Oktabrda Nyu-Yorkda ro’y bergan terror xuruji ekstremistlar Yevropada qo’llagan usullarni eslatdi - o’zbekistonlik Sayfullo Soipov mashinada yo’lovchi va velosipedchilarni bosib ketgan edi. 2001-yil 11-sentabr voqealaridan 16 yil o’tib, terror xavfi o’zgarib bormoqda.
Manxettendagi terror hujumidan bir necha kun o’tib, 50 mingdan ortiq odam Nyu-York marafonida qatnashdi. Yana ikki million tomoshabin ko’chalarni to’ldirdi.
“Qo’rqitolmaysiz bizni”, - deydi tashkilotchilardan biri.
Shahar ma’muriyati qum to’ldirilgan yuk mashinalari bilan yo’llarni yopdi. Yuzlab politsiyachilar va maxsus kuchlar safarbar etildi. Bular hammasi 31-oktabrda Nyu-Yorkda ro’y bergan hujumga javobdir.
“Pichoq yoki mashina bilan amalga oshirsa bo’ladigan hujumlar ko’paygan. Ba’zida qora bozorda sotilgan qurollar ham ishlatiladi”, - deydi tadqiqotchi Bruk Rojers.
Xavfsizlik choralarini vaqtincha kuchaytirishdan tashqari, boshqa qadamlar ham qo’ysa bo’ladi.
“Masalan, ko’p qavatli shishadan yasalgan binolarni portlashga chidamli qilish mumkin. Shaharlarda skaner texnologiyalarni va kameralarni ko’paytirisa bo’ladi”, - deydi Rojers.
Fransiya ko’chalarida 2015-yilgi hujumlardan beri qurollangan askarlarni ko’rasiz. London ko’charida esa piyodalarni mashinalardan himoya qiladigan jismoniy to’siqlar o’rnatilgan.
“Bunday choralar millionlab dollar xarajat degani. Lekin yana bir narsani yodda tutaylik - ayrim joylarni xavfsizroq qilaman deb, terrorchi guruhlar diqqatini boshqa mo’ljallarga qaratgan bo’lamiz”, - deydi suhbatdosh.
Jamoatchilikni ogoh bo’lishga undaydigan reklamalar ham ko’paygan. AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi chiqargan video sarlahvasi - “Ko’rdingmi, xabar ber!”
Britaniyada ham da’vatlar shunga o’xshash. Bruk Rojersga ko’ra, bunday kampaniyalarni ko’paytirish kerak.
“Mahalliy hukumatlarning xavotiri shuki, jamoat joylarida odamlarni hujumlar haqida ogohlantiraversangiz, ular qo’rqib qolishadi, jamiyatda vahima boshlanadi, - deydi Rojers.
Ogohlik, deydi organlar, o’zgarib borayotgan terror tahdididan eng yaxshi himoyadir.
Facebook Forum