilish, qulchilikka qarshi kurash singari harakatlarga ham ko'ngillilar yetakchilik qilib, muvaffaqiyatga erishgan.

"Bugun ham bunday xizmatga talab katta va uni tashviq qilishdan to'xtamaslik kerak", - deydi Robert Ashkraft, Arizona davlat universitetida bu borada markaz yuritadigan professor.

2003-2005 yillardan deyarli har uchinchi amerikalik ko'ngilli xizmat ko'rsatishini bildirgan. Oradan 20 yil o'tib, bunday tashabbus ko'rsatadiganlar kamaygan.

"Kimdir o'z xohlab, faollik qilsa, demak, jamiyat uyg'oq va o'zaro aloqada ", - deydi Stiven Goldsmit, Garvard universiteti professori.

"Amerikaliklar vaqtini jamiyat ravnaqi uchun sarflashi vatanparvarlikdan darak beradi".

Gap bu yerda vaqti-vaqti bilan jamoat ishlariga qo'shilish haqida emas, muntazam ravishda ishdan tashqari biror bir tashabbus doirasida mehnat qilish, gumanitar tashkilotlarga qatnab, ularning dasturlariga hissa qo'shish haqida ketmoqda.

Virjiniya shtatida madaniy festivalda ishlayotgan nafaqaxo'rlar
Virjiniya shtatida madaniy festivalda ishlayotgan nafaqaxo'rlar

Bugungi Amerikada oldindan kelishilgan ko'ngilli xizmat emas, fuqaro o'zi tanlagan paytdagi ishtirok keng tarqalgan holat. Ko'nggillilar kamaymagan, deydi tadqiqotchilar, ularning ishlash tartibi o'zgargan xolos.

2019-2021 yillardagi so'rovlarda amerikaliklarning 23 foizi o'zini insonparvarlikda hissa qo'shayotgan fuqaro deb hisoblashini aytgan.

Professor Ashkraft kuzatishicha, bu passivlik pandemiya oqibatidir.

Pensilvaniya universitetidan Ram Knaan deydiki, an'anaviy ko'ngilli xizmatga qiziqish past.

"Odamlar hozir bir emas, bir necha joyda mehnat qiladi. Oldingidek, hamma deyarli bir paytda ishdan chiqmaydi. Dam olish vaqti ham moslashuvchan",- deydi professor.

"Iqtisodiy vaziyat qiyinlashganda ko'ngilli xizmat susayadi", - deydi Reychel Karri-Triska, Texas shtatidagi nodavlat tashkiloti vakili.

"Odamlar asosan o'zi bilan ovorami, demak, o'zlariga yordam kerak".

Azoblangan bolalarga madad ko'rsatuvchi CASA/GAL degan uyushma ko'ngillilar izlamoqda.

"Pandemiya sabab xodimlarimizning 15 foizidan ayrildik," - deydi Sara Meki, tashkilot vakili.

"Onlayn treninglar orqali yangilarini yollayapmiz, lekin qiyin".

Tashkilotning Kentuki shtatidagi xodimi Melinda Jeymison nazarida ko'ngilli mehnatga qiziqish yuqori, ammo vaqt ajrata oladiganlar oz.

Bozorlar, festival va boshqa tadbirlarda odamlardan faollik so'raladi.

Yegulik tarqatadigan maskanlarda vaziyat normal, ya'ni bepul ishlashga keladiganlar kamaymagan.

Yuta shtatidan Jinet Bottning aytishicha, uning tashkilotida xususiy sektor va o'quv dargohlaridan kelib hissa qo'shadiganlar talay.

Yuta shtatida yegulik ulashayotgan tashkilot butunlay ko'ngilli xizmatga tayanadi
Yuta shtatida yegulik ulashayotgan tashkilot butunlay ko'ngilli xizmatga tayanadi

Ko'ngilli xizmat ko'p jihatdan e'tiqodga borib taqaladi, deydi Bott, shu bois har qanday zamonda insonparvarlik ruhi tushmaydi.

Michigan shtatidan Jeymi Uinkler xayriya tashkilotida yetakchi. Xodimlar safi har doim keng, deydi u.

"Tirikchiligi joyida bo'lgan odamlar, ayniqsa bizneslardan va ta'lim tizimidan har kuni kelib yordamlashishadi. Qiynalib qolgan oilalarga ko'mak ko'rsatadigan individual amerikaliklar juda ko'p. Ular maqtanmaydi, minnat qilmaydi" , - deydi Uinkler.

32 yoshli Amber Murfeld Virjiniya shtatida ko'ngilli xizmatda.

"Uyimga yaqin joydan bir tashkilotga qatnab yurardim. Hozirda har hafta bir nechasiga borib, maza qilib, ishlab kelaman. Ruhim ko'tariladi, chunki insoniyatga yordam bera olish zavq va huzur bag'ishlaydi", - deydi u.

Ko'ngilli xizmat alohida sanoat emaski, unda rasmiyatchilik bo'lsa, deydi professor Ashkraft.

"Nohukumat sektotimiz chuqur ildizga ega. Unda bolalardan tortib, keksalargacha faol. Odatlar o'zgaradi albatta. Sharoit ham yangilanadi. Biroq Amerikaga xos optimizm, g'ayrat, shijoat va iroda joyida. Hozir, xususan atrof-muhit va iqlim, ta'lim, san'at va madaniyat ravnaqi yo'lida kuyunib yurganlar millionlab. Tashabbuslar bisyor, ularga ergashadiganlar ham".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG