Breaking News

O'zbekistonlik "terrorist" AQShda 260 yillik qamoqqa mahkum etildi


Sayfullo Soipovning sud jarayonlaridan birida chizilgan rasmi. Federal sudya kameralarga ruxsat bermaganida odatda shunday rasmiy chizgilar chiqariladi.
Sayfullo Soipovning sud jarayonlaridan birida chizilgan rasmi. Federal sudya kameralarga ruxsat bermaganida odatda shunday rasmiy chizgilar chiqariladi.

2017-yilning 31-oktabrida Nyu-Yorkda sakkiz begunoh insonni o'ldirganlikda va "Islomiy davlat" terror guruhini quvvatlaganlikda aybdor deb topilgan 34 yoshli o'zbekistonlik Sayfullo Soipov har bir qotillik uchun umrbod qamoq jazosiga loyiq, deya e'lon qildi Nyu-York federal sudi.

17-may kungi qarorga ko'ra, Soipov jami 260 yilga ozodlikdan mahrum etilmoqda. Ya'ni, u hayot ekan, panjara ortida eng keskin rejim ostida qoladi.

Soipov shu yilning 26-yanvarida 28 ayblov bo'yicha jinoyatchi deb qayd etilgan edi, jumladan, terror tashkiloti nomidan odam o'ldirish, qurolli hujum, "Islomiy davlat"ga moddiy yordam va buzg'unchilik.

Unga o'lim jazosi berilsinmi yo umrbod qamoq, degan savol ustida bosh qotirgan sud hay'ati bir to'xtamga kela olmagach, masala federal sudyaga uzatilgan edi.

AQSh Adliya vaziri Merrik Garland deydiki, Soipov o'ldirgan insonlar unutilmaydi.

“Biz Amerika xalqqini terroristlar va terrorizmdan himoya qilamiz. Bunday xurujlar qilganlar qonunlarimiz oldida javob beradi va jazosini oladi".

Federal qidiruv byurosi direktori Kristofer Rey bayon qilishicha, Soipov besh yil oldingi qabih jinoyati uchun eng keskin chora bilan yuzlashayotgani singari har qanday terroristik qadam pirovardida adolat zarbasiga uchraydi.

Nyu-Yorkda Soipov ishi bilan shug'ullangan prokuror Demiyan Uilyamsning aytishicha, sud muhokamalarida 20 dan ortiq amerikalik so'zlab, o'lgan yaqinlari uchun adolat talab qilgan. Sudya ularga tovon belgilashi kutilmoqda.

"Qotil bu jazolarga loyiq", - deydi Uilyams.

Soipov ijaraga olingan yuk mashinasida Nyu-Yorkning markaziy ko'chasida odamlarni ataylab bosgan. Sakkiz kishi o'sha joyda halok bo'lgan. Yana o'nlab insonlar jarohatlangan.

Qo'lida qurol ko'targan Soipov bu ishlarni islom va "Islomiy davlat" yo'lida qilganini bot-bot tilga olgan.

Sudlov jarayonida ham ayblanuvchi qilmishidan afsusda emasligini, imkon bo'lsa yana shunday harakatlarni amalga oshirishga tayyorligini ta'kidlagan. "Islomiy davlat" Soipovning xurujini qahramonlik deya maqtab chiqqan.

Hibsda u qo'riqchilarning kallasini olish haqida o'ylab yurganini aytgan. Soipovning sudida O'zbekistondan oilasi, xususan onasi qatnashgan. Yaqinlari unga o'lim jazosi bermaslikni iltimos qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG