Breaking News

Ashxobod sammiti: O'zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston nima haqida gaplashdi?


Ashxobod, Turkmaniston
Ashxobod, Turkmaniston

Markaziy Osiyoning uch davlati – Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlarining 4-avgust kuni o‘tkazilgan Ashxobod sammiti ko‘plab savollarni tug‘dirib, muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Tahlilchilar mintaqaning uch davlat rahbari, kutilmaganda, 14-15-sentabr kunlari Dushanbe shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo Davlat rahbarlarining maslahat kengashi beshinchi yig‘ilishi oldidan Ashxobodda yig‘ilib, muloqot qilishiga e’tibor qaratdi.

Bir tarafdan, bu mintaqaning Afg‘oniston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri chegaradosh bo‘lgan uch davlati. Boshqa tarafdan, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston Markaziy Osiyoning Rossiya yetakchilik qiladigan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirmagan davlatlari. Xo‘sh, bu uch davlat rahbarlari Ashxobod sammitida aynan nima masalalarni muhokama qildi va nimalarga kelishib oldi?

Uchrashuv so‘ngida Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari tomonidan berilgan qo‘shma bayonotda aytilishicha, sammitda "mintaqada tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyotni mustahkamlash", "siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika" hamda "suv-energetika, ekologiya, madaniy-gumanitar" masalalar muhokama qilingan.

Ammo har uch davlat rahbarlari matbuot xizmati ham umumiy ma’lumot berish bilan tiyildi va aynan qaysi masalalar muhokama etilgani ochiqlanmadi.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Nargiza Umarova Ashxobod sammitida mintaqaning ko‘plab dolzarb masalalari muhokama etilganligini taxmin qiladi.

"Bu uchrashuv aynan bir masala yuzasidan bo‘ldi deb o‘ylamayman. Ayni uch mamlakat manfaatlariga to‘g‘ri keluvchi masalalar ko‘tarilgan, menimcha. Qo‘shma bayonot va yakuniy hujjatda ham birinchi o‘rinda xavfsizlik masalasiga urg‘u berilgan, bu ham Afg‘oniston bilan bog‘liq. Qo‘shtepa kanali qurilishi ham oziq-ovqat xavfsizligiga aloqador. Mirziyoyev o‘z nutqida umumiy xavf-xatarlarga umumiy pozitsiyamizni ham shakllantiraylik, degan ma’noda gapirdi.

Ikkinchidan esa, savdo-iqtisodiy munosabatlar masalasi ko‘tarildi. O‘zbekistonning savdo aylanmasida, o‘tgan yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari ichida Turkmaniston va Tojikiston oxirgi o‘rinda edi. O‘zbekiston tomonidan oldin ham aytilgan chegara oldi savdo hududlari masalasi ko‘tarildi.

Uchrashuvda muhim o‘rin tutgan masala transport-logistika bo‘ldi. Turkmaniston mezbonlik qilganining sababi esa asosiy tranzit-bog‘lovchi davlat bo‘lgani. O‘z navbatida, Turkmaniston bu imkoniyatdan unumli foydalanmoqchi. Menimcha, shu 3 ta: xavfsizlik, savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport-logistika masalalariga urg‘u berildi. Va uchala davlat ham bundan manfaatdor", deydi Umarova.

Ammo qaysi masalada nimalar muhokama etilgani va qanday natijalarga erishilgani to‘g‘risida tafsilotlar ma’lum emas. Savdo-iqtisodiy hamkorlik va transport-logistika haqida so‘z borganida, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi masalasi muhokama etilganligini taxmin qilish mumkin. Chunki Markaziy Osiyo mintaqasidan aynan shu uch davlat Rossiya yetakchilik qiladigan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo emas. Rossiya tomoni bir-necha bor taklif etishiga qaramay, bu davlatlar mazkur ittifoqqa a’zo bo‘lmay kelmoqda. Iqtisodchilar fikricha, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, tuzilishiga ko‘ra, nisbatan kichik davlatlar uchun foydali emas va ko‘proq Rossiya manfaatlari ko‘zlangan. Shuning uchun ham mazkur ittifoqqa ko‘plab davlatlar qo‘shilishni istamaydi va bu masalada Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston pozitsiyasi mos tushadi. Ammo Ashxobad sammitida bu masala muhokama etilgani haqida biror rasmiy ma’lumot ochiqlanmadi.

Ma’lumki, Markaziy Osiyo mintaqasida 2018-yildan yangi integratsion jarayon boshlandi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi muntazam o‘tkazilib kelinmoqda.

O‘tgan 2022-yili Qirg‘izistoning Cho‘lpon-ota yig‘ilishida "XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo‘lidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida"gi shartnoma imzolandi. Ammo Tojikiston va Turkmaniston bu shartnomani imzolamadi. Shu sababli O‘zbekiston Prezidenti yangi integratsion jarayonning asosiy tashabbuschisi sifatida Tojikiston va Turkmaniston davlat rahbarlari bilan Dushanbe sammitida ushbu kelishuv bitimiga qo‘shilishlarini muhokama etgan bo‘lishi ham mumkin.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev "yangi xavf-xatarlarga e’tibor qaratib, ularga munosib va chuqur o‘ylangan javoblarni birgalikda izlash zarurligi"ga to‘xtalgan. Shuningdek, "Bu mintaqada suv tanqisligi tobora ortib, keyingi yillarda keskin tus olayotgan sharoitda ayniqsa muhim", ekanligini ta’kidlagan.

Siyosatshunos Alisher Ilhomov fikricha, aynan Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston davlat rahbarlarining Ashxoboddagi yig‘ilishiga Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanalining qurilishi sabab bo‘lishi mumkin.

"Nega aynan shu formatda? Javob aniq: ularning barchasi Afg‘oniston bilan chegaradosh, Afg‘oniston mart oyida sug‘orish ehtiyojlari uchun Amudaryodan uzunligi 285 km va eni 100 m gacha bo‘lgan suv olinadigan Qo‘shtepa kanalini qurish rejasini e’lon qilgan. Bunday kanal o‘zining yuqori suvliligi bo‘yicha Amudaryoning o‘zi bilan qiyoslanadi, bu esa allaqachon suv resurslari tanqisligini boshdan kechirayotgan O‘zbekiston va Turkmanistonni xavotirga solmay qo‘ymaydi", deya yozadi Alisher Ilhomov.

"Lekin Tojikiston sammitida ishtirok etishdan maqsad nima? Kanal uning manfaatlariga ta’sir qilmaydi. Aftidan, gap O‘zbekiston va Turkmaniston o‘zlariga zarur bo‘lgan minimal suv miqdorini kafolatlashi uchun Amudaryoning shimoliy tomonidan suvni burish haqida borgan. Ehtimol, tomonlar Tojikiston hududidan chiqadigan bunday kanal (yoki suv quvurlari tizimi) g‘oyasini muhokama qilishmoqda. Bu g‘oya, albatta, Tolibonni g‘azablantiradi, biroq ularni bir tomonlama harakat qilish g‘oyasidan voz kechib, suvni tortib olish bo‘yicha kvotalar bo‘yicha to‘rt tomonlama kelishuvni imzolash uchun muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qiladi", deya yozadi Ilhomov.

Amudaryo suvining 80 foizi Tojikiston hududida shakllanadi. Ammo Tojikistonning o‘zi undan bor-yo‘g‘i 9,8 kub km suv oladi. O‘zbekiston 23,6 kum km va Turkmaniston 22,0 kub km suv oladi.

Tojikistonlik siyostshunos Sherali Rizoyonning fikricha, bunday loyihaga qo‘l urish, ya’ni Tojikistonning Xatlon viloyati Shahrituz nohiyasi hududidan Amudaryo suvini bir qismini burib mamlakat ichkarisi bilan O‘zbekistonga o‘tkazish mumkin. Ammo bu loyiha Qo‘shtepa kanalini suv olish imkoniyatini cheklashi sababli ham Tolibonga xush kelmasligi aniq. Shu sababli bu loyiha Tojikiston uchun xatarli.

"Bir qarashda uch davlatning o‘z manfaatlarini himoya qilishga tayyorligini ko‘rsatadigan yaxshi fikr. Ammo bu taxmin Tojikiston uchun real xavf va tahdidlarni keltirib chiqaradi", deydi tahlilchi.

Suhbatdoshimizning fikricha, bu yerda bir qator omillar borki, ularni nazardan qochirmaslik kerak.

"Birinchidan, tomonlar Tolibonga nisbatan turlicha pozitsiyaga ega: ularning hukmronligini rad etishdan tortib yumshoq tashviqotga qadar turlicha siyosat yuritilmoqda. Tolibon yo‘nalishi bo‘yicha yagona va muvofiqlashtirilgan siyosatning yo‘qligi tabiiy to‘siq bo‘lib, jami uch mamlakatning o‘z manfaatlarini ta’minlash imkoniyatlarini pasaytiradi.

Ikkinchidan, tomonlar hozirda Tolibon nazoratida bo‘lgan Afg‘oniston hududi bilan bog‘liq turli siyosiy, iqtisodiy va infratuzilmaviy manfaat va ustuvorliklarga ega. Ehtimol, hozirgi sharoitda mavjud "foyda"ni yo‘qotmaslik istagi ularni o‘rta muddatli istiqbolda real mavjud xavf va tahdidlarga zaif qilib qo‘ysa kerak.

Uchinchidan, mintaqa davlatlari Markaziy Osiyoda suv va suv-energetika kun tartibini uyg‘unlashtirish uchun kamida 20 yil yo‘qotdi. Markaziy Osiyoning energetik xavfsizligini ta’minlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishga mintaqaviy yondashuvni ishlab chiqish zarur", - deydi Sherali Rizoyon.

Tahlilchilar fikricha, rasmiy Toshkent va Ashxobod Amudaryo suvining taqsimotida Tolibon bilan muzokaralarda afzallikka ega bo‘lish va o‘zaro kelishuvga erishish uchun rasmiy Dushanbe bilan kelishgan holda yangi loyihani o‘rtaga qo‘yishni rejalashtirayotgan bo‘lishi mumkin. Bu loyiha amalga oshirilmasa ham Tolibonni suv taqsimotida kelishish va majburiyatlarga rioya qilishga majburlash uchun foydali bo‘ladi. Shuning uchun Toshkent va Ashxobod bunday loyiha ishlab chiqarilishidan manfaatdor. Ammo bu haqida hozircha biror rasmiy ma’lumot jamoatchilikka ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG