Breaking News

Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi ko'rsatkichlardan mamnun


 Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqining Sankt-Peterburgdagi majlisi, 25-dekabr, 2023
Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqining Sankt-Peterburgdagi majlisi, 25-dekabr, 2023

Bugun Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a'zo davlatlarning rahbarlari uchrashib, kelajakni muhokama qildi.

A'zolar Rossiya, Armaniston, Belarus, Qirg'iston va Qozog'iston Eron bilan to'laqonli erkin savdo kelishuvini ma'qullagan. Hujjat endi parlamentlarda ratifikatsiya qilinishi kerak. Bu hamkorlik orada sotiladigan mahsulotlar uchun tarifni nolga tushirishi kerak, deydi Tehron rasmiylari.

2015-yilda tuzilgan blok yetakchisi Rossiya nazarida Eron 90 million iste'molchisi bilan ulkan bozor.

Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodiy tizimi bo'lmish Qozog'iston Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi doirasida tijorat o'sib borayotganidan mamnun. 2022-yilda respublika blokdoshlariga 9,7 milliard dollarlik tovarni eksport qilgan. Bu hajm 2015-yildagi ko'rsatkichdan 90 foiz ko'p, deydi rasmiylar.

Prezident Vladimir Putinga ko'ra, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi kelajagi porloq, chunki uzoq muddatli strategiya tuzilgan va a'zolar uni birdek quvvatlaydi.

Deyarli ikki yil oldin Ukrainaga bostirib kirgan va buning uchun tinimsiz sanskiyalar bilan jazolangan Rossiya rahbari deydiki, o'tgan 10 yil ichida blokdagi savdo ikki karra kengaydi. A'zolarning yillik yalpi mahsuloti qo'shib hisoblanganda, 1,6 trillion dollardan 2,5 trillion dollarga yetgan.

Bugungi majlisda ta'kidlanishicha, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi yaqin kelajakda Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va Indoneziya bilan ham erkin savdoni yo'lga qo'yish harakatida.

Lekin blok uchun istiqbolda eng salmoqli yutuq Xitoy bilan shunday hamkorlikka erishish bo'lishi aytiladi.

O'zbekiston blokda Moldova va Kuba singari kuzatuvchi maqomiga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG