Breaking News

Terrorizm va ommaviy qatl o'rtasida qanday farq bor?


Nyu-York shahrida xuruj yuz bergan hudud
Nyu-York shahrida xuruj yuz bergan hudud

Nyu-York shahrida yuz bergan terror xurujida 8 kishi halok bo'ldi, 12 kishi yaralandi. Voqea 2001-yil 11-sentabr voqealaridan so'ng shaharda yuz bergan "eng mudhish terror hujumi" deya atalmoqda. Nyu-York shahar politsiyasi ma'lumotiga ko'ra, xurujni amalga oshirishda ayblanayotgan Sayfullo Soipov "Islomiy davlat" terrorchi guruhini qo'llab-quvvatlashi haqida yozuv qoldirgan.

Oradan bir necha kun o'tib, Texas shtatida yana bir ommaviy qatl yuz berdi. Bir qishloq cherkovida ro'y bergan otishmada 26 kishi halok bo'lgan, kamida 20 nafar odam jarohatlangan.

Nyu-York shahridagi xurujni amalga oshirganlikda ayblanayotgan Sayfullo Soipov
Nyu-York shahridagi xurujni amalga oshirganlikda ayblanayotgan Sayfullo Soipov

Bu kabi ommaviy xurujlar ro'y berganda, ko'pincha, odamlarda bu terror xurujimi, degan savol tug'iladi.

Terrorizm atamasiga AQSh hukumati tomonidan aniq ta'rif berilgan. "Siyosiy, diniy, ijtimoiy, irqiy yoki atrof-muhitga aloqador" g'oyalarni himoya qilib amalga oshirilgan hujumlar terror xurujlari deb ataladi.

Soipovning diniy radikal g'oyalarga berilgani va IShIDni qo'llab-quvvatlashi ma'lum bo'lgach, tergovchilar voqeani zudlik bilan terror xuruji deya baholadi.

Texasda yuz bergan qatliom sabablari esa hanuz o'rganilmoqda. AQSh Prezidenti Donald Tramp uni "ruhiy xastalik" bilan bog'liq jinoyat deb atadi.

2016-yil Floridaning Orlando shahrida yuz bergan xurujda Omar Matin tungi klubga kirib, 49 kishini o'ldirgan edi. 2014-yil Charlston cherkovida yuz bergan qatliomda esa ultra oq millatchi Dilan Ruf qo'lida 9 kishi jon bergan.

Floridaning Orlando shahrida yuz bergan xuruj qurbonlari xotirlanmoqda, Orlando, Florida, 14-iyun, 2016-yil.
Floridaning Orlando shahrida yuz bergan xuruj qurbonlari xotirlanmoqda, Orlando, Florida, 14-iyun, 2016-yil.

Bu hujumlarning har ikkisi terror xuruji deb malakalandi. Tungi klubdagi voqeada Matin diniy e'tiqod asosida jinoyat sodir etgan bo'lsa, Charlstonda qora tanli odamlarga nisbatgan bo'lgan nafrat Rufni qotillikka undagan.

Irq va terror

Terror xurujlarini boshqa zo'ravonliklardan ajratishda bahsli masalalar yo'q emas.

O'tgan oy Las-Vegasda Stiven Peddok konsertni tomosha qilish uchun yig'ilgan odamlar to'dasiga o't ochib, 58 kishini o'ldirgan, yana 546 odamni yaralagan edi. Ayrim siyosatchilar va matbuot vakillari uni terrorchi deb atadi, ammo jinoyat ortida turgan sabablar hanuz noma'lum bo'lgani bois, voqea rasman terror xuruji deb baholangani yo'q.

Las-Vegasdagi xuruj qurbonlari xotirlanmoqda, Las-Vegas, Nevada, 9-oktabr, 2017-yil.
Las-Vegasdagi xuruj qurbonlari xotirlanmoqda, Las-Vegas, Nevada, 9-oktabr, 2017-yil.

Peddokning terrorchi deb atalmagani, lekin Soipovning darhol terrorizmda ayblangani ayrimlarda bunga siyosat aralashganmi, degan savol va shubhalarni uyg'otmoqda.

Biror jinoyatga aniq ta'rif berishda rasmiylar hujumning o'ziga emas, balki uning orqasida turgan motivga e'tibor qaratishadi.

Kaliforniya universiteti tilshunosi Robin Lakofning aytishicha, tashqaridan qaraganda xurujlar bir-biriga o'xshasa ham, ichkarida farq katta bo'ladi.

"Urush va jinoyat ishlari, teraktlar yuzaki qaraganda bir-biriga o'xshasa-da, motivlar, sabablar juda farqli bo'ladi. Shu bois odamlarda tushunmovchilik bo'ladi", - deydi u.

Nyu-Yorkda yuk mashinasi odamlarni bosib ketgan hududdagi velosipedchilar yo'lagi, 2-noyabr, 2017-yil.
Nyu-Yorkda yuk mashinasi odamlarni bosib ketgan hududdagi velosipedchilar yo'lagi, 2-noyabr, 2017-yil.

Soipov ishida esa uning darhol terrorchilikda ayblanishi topilgan dalillar bilan bog'liq, deydi tergovchilar. Voqea joyidan va Soipovga tegishli telefondan topilgan materiallar, qolaversa, uning o'zi xurujni nima maqsadda amalga oshirganini ochiq aytishi va tan olishi xurujni terakt deb baholash uchun asos bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG