Breaking News

Rossiya sanksiya ostidagi mahsulotlarni Markaziy Osiyo orqali olmoqda


Rossiya Ukrainaga to’liq bostirib kirganidan keyin AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar tomonidan misli ko’rilmagan sanksiyalarga duchor bo’ldi. Sanksiyalar bu davlatning energetika, moliya, mudofaa texnologiyalari, shuningdek, siyosiy va harbiy elitasiga qaratilgan.

Ammo ekspertlarning aytishicha, Moskva qator sobiq sovet davlatlari, xususan Markaziy Osiyo respublikalari bilan aloqalaridan foydalangan holda, bularni chetlab o’tish yo’lini topgan.

“Wall Street Journal” gazetasi BMTdan olingan savdo ma’lumotlariga tayanib yozishicha, 2022-yilda AQSh va Yevropa Ittifoqidan Armaniston, Gruziya, Qirg’iziston, O’zbekiston va Qozog’istonga mahsulot eksporti 24,3 milliard dollarga yetgan. 2021-yil bilan taqqoslaganda bu 66 foiz ko’proq.

Bu davlatlar, o’z navbatida, birgalikda Rossiyaga eksportni qariyb 50 foizga oshirgan. Xususan, O’zbekiston va Rossiya o’rtasida savdo hajmi 2022-yilda 23 foizga o’sgan.

Leyla Seitbek jurnalistik tekshiruvlar olib boruvchi “Yevrosiyo uchun erkinlik” tashkilotini boshqaradi
Leyla Seitbek jurnalistik tekshiruvlar olib boruvchi “Yevrosiyo uchun erkinlik” tashkilotini boshqaradi

“Sanksiyalardan ko’zlangan maqsadlardan biri ikki maqsadda ishlatiladigan tovar va texnologiyalarning Rossiyaga yetib borishini bartaraf etishdir. Sanksiyalar avvaliga juda samarali edi, ammo vaqt o’tishi bilan Rossiya yangi sharoitga moslashdi, eksport nazoratini ayyorona yo’llar bilan chetlab o’tib, ta’minot zanjirlarini Markaziy Osiyo davlatlari orqali o’tadigan qilib o’zgartirdi”, - deydi Leyla Seitbek, qirg’izistonlik huquqshunos va inson huquqlari faoli.

2021-yilda Avstriyada siyosiy boshpana olgan Seitbek korrupsiya holatlarini o’rganuvchi, jurnalistik tekshiruvlar olib boruvchi “Yevrosiyo uchun erkinlik” tashkilotini boshqaradi.

2022-yilning iyunida AQShning Moliya va Tijorat vazirliklari Rossiya va Belarusga “cheklangan yoki nazorat ostidagi tovarlarni” yetkazib berishda tranzit marshruti sifatida xizmat qiladigan 18 davlatni sanab o’tgan edi. Ular orasida O’zbekiston, Tojikiston, Qirg’iziston va Qozog’iston ham bor.

Ushbu ogohlik bayonotidan sal avval Vashington O’zbekistonning “Promcomplektlogistic” kompaniyasiga nisbatan cheklovlar joriy qilgan. Davlat departamentiga ko’ra, “Promcomplektlogistic” Rossiyaning “Radioavtomatika” korxonasiga sanksiyalarni chetlab o’tishda faol yordam bergan.

Oksford universiteti tadqiqotchisi, poraxo’rlik va kleptokratiya bo’yicha izlanishlar olib borgan Tomas Meyn, xususan, Qozog’istonda Rossiya bilan biznes qilib, Ukraina beqarorligiga hissa qo’shayotgan uch shaxsga e’tibor qaratadi.

Biri biznesmen Kenes Rakishev, Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning hamkori. Meyn deydiki, Rakishevning kompaniyasi Ukrainadagi janglarda qatnashayotgan chechen kuchlarini harbiy mashinalar bilan ta’minlagani haqida ma’lumotlar bor.

Ikkinchisi Timur Kulibayev, sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning kuyovi va Qozog’iston neft sektorida eng muhim shaxslardan biri. Kulibayev Rossiya kompaniyalari bilan biznes orqali millionlab dollar daromad qilgan, dedi Meyn Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo’limi o’tkazgan onlayn forumda.

Tomas Meyn, Oksford universiteti tadqiqotchisi, poraxo’rlik va kleptokratiya bo’yicha izlanishlar olib boradi
Tomas Meyn, Oksford universiteti tadqiqotchisi, poraxo’rlik va kleptokratiya bo’yicha izlanishlar olib boradi

Uchinchisi yana bir oligarx – Timur Turlov. Leyla Seitbek so’zlariga ko’ra, Turlov sanksiya ostidagi Rossiya banklariga o’z moliyaviy xizmatlarini ochiqdan-ochiq taklif etib kelmoqda.

Tomas Meyn nazdida Qozog’istondagi korrupsiya, inson huquqlari bo’yicha xarob ahvol va qozoq oligarxlarining rossiyalik hamkorlariga sanksiyalarni aylanib o’tishda berayotgan yordami - bir-biriga bog’liq masalalar.

2022-yilning fevralida Britaniya parlamentida bu mamlakat moliyaviy tizimi va xizmatlaridan foydalanayotgan, ko’chmas mulkka sarmoya qilayotgan 30 ga yaqin qozog’istonlik shaxslarning ismlari o’qib eshittirilgan edi. Parlament a’zosi Margaret Xodj ularni korrupsiyada ayblab, sanksiya qo’yishga chaqirgan.

Yuqoridagilar sanksiyalanishi mumkin bo’lgan shaxslarning uchtasi xolos, ammo G’arbda “Qozog’iston kabi do’stlarimizni ranjitishni istamaymiz”, degan qarash bor”, deydi Meyn.

“Sanksiyalarning mohiyati shundaki, ular rejimlarni emas, shaxslarni nishonga oladi. O’rtada biznes, neft va gaz savdosi davom etaveradi. Lekin korrupsiyaning ayrim ko’rinishlariga toqat qilmaymiz, degan signal yo’llanishi kerak”, - deydi u.

Shu bilan birga, sanksiyalar vaqtinchalik vosita ekanini ham unutmaslik kerak. Ular bekor qilingach, aktivlar egasiga qaytadi va keyingi vahshiylikni sodir etishda qo’llanishi mumkin. G’arb davlatlari, deydi tadqiqotchi, aktivlarni muzlatishgina emas, balki musodara qilish yo’llarini ko’rib chiqishi kerak.

Qozog’istonlik siyosiy faol va tadqiqotchi Nurul Rahimbek - AQShda Qozog’iston Fuqarolik jamiyati koalitsiyasi a’zosi. U Markaziy Osiyoda va Ukrainada demokratiyani targ’ib qilish bo’yicha AQSh tashkilotlari bilan ishlagan.

Uning ma’lumotlariga ko’ra, hozirda Qozog’istonda uch kompaniya, Qirg’izistonda to’rt kompaniya va O’zbekistonda to’rt kompaniya AQSh sanksiyalari ostida.

“Mavjud tuzilmalar haqida unutmasligimiz kerak. Masalan, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar orasida tovar va materiallar boj to’lovlarisiz erkin harakat qiladi. Bu sanksiyalarni aylanib o’tib, Rossiyaga mahsulot olib kirishni osonlashtiradi”, - deydi Rahimbek.

Ammo uning fikricha, Rossiyani qo’llab-quvvatlash borasida Markaziy Osiyo davlatlari o’zaro muvofiqlashgan holda harakat qilayotgani sezilmaydi.

Nurul Rahimbek, siyosiy faol, AQShda Qozog’iston Fuqarolik jamiyati koalitsiyasi a’zosi
Nurul Rahimbek, siyosiy faol, AQShda Qozog’iston Fuqarolik jamiyati koalitsiyasi a’zosi

Nurul Rahimbek qatorida bir guruh qozog’istonlik faollar yaqinda AQSh Moliya vazirligi, Davlat departamenti va Kongress a’zolari bilan uchrashib, bir necha qozoq oligarxlari ro’yxatini taqdim etishgan.

Faollar fikricha, ro’yxatdagi shaxslar Rossiyaning harbiy sanoati bilan hamkorlik qilib, Moskvaga G’arb sanksiyalarini chetlab o’tishda yordam bermoqda.

Shu oy boshida AQSh Senatining Tashqi aloqalar kengashi Qirg’iziston prezidentiga maktub yo’llab, Qirg’iziston Rossiyaga dronlar, samolyot qismlari, qurol-yarog’ aksessuarlari va mikrosxemalar sotayotgani haqida jiddiy da’volarni tekshirishni so’ragan.

“Qirg’izistonning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo’llab-quvvatlamayotgani mamlakatingizdagi davomiy demokratik chekinish va inson huquqlari keng miqyosda buzilishining alomati bo’lishi mumkinligi bizni xavotirga soladi”, - deyiladi maktubda.

“Vashington Post” gazetasiga ko’ra, amerikalik qonunchilarning murojaatiga Qirg’izistondagi bir kompaniya Xitoy dronlarini Rossiyaga jo’natgani sabab bo’lgan. Yukni Qozog’iston bojxonachilari to’xtatgan.

Prezident Sadir Japarov bu voqea va maktub yuzasidan “Kabar” agentligi savollariga javob berar ekan, dronlar qishloq xo’jaligi uchun mo’ljallanganini aytgan. Ammo dronlar va uchuvchisiz apparatlar eksportini to’xtatdik, deydi prezident.

Amerikalik senatorlarning xatini Japarov Qirg’izistonga bosim va AQSh tarafiga og’dirishga urinish sifatida baholaydi.

“Rossiya va Ukraina masalasida boshidan neytral pozitsiyadamiz. Bundan keyin ham shunday bo’ladi”, - deydi Japarov.

Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo’limi o'tkazgan forum (ingliz tilida):

XS
SM
MD
LG