Breaking News

Sanksiyaga tushgan rossiyalik boylar Ukrainaga yordam berish uchun jalb qilinishi mumkin


Alisher Usmonov Ukrainaga yordam beradimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:42 0:00

Urush ichidagi Ukrainani qayta tiklash uchun 60 milliard dollar mablag’ ajratilmoqda. Londonda Ukraina tiklanishi bo’yicha o’tgan xalqaro konferensiyada shunday xulosaga kelingan.

Asosiy donorlar Yevropa Ittifoqi, AQSh va Britaniya. Ukrainani tiklash uchun bir paytlar Yevropa Ittifoqi rivojlanishiga turtki bergan “Marshal” loyihasi kabi reja ishlab chiqilmoqda.

London konferensiyasi arafasida Ukraina hukumati mamlakat rivojlanishi ko’zda tutilgan “Yashil Marshal loyihasi”ni taqdim qilgan, loyihaning dastlabki bosqichi uchun 40 milliard dollar lozimligini ta’kidlagan edi.

London konferensiyasida 60 milliard dollar ajratilgani ittifoqchilar Ukraina hukumati taklifini, xususan, mamlakat rivojlanish dasturini qo’llab-quvvatlashga tayyor ekanliklaridan darak beradi.

Ammo bu hali Ukraina to’liq tiklanishi uchun yetarli mablag’ emas, balki mamlakatni tiklash, rivojlantirishni nazarda tutuvchi Marshal loyihasining dastlabki bosqichi uchun ajratilayotgan moliya.

Urushning Ukrainaga yetkazgan zarari esa ancha yirik. Rossiya bosqinining Ukrainaga yetkazgan bir yillik zarari 400 milliard dollardan oshiq baholanyapti.

Jahon banki, Xalqaro valyuta jmag’armasi, Yevropada tiklanish va taraqqiyot banki ham Ukrainani qayta tiklashda faol ishtirok etayotgan xalqaro moliyaviy tashkilotlar sanaladi.

Jahon banki o’tkazgan yangi tadqiqotda Rossiya bosqinining Ukrainaga yetkazgan zarari sohalarga bo’lib chiqilgan.

Jiddiy zarar yetkazilgan asosiy sohalar qatorida Ukraina energetikasi, transport tizimi, ijtimoiy obyektlar va turar joy binolari. Diqqat qilinsa, bu sohalarning birortasi bevosita mudofaaga, harbiy tizimga aloqador emas.

Ukrainaga yetkazilgan zarar miqdori qanday qoplanishi anchadan buyon muhokama qilib kelinadi.

Rossiyani xorijdagi muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga tovon sifatida berish muammo, buning uchun Rossiya aktivlari saqlanayotgan davlatlar o’z qonunchiligini o’zgartirishi kerak, mulk daxlsizligiga doir kafolatlar qayta ko’rib chiqilishi lozim.

O’z mamlakatidagi Rossiya aktivlarini Ukrainaga topshirishga rozilik bergan yagona davlat hozircha Kanada bo’lib qolyapti.

Yevropa Ittifoqi, AQSh, ayniqsa, Rossiyaga qarashli aktivlar ancha ko’p Britaniyada ham bu masala faqat muhokamada.

Yaqindagi ma’lumotlarga ko’ra, Britaniya parlamenti bu borada yangi qonunchilik tashabbusi bilan chiqqan, sanksiyaga tushgan rossiyalik milliarderlarni ko’ngilli ravishda Ukrainaga yordam berishga undamoqchi.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligidagi manbaning Ukraina matbuotiga bildirishicha, bu tashabbusga ko’ra, sanksiya ostidagi rossiyalik boylar Ukraina tiklanishiga yordam ko’rsatish uchun o’zlarining muzlatilgan mablag’laridan foydalanishlari mumkin bo’ladi.

Britaniyada rossiyaliklarga tegishli ko’rilayotgan aktivlarning umumiy qiymati 30 milliard dollar atrofida baholanadi. Asli kelib chiqishi o’zbekistonlik, Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida bo’lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tegishli xorijdagi aktivlar ham shu qatorda deyish mumkin.

Rossiya boshlagan urush tufayli Ukrainaga yetkazilgan zarar miqdori hisob-kitob qilinayotgan bo’lsada, hozircha bu zarar qanday tarzda, kim tomonidan qoplanishi mavhum.

Rossiya nafaqat tovon to’lash va yetkazgan zararini qoplash, balki Ukraina urushini to’xtatish niyatidan ham ancha uzoq ko’rinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG