Afg’oniston Markaziy Osiyo uchun yana tahdidga aylanmoqdami? Tolibon hukumati bilan bog’liq so’nggi vaziyat shu savolni kun tartibiga chiqarmoqda.
Markaziy Osiyoda Tolibon bilan eng yaqin aloqalarga ega Toshkent vaziyatdan xavotirda ekanligini, ammo muvaqqat hukumatga nisbatan umidi yo’qolmaganini bildirdi.
Toshkent xavotiri Tolibonning madaniy qadriyatlarga munosabati, xususan, Alisher Navoiyga o’rnatilgan yodgorlikning buzilishi bilan bog’liq bo’lsa-da, bugunga kelib o’rtadagi aloqalar toliblar olqishlangan dastlabki davrlardan ancha uzoqlashgan ko’rinadi.
O’zbek rasmiylarining, diplomatlarining Afg’onistonga safarlari bir qadar siyraklashgan. Inklyuziv hukumatga doir talablarni unutgan Tolibon hokimiyati mutlaq, O’zbekiston bilan munosabatda ham o’z shartlarini qo’ymoqda.
Toliblar Afg’onistonga o’tkazilgan temir yo’l ustidan nazoratni O’zbekistondan olishga, boshqaruvni boshqa bir davlat kompaniyasiga o’tkazishga urinib ko’rdi.
O’zbekiston Afg’onistonga yuk o’tkazishni bir muddatga to’xtatishi ortidan tomonlar temir yo’l orqali yuk tashish bitimi muddatini yana ikki yilga uzaytirishga kelishdi, Toshkent temir yo’l boshqaruvini o’zida saqlab qoldi.
Amudaryo yoqasida Tolibon hukumati tomonidan qurilayotgan Qo’shtepa kanali o’zbek jamoatchiligida jiddiy xavotir uyg’otgani kuzatiladi. Rasmiy Toshkent hozircha bunga biror munosabat bildirgani yo’q.
Ammo munosabat muqarrar. Uzunligi 300 kilometrga, eni 100 metrga yaqinligi aytilayotgan bu kanal ishga tushirilgan taqdirda, shundoq ham suvsizlikdan aziyat chekayotgan O’zbekiston aholisini jiddiy muammolarga to’qnash keltiradi.
Boshqa tomondan, Afg’oniston bilan bog’liq xavfsizlik muammosi yana dolzarblashgan. So’nggi ma’lumotlarga ishonilsa, vaziyat ancha qaltis, faoliyati tugab ketgani aytilgan ekstremistik guruhlar yana sahnaga qaytmoqda.
Rossiya, jumladan, Moskva yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) Afg’onistonda radikal kuchlar to’planayotganini muntazam ta’kidlab keladi.
KXShT shtabi boshlig’i Anatoliy Sidorovning yaqindagi bayonoti avvalgilaridan ancha farqli.
Afg’onistonda 20 mingga yaqin ekstremist guruhlar borligini iddao qilayotgan Sidorovga ko’ra, bu guruhlarning aksariyati, xususan, 6,5 ming jangarisi bor “Xuroson viloyati”, shuningdek, “Al-Qoida”, O’zbekiston islom harakati kabi ekstremistik guruhlar Tojikiston bilan chegara yaqinida to’planmoqda.
KXShTning bu bayonotiga Tolibon va Tojikiston tomoni ham befarq qolmadi. Toliblar Afg’onistondan mintaqa davlatlariga tahdid yo’qligini ta’kidlagan bo’lsa, Dushanbe har qanday tahdidga tayyorligi, vaziyat taranglashgan taqdirda bunga KXShT kuchlari ham jalb qilinishini bildirdi.
Tojikiston chegarasi yaqinida bir necha ming jangari to’planganiga doir ma’lumot qanchalik haqiqatga yaqinligi mavhum, ayniqsa O’zbekiston islom harakati toliblar bilan jangda yo’q qilingani haqidagi xabarlar inobatga olinsa.
Tolibon hokimiyatni egallashi ortidan Markaziy Osiyo davlatlariga Afg’oniston tahdid tug’diruvchi mamlakat bo’lmasligini va’da qilgan edi. Buni Prezident Shavkat Mirziyoyev ham bir necha bor ta’kidlab o’tgan.
Tolibon yakkahokimlikni davom ettirar ekan, Afg’onistonda vaziyat izdan chiqishi, mamlakat yana beqarorlik markaziga aylanishiga doir xavotirlar kuchaymoqda.
Xalqaro hamjamiyat Afg’oniston barqarorligini mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlar, millatlar jalb qilingan inklyuziv hukumat shakllanishidan ko’radi. Tolibonning muvaqqat hukumati asosan pushtunlar, toliblardan iborat.
Afg’oniston aholisining yarmidan ko’pini tashkil etuvchi boshqa millatlar, jumladan, o’zbeklar hukumatdan chetda. Milliy, madaniy qadriyatlarga tazyiqlar kuchayib, mamlakatni pushtunlashtirishga urinish fuqarolik urushini boshlashiga doir farazlar mavjud.
Afg’oniston shimolida Tolibon hukumatini tan olmagan muxolif kuchlar qurolli qarshilikka hozirlanishayotgani xabar qilinadi. Milliy qarshilik fronti nomi ostida birlashgan bu muxolif kuchlar Myunxenda o’tayotgan global xavfsizlik bo’yicha konferensiya ishtirokchilariga ochiq murojaat bilan chiqishdi.
Murojaatda Afg’onistonda demokratik qadriyatlar qaror topishi muxolif kuchlarni qo’llab-quvvatlashni taqozo etishi ta’kidlanar ekan, Tolibon hukumati mamlakatni zulmatga yetaklayotgani aytiladi.
Yaqinda Afg’nistondagi o’zbeklar yetakchisi sifatida tanilgan marshal Abdul Rashid Do’stum O’zbekiston va Tojikiston hukumatlarini Tolibon hokimiyatni egallashi davrida Afg’onistondan olib chiqilgan harbiy samolyotlarni muxolifatga, Milliy qarshilik frontiga topshirishga chaqirdi.
Do’stumga ko’ra, o’z muxoliflarini shafqatsiz qatl etayotgan Tolibon hukumati uzoqqa bormaydi, muxolifat toliblarga qarshi kurash uchun birlashishi kerak.
Facebook Forum